4.4. Himoyachi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar yoki fuqaroviy javobgar vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Himoyachi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar yoki fuqaroviy javobgar vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar Jinoyat-protsessual kodeksining 79-moddasida belgilangan.
Advokat ishda ishtirok etish haqida bitim tuzilgan yoki tayinlangan vaqtdan boshlab, o‘z vazifalarini bajarishni rad etishga haqli emas, ushbu qoidadan istisno tariqasida faqatgina Jinoyat-protsessual kodeksining 79-moddasida belgilangan hollar ko‘zda tutilgan. Unda himoyachi, shuningdek jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning yoki fuqaroviy javobgarning vakili jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli bo‘lmagan to‘rtta holat belgilab berilgan.
1. Himoyachi va vakil ilgari shu ish bo‘yicha sudya, xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, sud majlisining kotibi, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon yoki xolis sifatida ishtirok etgan bo‘lsa, jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas. Bu ushbu shaxslarning xolisligi va beg‘arazligini shubha ostiga qo‘yadi hamda odil sudlov manfaatlariga zid keladi, shu bois ham qonun chiqaruvchi shu kabi taqiqni belgilab bergan.
2. Himoyachi va vakil ushbu ishning tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirilishida, tergovida yoki sudda ko‘rilishida ishtirok etgan yoxud ishtirok etayotgan sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi yoki sud majlisining kotibi bilan qarindoshlik munosabatida bo‘lsa, yoxud yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida u bilan bitim tuzgan protsess ishtirokchisining manfaatlariga manfaati qarama-qarshi bo‘lgan shaxs bilan qarindoshlik munosabatida bo‘lsa, u jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas. Bunda himoyachi va vakilning ushbu ishning tergovida yoki sudda ko‘rilishida ishtirok etgan yoxud etayotgan sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi yoki sud majlisining kotibi bilan qarindoshlik munosabatida bo‘lishi uning o‘z himoyasi ostidagi shaxsning manfaati bilan qarindoshlarining manfaati o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan hollarda to‘g‘ri qaror qabul qilish layoqatini shubha ostiga qo‘yadi. Yoki himoyachi va vakil yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida u bilan bitim tuzgan protsess ishtirokchisining manfaatlariga manfaati qarama-qarshi bo‘lgan shaxs bilan qarindoshlik munosabatida bo‘lsa ham yuqoridagi kabi vaziyat yuzaga keladi hamda ushbu shaxslarda kimning manfaatini ko‘zlab harakat qilish borasida tanlash imkoniyati vujudga keladiki, bu o‘z navbatida himoya ostidagi shaxs yoki vakilga ishonch bildirgan shaxs manfaatlariga zid keladi. Shu bois ham qonunchilikda shunday taqiq belgilab qo‘yilgan.
3. Himoyachi va vakil sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi lavozimida yoki tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi bo‘lsa ham jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas. Bunda shuni e’tiborga olish kerakki, himoyachi bir vaqtning o‘zida sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi lavozimida yoki tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi sifatida faoliyat yurita olmaydi. Ushbu taqiq ko‘proq vakilga taalluqli bo‘lib, basharti u sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi lavozimida ishlasa yoki tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi bo‘lsa, u jinoyat ishini yuritishda vakil sifatida ishtirok eta olmaydi. Biroq, ushbu normadan mazkur cheklovdan istisno belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, u muomalaga layoqatsiz shaxslarning vakili bo‘lsa yoki o‘zi ishlaydigan va fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan yoki fuqaroviy javobgar tariqasida ishga jalb qilingan muassasaning vakili sifatida qatnashsa, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha vakil sifatida o‘z faoliyatini davom ettirish huquqini saqlab qoladi.
4. Himoyachi va vakil o‘z himoyasidagi yoki o‘zi vakillik qilayotgan shaxsning manfaatlariga manfaati qarama-qarshi bo‘lgan shaxsga yuridik yordam ko‘rsatayotgan yoki muqaddam shunday yordam ko‘rsatgan bo‘lsa ham jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas. Ushbu holat himoyachi va vakil tomonidan o‘z zimmasiga yuklangan protsessual vazifalarni lozim darajada va to‘g‘ri amalga oshirishi mumkinligini shubha ostiga qo‘yadi. Chunki, mazkur hollarda ikki qarama-qarshi tomon manfaati bo‘yicha bir vaqtda himoya qilish yoki vakillik qilishning imkoniyati yo‘qligi bois, qonun chiqaruvchi ham tegishli taqiqni ko‘zda tutgan.
Ushbu hollarda himoyachi va vakil ruhiy-psixologik jihatdan erkin bo‘lmaydi, jinoyat ishi bo‘yicha o‘z yondashuvini to‘liq himoya qilishga qodir bo‘lmaydi v.h. Shu bois, ko‘rsatilgan hollarda qonun talablariga zid ravishda himoyachi yoki vakil ishtirok etsa, himoyachi tomonidan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga yuridik yordam ko‘rsatilsa, kelgusida bu gumon qilinuvchi, ayblanuvchining himoyaga bo‘lgan huquqining buzilishi, bu esa, o‘z navbatida jinoyat-protsessual qonunining jiddiy ravishda buzilishi sifatida tan olinib, hukmning bekor qilinishi uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |