4.2. Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilining
ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Jamoat birlashmasi yoki jamoa vakilining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar Jinoyat-protsessual kodeksi 77-moddasida belgilangan.
U havolaki norma bo‘lib, unga ko‘ra, jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi va jamoat birlashmasi yoki jamoaning boshqa vakillari Jinoyat-protsessual kodeksining 76-moddasida nazarda tutilgan sudyaning, prokurorning, tergovchining, surishtiruvchining, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining va sud majlisi kotibining ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda ishda ishtirok etishga haqli emaslar va rad qilinishlari lozim.
Demak, jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi va jamoat birlashmasi yoki jamoaning boshqa vakillari shu ish bo‘yicha jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, guvoh, himoyachi sifatida, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etayotgan yoki ilgari ishtirok etgan bo‘lsa; u ushbu ishni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan biror mansabdor shaxsning yoki yuqorida ko‘rsatilgan shaxslarning qarindoshi bo‘lsa; uning xolisligiga va beg‘arazligiga shubha tug‘diradigan boshqa holatlar mavjud bo‘lsa ishda ishtirok etishga haqli emaslar va rad qilinishlari lozim.
4.3. Ekspert, mutaxassis, tarjimon va xolisning ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar
Ekspert, mutaxassis, tarjimon va xolisning ishda ishtirok etishiga monelik qiladigan holatlar Jinoyat-protsessual kodeksining 78-moddasida belgilangan.
Unga muvofiq, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis quyidagi hollarda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va rad qilinishi lozim:
1) shu ish bo‘yicha jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, guvoh, himoyachi sifatida, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etayotgan yoki ilgari ishtirok etgan bo‘lsa;
2) ushbu ishni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan biror mansabdor shaxsning yoki yuqorida ko‘rsatilgan o‘zga shaxslarning qarindoshi bo‘lsa;
3) uning xolisligiga va beg‘arazligiga shubha tug‘diradigan boshqa holatlar mavjud bo‘lsa;
4) ishda ishtirok etayotgan shaxslardan birortasiga xizmat yuzasidan yoki boshqa jihatdan tobe bo‘lsa. Xizmat yuzasidan tobelik deganda, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolisning jinoyat ishini yuritayotgan mas’ul mansabdor shaxsga xizmat yuzasidan qaramligi, u bilan bo‘ysunuv munosabatida ekanligi, mehnat shartnomasiga asosan, xizmat vazifasiga ushbu shaxsning xizmat yuzasidan beradigan topshiriqlarini bajarishi tushuniladi. Xizmat yuzasidan tobelik tabiiyki, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolisning mustaqilligiga hamda xolisligiga shubha tug‘diradi. Boshqa jihatdan tobelik deganda, qarzdorligi, fuqaroviy shartnoma asosida topshiriq bajarayotganligi yoki shu kabi mazkur shaxs bilan bo‘ysunuv aloqalarida bo‘lishini ta’minlovchi munosabatda bo‘lishi tushuniladi;
5) ekspert, mutaxassis, tarjimonning o‘z kasbiga noloyiqligi ayon bo‘lib qolsa, xolislar esa, ichki ishlar organi, milliy xavfsizlik xizmati, prokuratura, adliya yoki sud xodimi bo‘lsalar. O‘z kasbiga noloyiqligi deganda, ekspert, mutaxassis, tarjimonning tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya tomonidan qo‘yilayotgan savollarga fikr yoki xulosa berishga, taqdim etilayotgan matnni yoki tarjima qilinishi lozim bo‘lgan tilni to‘g‘ri va aniq tarjima qilishga qobiliyatsizligi tushuniladi. Bunga ekspert, mutaxassis, tarjimonning aynan ushbu soha (tor ixtisoslik) bo‘yicha malakasizligi yoki qo‘yilayotgan masala bo‘yicha fikr, xulosa berishga ojizligi kabi omillar sabab bo‘lishi mumkin;
6) materiallari ishning qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan taftish yoki o‘zga idoraviy tekshiruv o‘tkazgan shaxs ushbu ishda ekspert yoki mutaxassis sifatida ishtirok etishga haqli emas. Ma’lumki, Jinoyat-protsessual kodeksining 321-moddasiga muvofiq, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi o‘z vakolatlari doirasida jinoyat sodir etilganligi to‘g‘risida sabab va yetarli asoslar mavjud bo‘lgan barcha hollarda jinoyat ishini qo‘zg‘atishi shartdir. Bunda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar bergan xabarlar ham Jinoyat-protsessual kodeksining 322-moddasiga muvofiq, jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun sabab bo‘ladi. O‘z navbatida jinoyat belgilari mavjudligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun asos bo‘ladi. Bunda materiallari ishning qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan taftish yoki o‘zga idoraviy tekshiruv o‘tkazgan shaxs tabiiyki o‘z tekshiruvining to‘g‘riligiga amin bo‘ladi hamda ayrim hollarda yo‘l qo‘ygan xatosini ko‘ra olmaydi yoki yopishga harakat qiladi. Shu bois ham qonun chiqaruvchi ushbu shaxslarning mazkur ish bo‘yicha ekspert yoki mutaxassis sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Ishda mutaxassis sifatida ishtirok etgan shaxs kelgusida ushbu ish bo‘yicha ekspert qilib tayinlanishi ham mumkin hisoblanadi. Mutaxassis ish bo‘yicha fikr beradi va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya zarur hollarda, ish bo‘yicha qo‘yilgan topshiriqni yanada chuqurroq va to‘liqroq o‘rganish zaruriyati tug‘ilsa, mutaxassisni ekspert sifatida jalb etish va o‘z tadqiqotini yanada to‘ldirib, ekspertlik xulosasini berishni taklif qilishi mumkin hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |