Yuridik shaxsning huquq layoqati va muomala layoqati
Yuridik shaxs oʻz faoliyatida oʻz ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan
maqsadlarga muvofiq fuqarolik huquq layoqatiga ega boʻladi. Tashkilotlar
bilan fuqarolar oʻrtasidagi huquq layoqatining hajmida farq boʻlishi
mutlaqo tabiiydir. Tashkilotlar fuqarolarga nisbatan belgilangan
birmuncha huquq va majburiyatlarga ega boʻla olmaydilar. Bundan
tashqari, vujudga kelish vaqtida ham fuqarolarning huquq va muomala
layoqatidan yuridik shaxslarniki farqlanadi. Yuridik shaxslarning huquq va
muomala layoqati bir vaqtda roʻyxatdan oʻtishi bilan vujudga keladi.
Yuridik shaxsning maxsus huquq layoqati uning ustavi, nizomi yoki
qonun hujjatlari bilan belgilanadi (FK, 41-modda). Aynan ushbu holat
yuridik shaxslarning huquq va muomala layoqati doirasini kengaytirib,
istalgan qonuniy harakatni amalga oshirish imkoniyatini beradi.
7
8
Yuridik shaxs hisoblangan tashkilot yoki korxona qatnashadigan
munosabatlarning doirasi uning tashkil qilinish maqsadlari bilan hamda
amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarning harakteri bilan belgilanadi.
Yuridik shaxslarning huquq va muomala layoqati ikki turga: umumiy
(universal) va maxsus huquq layoqatiga boʻlinadi. Qonunda taqiqlanmagan
istalgan faoliyatni amalga oshirish yuridik shaxsga umumiy (universal)
huquq layoqatini beradi. Bu layoqat bilan yuridik shaxs oʻz faoliyat
doirasining barchasini ta’sis hujjatlarida sanab oʻtishi shart boʻlmaydi.
Aksincha, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan istalgan faoliyat bilan
shugʻullanish mumkinligi haqidagi ta’sis hujjatidagi havolaning oʻzi
faoliyat doirasining keng ekanligidan dalolat beradi. Maxsus huquq
layoqatida esa yuridik shaxs oʻz faoliyatini ta’sis hujjatida nazarda tutilgan
maqsadga muvofiq shugʻullanishi nazarda tutiladi. Shunday qilib, yuridik
shaxsning huquq layoqati, unga maxsus yuklangan vazifalar bilan
belgilanadi (maxsus huquq layoqati). Yuridik shaxs qonun hujjatlarida
belgilab qoʻyilgan ayrim faoliyat turlari bilan faqat maxsus ruxsatnoma
(litsenziya) asosidagina shugʻullanishi mumkin. Masalan, neft, neft
mahsulotlari va gaz qazib chiqarish, ularni qayta ishlash va sotish faoliyati.
Fuqarolik huquqida fuqarolardan farqli oʻlaroq, yuridik shaxslarning
huquq layoqatida tenglik mavjud emas, ularning har qaysi turi uchun har
xil. U muayyan yuridik shaxsning paydo boʻlishida, uning ish
maqsadlariga qarab, qonun, ustav yoki nizomlarida belgilanadi.
Yuridik shaxslarning muomala layoqati huquq layoqati bilan bir
vaqtda vujudga keladi. Shu bilan birga, yuridik shaxslarni muomalaga
layoqatsiz deb topish mumkin emas. Yuridik shaxsning muomala layoqati
oʻz nomidan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda harakat qilishi, ya’ni
bitimlar tuzish, majburiyatlarga ega boʻlish va uni bajarish, da’vogar
hamda javobgar boʻlish layoqatidir.
Yuridik shaxs oʻz ta’sis hujjatlari (ustavi, nizomi yoki ta’sis
shartnomasi) asosida harakat qiladi. Yuridik shaxsning huquq layoqati,
uning ta’sis hujjati tasdiqlangan paytdan boshlab yoxud tegishli vakolatli
idora ushbu yuridik shaxsni tashkil etish haqida qaror chiqargandan keyin
vujudga keladi. Yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan boshlab
tashkil etilgan hisoblanadi (FK, 44-modda, 4-qism).
Yuridik shaxsning huquq va muomala layoqati uning qonun, ustav
yoki nizom boʻyicha belgilangan vakolatlar doirasida harakat qiluvchi oʻz
organlari orqali amalga oshiriladi hamda fuqarolik huquq va burchlariga
ega boʻladi. Yuridik shaxslarning organlari korporativ boshqaruvning
taqsimlanishiga qarab, bir, ikki yoki uch boʻgʻinli boʻlishi mumkin.
Masalan, xususiy korxonalarda bir boʻgʻinli, shirkat xoʻjaligida ta’sis
hujjatiga qarab bir yoki ikki boʻgʻinli, jamoat fondlari, oilaviy
7
9
korxonalarda ikki boʻgʻinli, MChJ, QMJda ikki yoki uch boʻgʻinli, AJda
uch boʻgʻinli boshqaruv mavjud.
Yuridik shaxsning tashkiliy jihatdan tuzilishi (strukturasi)ni
koʻrsatadigan ustavi yoki ta’sis shartnomasi boʻlishi kerak. Ba’zi davlat
muassasalari va davlat budjetida boʻlgan boshqa davlat tashkilotlari,
shuningdek, qonunda nazarda tutilgan hollarda, boshqa tashkilotlar ham
alohida Nizomga ega boʻlmay, mazkur turdagi tashkilotlar haqidagi
umumiy (namunaviy) ustav (nizom) asosida ish olib borishlari mumkin.
Ta’sis shartnomasi va ustav bir-biridan farqlanadi. Ta’sis
shartnomasi ikki yoki undan ortiq ta’sischilar tomonidan tuzilsa, ustav
mulkdor yoki ishtirokchilar umumiy yigʻilishida tasdiqlanib, davlat
roʻyxatidan oʻtkaziladi. Amaldagi qonun hujjatlarida ustav va ta’sis
shartnomasi ta’sis hujjati sifatida turli yuridik shaxslarda turlicha ekanligi
ayon boʻladi. Masalan, xoʻjalik shirkatlarida faqat ta’sis shartnomasi,
mas’ulyati cheklangan jamiyat, qoʻshimcha mas’ulyatli jamiyat, nodavlat
notijorat tashkilotlarida ustav va ta’sis shartnomasi, xususiy korxona,
aksiyadorlik jamiyati va davlat korxonalarida ustav ta’sis hujjati
hisoblanadi.
Ta’sis shartnomalarida yuridik shaxs turidan kelib chiqib, umumiy
holda ta’sis etilayotgan yuridik shaxsning turi, firma nomi va pochta
manzili, uning faoliyat sohasi, maqsadlari va muddatlari, vakolatxonalari
va filiallari, ularni tuzish tartibi, muassislarning (ishtirokchilarning)
tarkibi, har bir ishtirokchi ulushining miqdori va nominal qiymati,
hissalarining tarkibi, ularni kiritish muddatlari va tartibi, ustav fondining
miqdori va uni hosil qilish tartibi, uni koʻpaytirish va kamaytirish tartibi,
faoliyatni boshqarish tartibi, foydani taqsimlash va zararni qoplash tartibi,
qayta tashkil etish va tugatish tartibi, qonun hujjatlariga zid boʻlmagan
boshqa shartlar oʻz ifodasini topadi.
Yuqoridagilardan tashqari, har bir yuridik shaxsning ta’sis
hujjatlarida ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan kelib chiqib, oʻziga xos
ma’lumotlar ham boʻladi. Bunday ma’lumotlar maxsus qonun hujjatlarida
belgilangan boʻladi. Masalan, aksiyadorlik jamiyatlarida emissiya
qilinayotgan aksiyalar va ular bilan bogʻliq ma’lumotlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |