Jinoyat ishi bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar qonunda aniq belgilangan. Jinoyat ishi bo‘yicha muhim deb hisoblangan har bir holat to‘la, har tomonlama, xolisona tekshirilishi lozim. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad haqiqatni aniqlashdir. Isbotlash jarayoni dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashdan iborat. Muayyan holat yuzasidan dalillarni guruhlarga tasniflang va o‘zaro qiyoslang. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari” to‘g‘risidagi 2004-yil 24-sentabrdagi 12-sonli qaroriga asosan nomaqbul dalillar deb nimaga aytiladi?
Jinoyat protsessida dalil va isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar eng muhim masalalardan hisoblanib, jinoyatni ochish, ayblanuvchini fosh etish, jazoni muqarrarligini taminlashda muhim ahamiyatga ega. Isbotlash doirasi bilan isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Isbot qilish doirasi va predmetining o‘zaro nisbatini tahlil qiling.
1-kazus Toshkent shahar prokuraturasi iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi xodimlari va O‘zbekiston Respublikasi IIV jinoyat qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi tezkor qidiruv xodimlari bilan hamkorlikda arizachi fuqaro Saidovning arizasiga asosan Uchtepa tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 245-sonli maktab direktorining fuqaro Saidovdan pora talab qilganligi holati yuzasidan tezkor-tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbir jarayonida zaruriyat tug‘ilganligi sababli, Uchtepa tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 245-sonli maktab direktorining uyali aloqa telefonidagi so‘zlashuvlari eshitilgan va telefon so‘zlashuvlaridan nusxa olingan. O‘tkazilgan tezkor tadbiri jarayonida Uchtepa tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 245-sonli maktab direktori fuqaro Saidovdan 100 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini olgan vaqtida qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 245-sonli maktab direktoriga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tezkor tadbirni o‘tkazgan xodimlar tomonidan tergovga Uchtepa tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 245-sonli maktab direktorining telefonda so‘zlashgan yozuvlari taqdim etilgan va jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari jarayonida ushbu telefon so‘zlashuvidagi ma’lumotlardan ayblanuvchining aybini isbotlovchi dalil sifatida foydalanilgan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha qanday huquqiy oqibatlar kelib chiqadi, ularni tahlil qiling. Prokuror sanksiyasi talab etiladigan tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlarini o‘tkazilishi protsessual talablarini bayon qiling.
2-kazus 2014-yilning 22-aprel kuni 02:15 larda fuqaro Sarvarov o‘ziga tegishli bo‘lgan “Matiz” rusumli davlat raqami 01A 586 AA bo‘lgan avtomashinasida Toshkent shahar Mirobod tumanida joylashgan Mustaqillik va Shaxrisabz ko‘chalari kesishgan chorrahadan svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanib, chorrahani kesib o‘tayotgan vaqtida, uning o‘ng tomonidan svetoforning yashil chirog‘ida chorrahani kesib o‘tayotgan fuqaro Ayubov boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli davlat raqami 01 I 252 VA bo‘lgan avtomashina bilan to‘qnashuv sodir qilgan va to‘qnashuv natijasida har ikkala avtomashina haydovchilari o‘rtacha og‘irlikda tan jarohatlari olib, gospitalizatsiya qilinganlar. Ushbu hodisa tungi vaqtda sodir bo‘lganligi sababli, hodisa shohidlari bo‘lmagan. Tergov jarayonida har ikkala haydovchi ham o‘zini chorrahaga yashil chiroqda kirib kelganligini ma’lum qilishgan. Lekin dastlabki berilgan tushuntirish xatiga va tayinlangan sudga oid avtotexnika ekspertizasiga asosan tergovchi Sarvarovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan ayb e’lon qilib, jinoyat ishini ayblov xulosasi bilan sudga yuborgan. Ushbu jinoyat ishi sud majlisida mazmunan ko‘rib chiqilayotgan vaqtda sudlanuvchi Sarvarovning himoyachisi iltimosnoma bilan bir SD diskni taqdim qilgan. Ushbu SD diskda chorraha burchagida joylashgan “Asaka Bank” amaliyot boshqarmasi binosida o‘rnatilgan video kuzatuv kamerasidan yozib olingan videolavhalar mavjudligi va sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisasi suratga olinganligi aniqlangan. Ushbu videolavhaga ko‘ra, chorrahaga qizil chiroqqa Sarvarov emas, balki Ayubov kirib kelganligi aniqlangan.
Tergovchi yuqoridagi holat bo‘yicha dalillarni to‘plashda qanday tergov harakatlarini amalga oshirish mumkin? Sud tomonidan dastlabki tergovda olingan dalillarni sud tomonidan baholash mezonlarini tahlil qiling. MUSTAQIL ISH UCHUN TOPSHIRIQLAR
1. MDH davlatlarida va boshqa xorijiy davlatlarda isbotlash huquqini ko‘rib chiqing. Ish shakli – nazorat ishi (esse).
2. Xorijiy davlatlarda dalil turlari va manbalarini ochib bering. Ish shakli – nazorat ishi (esse).
3. Turli davlatlarda dalillarga qo‘yilgan talablarni tahlil qiling. Ish shakli – nazorat ishi (esse).