V BOB. DALILLAR VA ISBOT QILISH
(Muallif – yuridik fanlar doktori, prof. G.Z.To‘laganova)
Annotatsiya: Talabalar uchun mazkur mavzu o‘rganilishi jinoyat protsessida dalil, dalil manbalari va isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar tushunchasi, haqiqat turlari, isbot qilish va isbot qilish jarayonining tarkibiy qismlari, isbot qilish predmeti va isbot qilish doirasini o‘rganib tahlil qilish imkon beradi.
5.1 Dalillar va isbot qilish tushunchasi
Jinoyat-protsessual kodeksining 81-moddasiga binoan, ijtimoiy xavfli qilmishning yuz bergan va bermaganligini shu qilmishni sodir etgan shaxsning aybdor, aybsiz ekanligini va ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatli bo‘lgan boshqa holatlarni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonunda belgilangan tartibda aniqlashlariga asos bo‘ladigan har qanday haqiqiy ma’lumotlar jinoyat ishi bo‘yicha dalil hisoblanadi.
Jinoyat protsessida dalillar tushunchasi markaziy ahamiyat kasb etadi. Dalillar – bu faktlar to‘g‘risidagi ma’lumotlardir, isbotlash predmetiga kiruvchi faktlar esa dalil hisoblanmaydi. Inson ongida predmetlar, narsalar emas, balki ularning manzaralari, tushunchalari va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘ladi. Haqiqiy ma’lumotlar – bu qonuniy manbalardan olingan faktlar to‘g‘risidagi ma’lumotlardir. Jinoyat protsessual qonunchilikda esa faktlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar haqiqiy ma’lumotlar deb yuritiladi. Haqiqiy ma’lumotlar va ularning manbalari o‘zaro bog‘liqlikda bo‘lib, ularning birlashuvi dalilning vujudga kelishiga asos bo‘ladi. Tergov va sud harakatlarining bayonnomalari ham dalil kuchiga ega. Ular sifatli, mazmunli va savodli yozilishi shart. Bayonnomani yuritish mas’uliyati surishtiruvchi, tergovchiga, sud muhokamasi bayonnomasi esa sud majlisi kotibiga yuklatilgan. Dalillar faqat qonunda belgilangan manbalardan olinishi lozim. Bu manbalar Jinoyat-protsessual kodeksining 81-moddasida belgilangan. Agar ma’lumotlar boshqa manbalardan olingan bo‘lsa, bu ma’lumotlar ish bo‘yicha dalil bo‘la olmaydi.
Jinoyat-protsessual qonuniga 2016-yil 26-aprelda kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga binoan endilikda qonunda belgilangan talablarga rioya etilgan holda o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlarining natijalari JPK normalariga muvofiq tekshirilganidan va baholanganidan so‘ng jinoyat ishi bo‘yicha dalillar deb e’tirof etiladi (JPK 81-moddasining 2-qismi ).
Isbot qilish jinoyat protsessida juda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, agar mazkur faoliyat natijasiz yakunlansa, jinoyat kim tomonidan va qanday holatlarda sodir etilganligi aniqlanmasa, jinoyat protsessining maqsadlariga erishilmagan, deb hisoblanadi. Isbot qilish jarayonida xatolikka yo‘l qo‘yilsa, bundan ham og‘irroq oqibatlar kelib chiqishi, natijada aybi bo‘lmagan shaxs jazoga tortilishi mumkin. Shunday qilib, isbot qilish qanchalik to‘la va mahorat bilan amalga oshirilsa, ish bo‘yicha chiqariladigan hukm va boshqa qarorlarning qonuniyligi va asoslantirilganligi shunchalik ta’minlangan bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |