Ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar – jinoyat protsessi ishtirokchilarining xolisligi, beg‘arazligiga va ish bo‘yicha qonuniy hamda adolatli qaror qabul qilish yoxud protsessual harakatlarni amalga oshirishiga nisbatan shubha tug‘diradigan Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan obyektiv va subyektiv holatlar.
Demak, dastlab jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslarning barchasiga taalluqli bo‘lgan ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan uch umumiy holatni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
1) sudya, shuningdek xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining va sud majlisining kotibi shu ish bo‘yicha jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, guvoh, himoyachi sifatida, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etayotgan yoki ilgari ishtirok etgan bo‘lsa, jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va u rad qilinishi lozim.
Ushbu taqiqning umumiy mohiyati shunga borib taqaladiki, jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar, ya’ni sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi va sud majlisi kotibi ular ayni vaqtda yoxud ilgari ushbu jinoyat ishi bo‘yicha boshqacha huquqiy maqomda ishtirok etayotgan yoki etgan bo‘lsalar ushbu shaxslarning xolisligiga jiddiy shubha tug‘iladi.
Jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslarning jinoyat ishi yurituvi natijalaridan manfaatdor emasligi ularning xolisligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi. Shu bois, ushbu shaxslarning ish bo‘yicha jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, guvoh, himoyachi sifatida, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etayotgan yoki ilgari ishtirok etgan bo‘lsa, uning xolisligiga shubha tug‘iladi va uning haqiqatni aniqlashga emas, balki ko‘rsatilgan shaxslar manfaatidan kelib chiqib harakat qilishi ehtimoli vujudga keladi.
Qonun chiqaruvchi yuqoridagi holatlarni hisobga olgan holda mazkur vaziyatda sudya, shuningdek xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, sud majlisining kotibi rad etilishi lozimligini belgilaydi.
2) sudya, shuningdek xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi va sud majlisining kotibi ushbu ishni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan biror mansabdor shaxsning yoki shu ish bo‘yicha jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, guvoh, himoyachi, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgar vakilining qarindoshi bo‘lsa ham jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va uni rad qilish lozim.
Bu ham yuqorida qayd etilganidek, sudya, xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining va sud majlisi kotibining jinoyat ishi bo‘yicha xolisona harakat qilishini shubha ostiga qo‘yadi, o‘z qarindoshining manfaatidan kelib chiqib harakat qilishi ehtimolini tug‘diradi. Ayni damda ushbu normalar axloqiy qadriyatlarga asoslangan bo‘lib, shaxs hamda uning qarindoshlari o‘rtasidagi munosabatlarni saqlab qolishga xizmat qiladi.
Zero, jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs o‘zining qarindoshiga nisbatan jinoyat ishini yuritish natijasida qonun doirasida uning huquqlarini cheklashi oqibatida kelgusida ushbu shaxslar o‘rtasidagi qarindoshlik rishtalari uzilishi yoki aksincha, o‘z yaqinini turli yo‘llar bilan himoyalash maqsadida noxolislikka yo‘l qo‘yishi mumkin. Qonun chiqaruvchi insonparvarlik hamda ma’naviy-axloqiy mezonlarga rioya etgan holda, jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul bo‘lgan shaxsni bunday majburiyatdan ozod etadi.
3) sudya, shuningdek xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, sud majlisi kotibining xolisligiga va beg‘arazligiga shubha tug‘diradigan boshqa holatlar mavjud bo‘lsa ham ular jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va uni rad qilish lozim. Sud-tergov amaliyotida bunday holatlar sifatida jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul shaxslarning jinoyat protsessi ishtirokchilari bilan yaqin do‘st ekanligi yoxud aksincha bir-biri bilan xusumat munosabatlarida ekanligi, birgalikda hordiq chiqarishi, dam olishi, ularning bir-biridan qarzdor ekanligi, xizmat yuzasidan qaramligi, hisobdorligi, nazorat ostida ekanligi yoki boshqa mazkur shaxslarning xolisligi va beg‘arazligini shubha ostiga qo‘yadigan holatlar tan olinadi. Ushbu holatda mazkur shaxslar ish yakunlaridan manfaatdor bo‘lgani bois, ular rad etilishi lozim.
Jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslarning ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan har qanday holat ham aniq va ishonchli tarzda aniqlangan bo‘lishi lozim, ushbu holatlar taxminlarga, mish-mishlarga yoki tuhmatga asoslangan bo‘lishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sud Plenumining 2004-yil 24-sentyabrdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 12-son qarori
3-bandining birinchi kichik bandiga ko‘ra, “ dalillar, agar tergov harakati Jinoyat-protsessual kodeksi 76-moddasida belgilangan asoslarga ko‘ra rad etilishi shart bo‘lgan shaxs tomonidan o‘tkazilgan bo‘lsa, nomaqbul deb topiladi”14.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sud Plenumining 2008-yil 15-maydagi “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi 12-son Qarori 7-bandining birinchi xatboshisiga ko‘ra, Jinoyat-protsessual kodeksi 76-,516-moddalariga muvofiq, chaqirtirilgan yoki protest bilan kelib tushgan jinoyat ishi ushbu ishning ko‘rilishida muqaddam ishtirok etmagan sudya tomonidan o‘rganib chiqilishi lozim. Qonun mazmuniga ko‘ra bunday qoida iltimosnomani ko‘rib chiqishga nisbatan ham qo‘llanilishi kerak. Iltimosnoma yoki jinoyat ishi mazkur ishning ko‘rilishida muqaddam ishtirok etgan sudyaga tayinlangan hollarda, u Jinoyat-protsessual kodeksi 80-moddasiga muvofiq o‘zini o‘zi rad etishi shart.
Jinoyat ishi bo‘yicha qonuniy, adolatli va asoslangan qaror qabul qilishning eng muhim sharti bu jinoyat ishining qonuniy tarkibdagi sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishidir. Bu esa, jinoyat ishida sudya va xalq maslahatchilari ishtirok etishiga monelik qiladigan, ularning aniq jinoyat ishini ko‘rib chiqish va hal qilishida xolislik va beg‘arazligini shubha ostiga qo‘yadigan holatlar bo‘lmasligini ham talab qiladi.
Endi esa, faqatgina sudyaning ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan 6 ta xususiy holatlarga to‘xtalib o‘tamiz. Xususan, ularga ko‘ra, sudya ilgari shu ishni yuritishda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud majlisining kotibi sifatida ishtirok etgan bo‘lsa; birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida yoxud nazorat tartibida ishni ko‘rishda ishtirok etgan sudya uning ishtirokida chiqarilgan hukm, ajrim (qaror) bekor qilinganidan keyin o‘sha ishni ko‘rishda ishtirok eta olmaydi.
Shuningdek, jinoyat ishini birinchi instansiya sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasida yoxud nazorat tartibida ko‘rishda; jinoyat ishini apellyatsiya (kassatsiya) instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini birinchi instansiya yoki kassatsiya (apellyatsiya) instansiyasi sudida yoxud nazorat tartibida ko‘rishda; jinoyat ishini nazorat tartibida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok eta olmaydi.
Bunday taqiqlovchi normalarning belgilanishidan maqsad sudyaning xolis va beg‘arazligini taminlash bo‘lib, aks holda sudya o‘zi ilgari chiqargan hukmni asoslashga va o‘zi tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolarni xaspo‘shlashga harakat qilishi mumkin. Boshqacha aytganda, sudya mazkur vaziyatda o‘zi ilgari qabul qilgan qaror bilan bog‘liq bo‘ladi hamda bu sudyada bir tomonlama yondashuvni shakllantiradi. Shu bois ham, haqiqatni aniqlash, protsessda xolislik va beg‘arazlikni taminlash maqsadida qonun chiqaruvchi tomonidan yuqoridagi singari cheklovchi norma o‘rnatilgan.
Shuningdek, ish qo‘shimcha tergov yuritish yoki sudda yangidan ko‘rish uchun yuborilganligi surishtiruvchining, tergovchining, shuningdek sud majlisi kotibining o‘z protsessual majburiyatini bajarishiga monelik qilmasligi belgilangan. Ish qo‘shimcha tergovga qaytarilganda, surishtiruvchi, tergovchi o‘z protsessual majburiyatini bajarishda davom etadi. Bu shu bilan izohlanadiki, Jinoyat-protsessual kodeksi
385-moddasiga muvofiq prokurorning qo‘shimcha tergov o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori bilan ish qo‘shimcha tergovga qaytarilganda, qo‘shimcha tergovda aynan ushbu ishni yuritgan surishtiruvchi, tergovchiga prokuror qarori (ko‘rsatmasi)da nazarda tutilgan holatlarni bartaraf etish topshiriladi va surishtiruvchi, tergovchi mazkur holatlarni bartaraf etishga kirishadi. Bunda aynan muqaddam ushbu jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv, dastlabki tergovni yuritgan surishtiruvchi, tergovchining jinoyat ishi yurituviga jalb qilinishi maqsadga muvofiq bo‘lib, bu prokuror tomonidan ko‘rsatilgan holatlarni o‘z vaqtida va sifatli bartaraf etilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Sud majlisi kotibiga kelsak, u asosan, sudda texnik ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalarni bajarishi hamda jinoyat ishi taqdirini hal qiluvchi muayyan protsessual vakolatlarga ega bo‘lmagani bois, uning yangitdan ko‘rilayotgan sud majlisida ishtirok etishini cheklovchi holat yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |