Isbotlashning asosiy maqsadi – jinoyat jarayonini olib borish davomida adolat mezoni bo‘lmish haqiqatni aniqlashdan iborat.
Xulosa qilib aytganda, protsessual isbot qilish jarayonida har bir jinoyat ishi bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarni to‘la, har tomonlama, xolisona aniqlashlari lozim. Isbotlash jarayonining eng zaruriy shartlaridan biri bo‘lgan isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarni aniqlashda qonuniy, ishonchli manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
5.3. Isbot qilish doirasi
Isbotlash doirasi isbotlash predmeti bilan uzviy bog‘liqdir. Birinchisi, maqsadni anglatadi, ikkinchisi esa unga erishish vositasi hisoblanadi. Isbotlash doirasi tushunchasi, bir tomondan bilish hodisasining kerakli va to‘liqlik talabini ta’minlanishini, ikkinchidan, bilish natijalarining talabini aks ettirilishini o‘z ichiga oladi. Isbotlash doirasi jinoyat ishi bo‘yicha juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni to‘liq har tomonlama ishonchli tasdiqlanishini ta’minlaydi.
Isbotlash doirasi – bu jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan dalillarning kerakli yetarli birligi bo‘lib, jinoyat ishini adolatli hal qilish uchun yordam beradi.
Isbotlash doirasi to‘plangan dalillar isbotlash predmetining har bir elementi aniqlanishini taminlash uchun biron-bir muayyan ishning chegaralarini belgilab beradi. Isbotlash predmeti javobgarlik va jazo masalalarini hal qilishi uchun faktik asos bo‘lgan hamda jinoyat ishi bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarni o‘z ichiga olsa, isbotlash doirasi esa isbotlash predmetini aniqlash uchun faktik asos bo‘lgan daliliy materiallarni o‘z ichiga oladi.
Aniq jinoyat ishi bo‘yicha isbotlash doirasi isbotlash predmetining chegarasi hisoblanadi. Isbotlash doirasi isbotlash predmetiga mansub bo‘lib, ana shu asosda jinoyat ishi bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar to‘planadi, tekshiriladi, baholanadi va tegishli protsessual harakatlar amalga oshiriladi. Isbotlash doirasi – isbotlash predmetiga kiruvchi fakt (holat)larni aniqlash va tekshirishning chegarasidir. Isbotlash doirasi isbotlash predmetiga kiruvchi faktlar, holatlarni tekshirilishini ta’minlaydi.
Isbotlash doirasi predmetiga kiruvchi holatlarni to‘plash, ya’ni ushbu elementlarni amalga oshirishda barcha bog‘liqliklar, detallar emas, balki ularning eng zarurlari hisobga olinadi. Masalan, bezorilik jinoyatida holatlarni aniqlashda ayblanuvchi tomonidan xulq-odob qoidalariga xilof aytilgan barcha so‘zlarni olish shart emas, balki aynan jamoat tartibiga hurmatsizlik qilish harakati inobatga olinishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |