Jinoyat protsessida isbotlash doirasi deganda, ish bo‘yicha chiqarilgan xulosalarning asosliligini tasdiqlash uchun dalillar, ularning manbalari hajmi, shuningdek tergov versiyalari, isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarni tekshirish chegarasi, doirasini belgilab beruvchi faoliyat tushuniladi.
Jinoyat protsessida ish bo‘yicha isbotlash doirasi shunday aniqlanadiki, ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga molik bo‘lgan, isbotlash predmetiga kiruvchi barcha holatlar yetarli, to‘liq darajada tekshirilib, to‘plangan materiallar bilan ularning xususiyatlari to‘liq aniqlanishiga olib keladi.
Isbotlash doirasini to‘g‘ri belgilab olish isbotlashning subyektlariga bog‘liq bo‘lib, ularning faolligi darajasiga, aniqlangan dalillarning sifati va miqdoriga bog‘liqdir. Agarda isbotlash chegarasidagi barcha ishga taalluqli bo‘lgan dalillar aniqlangan bo‘lsa, isbotlash chegarasi ish bo‘yicha kerakli bo‘lgan xulosani shakllanishiga asos bo‘ladi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, isbotlash chegarasi – ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarning isbotlanish darajasidir.
Isbotlash doirasi protsessual faoliyat chegarasini belgilaydi va u:
barcha tekshiriladigan tergov versiyalarini to‘liqlik darajasida ko‘rsatadi;
aniqlanishi lozim bo‘lgan faktlarning tadqiq etish chuqurligini ko‘rsatadi;
dalillar va ular manbalarining hajmini belgilaydi, chunki ularning voqelikdagi bor yoki yo‘qligini tan olish uchun xizmat qiladi;
ish bo‘yicha xulosalarni chiqarish yetarliligini belgilaydi.
Isbotlash chegarasi jinoyat protsessining barcha bosqichlari uchun yagonadir. Isbotlash doirasiga dalillar, holatlarning asosiy quyidagi guruhi kiradi:
a) jinoyatning sodir bo‘lishini bildiruvchi holatlar (vaqt, joy va boshqalar) va jinoyat tarkibi bor yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi holatlar;
b) shaxsning aybini tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi holatlar;
d) jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini aniqlovchi holatlar;
e) jinoyat tufayli yetkazilgan ziyonning xususiyatini va miqdorini aniqlovchi holatlar;
f) jinoyatni sodir qilishga yordam bergan shart-sharoitlarni aniqlovchi holatlar.
Jinoyat protsessida isbot qilish predmeti ish bo‘yicha nimalar aniqlanilishini bildirsa, isbotlash doirasi esa ish bo‘yicha mavjud holatlarning tekshirish hajmi va chegarasini belgilaydi.
Jinoyat ishi bo‘yicha aniqlanishi lozim bo‘lgan faktlar va holatlar juda ko‘p bo‘lib, ularning barchasi o‘z xususiyatlari, belgilariga ega. Ushbu fakt va holatlarni to‘la, har tomonlama aniqlash isbotlash doirasini belgilash demakdir. Isbotlash doirasi isbotlash predmeti bilan uzviy bog‘liq, lekin mazmunan turlicha bo‘lgan tushunchalardir. Isbotlash predmeti maqsadni anglatsa, isbotlash doirasi ushbu maqsadga erishish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Isbotlash doirasi – isbotlash predmetining dalillari bo‘lib xizmat qiladigan faktlarni aniqlash va tadqiq etish chegarasi hisoblanadi. Agar isbotlash predmeti jinoyat ishini to‘g‘ri hal qilishga imkon beradigan, qidirilishi lozim bo‘lgan holatlar majmui bo‘lsa, isbotlash doirasi – bunday holatlarni aniqlash uchun zarur bo‘lgan dalillar yig‘indisidir.
Isbotlash doirasi jinoyat ishi bo‘yicha juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni to‘liq har tomonlama ishonchli tasdiqlanishini ta’minlaydi. Isbotlash doirasi faktlar va holatlar yig‘indisining shunday yetarliligini ta’minlaydiki, u qonun, huquqiy ong va amaliyot asosida tergovchi va sudyalarga isbotlash predmetining barcha elementlari amalda mavjudligiga ichki ishonch hosil qilish imkonini beradi.
Jinoyat protsessining turli bosqichlarida dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash uchun qonunda belgilangan cheklovlarni ham isbotlash doirasi deb tushunmaslik lozim. Ushbu holatda qonunda belgilangan cheklovlar isbotlash rejimining alohida xususiyatlarini anglatadi. Lekin cheklangan isbotlash rejimi sharoitida ham uning doiralari turlicha, ya’ni keng yoki birmuncha tor bo‘lishi mumkin.
Isbotlash doirasi isbotlash predmetidan farqli ravishda jinoyat protsessual qonunchilikda yetarli aks ettirilmagan.
Isbotlash doirasi isbotlash predmetiga bog‘liq bo‘lib, ana shu asosda jinoyat ishi bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar to‘planadi, tekshiriladi, baholanadi va tegishli protsessual harakatlar amalga oshiriladi. Isbotlash doirasi isbotlash predmetiga kiruvchi faktlar, holatlar, shuningdek jinoyat ishidagi turli versiyalarning ham tekshirilishini ta’minlaydi.
Isbotlash doirasida isbotlash predmetiga kiruvchi barcha bog‘liqliklar, detallar emas, balki eng zarur bo‘lgan holatlar e’tiborga olinadi. Masalan, bezorilik jinoyati bo‘yicha ish holatlarni aniqlashda ayblanuvchi tomonidan axloq qoidalariga xilof aytilgan barcha so‘zlar emas, balki aynan jamoat tartibiga hurmatsizlik holati inobatga olinadi.
Tergov amaliyotda isbotlash doirasini asoslanmagan tarzda qisqartirish hollari uchrab turadi.
Amaliyotdan misol: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 104-moddasi, 2-qismi, «e» bandi bilan javobgarlikka tortilgan Salimovning jinoyat ishini ko‘rib chiqamiz. Shu ishni ko‘rayotgan tergovchi va sud tomonidan bitta versiya ilgari surilgan, ya’ni unga ko‘ra, Salimov bezorilik oqibatida jabrlanuvchi Anorovaning qorin qismiga tepib, unga og‘ir tan jarohati yetkazadi. Shu bilan birga, jinoyat ishi bo‘yicha tergovchi va sud tomonidan e’tiborga olinmagan boshqa versiyalar ham bo‘lgan. Bezorilik temir yo‘l stansiyasida sodir qilingan bo‘lib, unda 10 kishi qatnashgan, jabrlanuvchi rels yaqinida behush holatda topilgan. Ekspertning xulosasiga ko‘ra, u tan jarohatini o‘tmas predmet yoki rels ustiga yiqilishi oqibatida olgan, bu versiya vujudga kelishining sababi, jabrlanuvchi mast holatda edi. Ammo tergovchi va sud boshqa versiyalarni inobatga olmagan, natijada isbotlash doirasi asoslanmagan holda qisqartirilgan va dastlabki tergov to‘liq o‘tkazilmaganligi uchun sud hukmining bekor bo‘lishiga olib kelgan.
Yuqoridagi misoldan kelib chiqqan holda jinoyat protsessida isbotlash doirasi deganda, ish bo‘yicha chiqarilgan xulosalarning asosliligini tasdiqlash uchun dalillar, ularning manbalari hajmi, shuningdek tergov versiyalari, isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarni tekshirish chegarasi, doirasini belgilab beruvchi faoliyatini tushunamiz.
Isbotlash doirasini to‘g‘ri belgilab olish isbotlashning subyektlariga, ularning faollik darajasiga, aniqlangan dalillarning sifati va hajmiga bog‘liqdir. Agarda isbotlash doirasidagi ishga taalluqli barcha dalillar aniqlansa, u ish bo‘yicha zarur xulosani shakllantirish uchun asos bo‘ladi. Boshqa so‘zlar bilan aytganda, isbotlash doirasi jinoyat protsessining barcha bosqichlari uchun yagona bo‘lib, u ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarning isbotlanish darajasidir.
Isbotlash doirasi protsessual faoliyatning chegaralarini belgilaydi va u barcha tekshiriladigan tergov versiyalarining to‘liqlik darajasini, aniqlanishi lozim bo‘lgan faktlarning qanchalik chuqur tadqiq etilishi lozimligini ko‘rsatadi, dalillar va ularning manbalari hajmini va ish bo‘yicha chiqarilgan xulosalarning yetarliligini belgilaydi.
Ta’kidlash joizki, isbotlash doirasi tergovchi va sud bilish faoliyatining o‘ta muhim jihatlaridan bo‘lib, ushbu faoliyatga aniq maqsadga yo‘naltirish ruhini beradi hamda yuqorida tilga olingan shaxslarni ortiqcha mehnatdan xalos etadi.
Xulosa qilib aytganda, jinoyat protsessida isbot qilish predmeti ish bo‘yicha aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlarni bildirsa, isbotlash doirasi esa ish bo‘yicha mavjud holatlarning tekshirish hajmini va chegarasini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |