Abduqayum Yo‘ldoshev qissalarida muhabbat manzaralari
O‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga ega iste’dodli adib Abduqayum Yo‘ldoshev qalamiga mansub “Shoirning muhabbati” va “Sumbulaning ilk shanbasi” asarlarini muhabbat haqida yozilgan asarlarning betakror namunasi deyishimiz mumkin. Bu asarlarni o‘qib Hodi To‘xtashning “Muhabbat o‘zi eski narsa, ammo har bir yurak uni yangilaydi” degan so‘zlari naqadar to‘g‘ri ekanligiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Chunki asarda muhabbat tasviri boshqa sevgi qissalaridan farqli ko‘rinishda yoritib berilgan. Adibning “Shoirning muhabbati” nomli qissasida talaba yoshlar hayotiga nigoh tashlanadi. Asar, mashinasiga yo‘lovchilar minayotgan kirakash – Damas haydovchisi va uning yo‘lovchilar bilan munosabatini aks ettirish bilan boshlangan bo‘lsa-da, qissa davomida yoshlar hayotiga oid voqealarga keng o‘rin berilgan. Syujet chizig‘ida sodda, mehnatkash, oqko‘ngil ijodkor yigit Nozim hamda bezori, pastkash, Abdunabining hayoti tasviri beriladi. Qisssada tabiat manzaralari obrazlar kayfiyatiga mos tarzda ifodalangan.
Asar voqealari Quyosh botib, qorong‘u tushayotgan palladan boshlanadi. Qissaning bosh qahramonlari Nozim va Oltinoylarning hayoti ham xuddi shu botayotgan quyosh kabi nurab boradi. Ushbu asarni faqat muhabbat to‘g‘risida deb o‘ylash biroz xato fikr. Voqealar ikki yoshning muhabbati atrofida ro‘y bersa-da , unda boshqa ijtimoiy muammolar ham o‘z aksini topgan. O‘zbek xalqiga xos bo‘lgan turmush tarzi, hayot manzaralari haqqoniy yoritib berilgan. Kitobxon asar qahramonlari bilan tanishar ekan Nozim siymosida qalbida sadoqat va muhabbatni jo qilgan, sevgan insoniga kelgan har qanday baloga ko‘kragini tutishga tayyor turgan o‘zbek yigitlariga xos mard inson qiyofasini ko‘radi. Vafo va sadoqat tushunchalari yot bo‘lgan, o‘z nafsini hamma narsadan ustun qo‘yadigan, dunyoda “erkak” nomiga munosib bo‘lmagan Abdunabi, Nozim va Oltinoylarning insoniy xislatlarini va sof sevgisini umuman anglab yetmaydi va oyoqosti qiladi. Oltinoy obrazi nafaqat tashqi, balki ichki go‘zallikka ega bo‘lgan, ota-onasi va oilasi sha’ni uchun har narsaga tayyor bo‘lgan odobli va itoatli farzand hamda chin muhabbat asiri, shu bilan birga sodda, aldangan qiz sifatida gavdalantirilgan. Bundan taqshqari asarda Nozimning otasi bo‘lmish diyonatli, mulohazali Keldiyor aka va uning xotini – farzandining baxti uchun har narsaga tayyor bo‘lgan o‘zbek ayoli obrazlari ham alohida o‘ringa ega. Jonkuyar adib qissani yozish davomida asar voqealari orasiga o‘rni-o‘rni bilan his qilgan tuyg‘ularini, boshdan o‘tgan voqealarni ham kiritib, bayon qilib boradi. Ammo bu asar qimmatiga sira ta’sir qilmaydi. Chunki, aynan, Nozim hayoti adibning hayoti bilan bog‘liqligini yozuvchining o‘zi ba’zi o‘rinlarda ta’kidlab o‘tgan. Yozuvchi Nozim ismli yigit bilan bir kursda o‘qiganligini hamda talabalar turar joyida bir xonada yashaganligini aytadi. Bundan kelib chiqadiki, asar sujet chizig‘idagi obrazlar ham, voqealar ham ma’lum bir davrda va ma’lum bir sharoitda bo‘lib o‘tadi. Yozuvchi va Nozim talabalar turar joyida bir xonada turishadi. Ular “Talabalik oltin davrim ” shiorini qog‘ozlarga katta harflar bilan yozib xonasi devoriga osib qo‘yishgandi, ammo ular talabalikning oltin damlarini hali anglab yetishmagan edi. Darslarga borar va darsdan keyin ikkita talaba ham ota-onasiga ozgina bo‘lsa ham ro‘zg‘orda qarashish uchun ishlar edilar. Qahramonimiz Nozim xonadoshining aksi o‘laroq og‘ir-bosiq yigit bo‘lib, qizlarga unchalik e’tibor bermas edi. Kunduz qanchalik charchagan bo‘lmasin, kechqurunlari stol chirog‘i yorug‘ida allamahalgacha ijod qilar, she’rlarini hech kimga ko‘rsatishni xoxlamas, yashirib qo‘yar edi. Ammo Nozim yo‘q paytlari xonadoshi uning hamma she’rlarini o‘qib chiqar va do‘stining kayfiyatini she’rlari mavzusidan bilib olardi. Shunday sokin kunlarning birida Nozim ota-onasini ko‘rishga qishlog‘iga borib keladi. U yotoqxonaga qaytganida allamahal bo‘lib qolgan edi. Xonadoshi uning ko‘zlaridagi, harakatlaridagi o‘zgarishlarni tezda fahmlaydi va unga turli xil gaplar bilan hazillasha boshlaydi. Bu suhbatdan Nozim qishlog‘ida betob bo‘lib qolganligi, Toshkentga qaytishga o‘zlarining shaharchasi markazidagi shifoxonaga kirib ukol olib o‘tganligi, o‘sha yerda ishlaydigan hamshirani yoqtirib qolganligi, uning ismi Oltinoy ekanligi ma’lum bo‘ladi. Asarni o‘qish davomida Oltinoy ham unga befarq emasligini, ammo Abdunabining nomardligi sabab, Abdunabi bilan turmush qurishga majbur bo‘lganigini bilib olamiz. Bu voqealardan keyin Nozim o‘qishidan voz kechadi, sevganidan ayrilishi sababli yurak xurujini orttiradi. Uni unutish uchun kunduzlari tinmay ishlaydi kechqurunlari esa chet tillari o‘rganib vaqtini o‘tkazadi, ammo u kundan-kun so‘lib, vujudida tiriklik alomatlari yo‘qolib borardi. O‘qishni tashlagach Nozim qishlog‘iga qaytmaydi shaharda qolib tijorat bilan shug‘ullanadi. Ota-onasi uylantirish ko‘p bora harakat qiladilar, biroq Nozim rozi bo‘lmaydi. Yozuvchi bir necha oydan keyin do‘stini bozorda uchratib qoladi va uning kvartirasiga boradi. Shu o‘rinda u Nozimning hali ham uylanmaganligini, topish-tutishi yaxshi ekanligini, bir she’r mashqini topib olganligini e’tirof qilib o‘tadi.
Qachon oramizga tushgandi firoq,
O‘zga baxt istadim va ketdim yiroq,
Uzoq tentiradim olamda biroq,
Pushaymondan o‘zga bir his topmadim,
Pushaymondan o‘zga bir his topmadim.
O‘ylagandim: behad keng erur dunyo,
Unda go‘zallar mo‘l sendan-da a’lo,
Izladim, izladim, izladim. Ammo,
Azizam seningdek bir qiz topmadim,
Pushaymondan o‘zga bir his topmadim.
Yuqorida keltirilgan she’riy parchalar asarning mohiyatini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi, shuningdek, asar tiliga joziba bag‘ishlaydi. Mullaif ushbu she’rni asar mazmuniga singdirar ekan, muayyan maqsadni ko‘zlaydi. Ya’ni inson hayotida eng og‘riqi his bu o‘kinch va pushaymoin ekanligini bosh qahramon qalamiga mansub bo‘lgan she’r orqali teran yoritadi. Bu hisning kishi ruhiyatini ezib, uni o‘tmishdagi go‘zal xotiralarga chorlashini shoirning go‘zal misralari vositasida ko‘rsatib beradi. O‘z qismatining quliga aylangan, barchasini o‘zgartirish uchun hech qanday chorasi qolmagan qahramonning ruhiy qiyofasini she’riy misralar vositasida chizib beradi.
Abduqayum Yo‘ldoshev asar davomida o‘zining Nozim bilan bo‘lgan uchrashuvi voqealarini ham jonli tarzda ifodalaydi: “O‘shanda jo‘ram bilan choy ustida bir oz gurunglashgach, yotoqxonamga qaytishga shosharkanman, gap orasida hamishagiday kontraktning navbatdagi to‘loviga pul topa olmayotganimdan nolidim. Shunda Nozim engashgan ko‘yi oshxona stoli tortmasidan ikkita yuz dollarlik oldi va e’tirozlarimga qaramay, qo‘yarda-qo‘ymay cho‘ntagimga solib qo‘yarkan: – Puldan qiynalmayapman, jo‘ra, – dedi og‘ir xo‘rsinib. – Bu mening sizga ozgina yordamim. Siz o‘qing… ”.
Keyinchalik yoshi ham o‘ttizdan osha boshlagach Nozim ota-onasining qistovi bilan Munira ismli qizga uylanishga rozilik beradi, ammo uning iztiroblari faqat o‘ziga ayon edi. Ushbu holatni kas ettirish maqsadida muallif yana she’rlarga murojaat qiladi:
Qovushmaydi suhbat. Bachkana
Ham zo‘raki tuyular bari.
Qiz yuzida qiziqish, hayo,
Yigit esa telba singari…
Va nafasi bo‘g‘ilgan daraxt
Tinglab qolar iltijo, oh-u,
Qaynoq ko‘z yosh orasida goh:
– Axir unga o‘xshamaydi-ku…
Axir unga o‘xshamaydi-ku…
Muallif Nozimning ruhiy kechinmalarini ifodalar ekan, uning har bir qizda Oltinoyni ko‘rishi, har nafasida Oltinoyni izlashi, o‘tmishdagi muhabbat yodi bilan hayot kechirishini ta’kidlaydi. Bu o‘rinda adibning asar qahramoniga nisbatan xayrihoh munosabatda bo‘lishi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Muallif asarda to‘y voqeasini ham g‘oyat ta’sirli ifodalaydi. To‘y kuni Nozim stolda, kelinchakning yonida boshini xam qilib o’tiraverdi, go‘yo biror ayb ish qilgan boladay. Uning ushbu holati o‘zini ham o‘tmishdagi muhabbati Oltinoyga, ham yonidagi bo‘lajak rafiqasiga xiyonat qilayotgandek his qilib, azoblanayotganligidandir. U yaqinlarini qiynashni istamaydi, buning uchun o’zi qancha azoblansa-da rozi.
Muhabbatsiz turmush – tuzsiz osh deganlaridek, Nozimning turmushi avvalgidan ham ma’nosizroq o‘tayotgandek edi. Abduqayum Yo‘ldashev do‘sti bilan keyingi uchrashuvlaridan birida umrining shunday o‘tib ketishidan qo‘rqishini aytadi va dil dardlarini ayta turib bir she’r o‘qiydi:
Bizning oramizda hamma narsa bor,
Iltifot, e’tiqod, e’zoz, sadoqat,
Munis mehr, shavqat, izzat, e’tibor –
Faqat muhabbat yo‘q, muhabbat faqat.
Yuqoridagi misrlarda Nozim tilidan o‘z turmushiga chizgilar beriladi. Darhaqiqat, Nozim va Munira yaxshi hayot kechiradilar. Ularning o‘rtasida hurmat-izzat va ishonch mavjud. Biroq shunga qaramay qahramonning qalbi o‘zi bir vaqtlar uygan go‘zal tuyg‘uni his qilmaydi. Nimadandir ko‘ngli to‘lmaydi, hamisha yuragi eziladi. Bu holat uni har daqiqa iskanjaga oladi, pushaymonlik hissi ichdan yemirib boradi.
Shunday o‘tamanmi? O‘rtanar bag‘ir,
Anglamoq chog‘iri shunchalar taxir,
Sun, soqiy, men nechun no‘sh etmay axir?
Faqat muhabbat yo‘q, muhabbat faqat.
Nozim tilidan keltirilgan misralar asar badiiyatiga joziba bag‘ishlaydi. U o‘z dardlarini bayon etar ekan, kitobxon ham beixtiyor u bilan birgalikda qayg‘u chekadi, o‘z dardlarini eslaydi.
Nozim Oltinoyning boshqaga turmushga chiqayotganini eshitgan kuni birinchi marta infarkt o‘tkazgandi. Muniraga uylangach ham yuragi tinmay sanchib, muntazam dori ichib yuradi, orada qizchali bo‘lishadi, biroq shu qizaloq ham bu oila a’zolarining qalbiga issiqlik olib kira olmadi. Nozim ishlari tugagach ham uyiga shoshilmas, o‘zini bir ishlar bilan andarmon qilib ko‘rsatar edi. Biroq noiloj uyiga borish kerak. Munira esa farzandli bo‘lgach battar semirib ketdi u faqat biror narsalar pishirish va televizor ko‘rish bilan band bo‘lar edi. Shunday kunlarning birida Nozim ikkinchi marta infarkt o‘tkazadi. Kasalxonada hovlisida Oltinoyni uchratib qoladi. Oltinoyning eri ichib kelib, dopposlayverganidan jigari va buyragi ezilib ketgandi. Viloyatda davolay olmay doktorlar poytaxtga yuborishgan ekan. Shu yerda bir hafta davolanib, uyiga ketayotganda Nozim bilan uchrashib qoladi va kasalxonada ishlashiga eri qarshi bo‘lib, u yerdan ishdan bo‘shaganligini, hozir bozorda do‘koni bor ekanligini aytadi va xayrlashadilar. Oltinoy bilan bir palatada davolangan ayoldan uning eri bilan ajrashmoqchi ekanligini eshitgan Nozim o‘zini qo‘yarga joy topa olmay qoladi. O‘zi ham Munira bilan ajrashib unga uylanmoqchi bo‘ladi. Oltinoy esa bunga rozi bo‘lmaydi. Oltinoy bilan uchrashib Toshkentga qaytayotganda yana Nizomning ko‘ksida kuchli og‘riq turadi va shu yaqin o‘rtadagi kasalxonaga olib borishadi. U shu yerda uch kun o‘lim bilan olishib yotadi. Uch kundan keyin bir oz o‘ziga kelganday bo‘ladi va qog‘oz qalam olib bir nimalar yozadi. Yozganlarini bir konvertga soladi-da, o‘ziga qarab turgan shifokorlardan biriga berib kimga yetkazishui kerakligini tushuntiradi. Nozimni davolagan yigit insofli ekan, maktubni Oltinoyga yetkazadi. Bu maktub “Bizlar uchrashamiz…” deb sarlavha qo‘yilgan she’r edi. She’rda Nozim bir umrlik muhabbatiga o‘z qalbini ochadi:
Men yolg‘on dunyoga silkidim etak,
Bildim, bu dunyoning doim biri kam,
Kuyinma, marvarid yoshlaringni art,
Bizlar uchrashamiz hali, azizam.
Keltirilgan misralar Nozimning Oltinoyga izhori, qiyomatga qolgan diydordan umidvorlik ilinjidir. Asar Nozimning vafoti bilan yakunlansa-da, uni mutalaa qilganimizda tushkunlikni emas, aksincha, qandaydir ilinjni his qilamiz. Bu ilinj umri so‘ngiga qadar ilk sevgisidan voz kechmagan Nozim qalbidan bizning qalbimizga ko‘chib o‘tgandek bo‘ladi.
Asar yakunida Abdunabi qanchalik oyoq tirab turib olsa-da, ayovsiz kaltaklasa-da baribir Oltinoy u bilan ajrashadi. Ikkita farzandi bilan ota-onasinikiga qaytib boradi. U tuman markazidan o‘ttiz chaqirim uzoqlikda joylashgan bir qabristonga haftada borib kelib yurganini odamlar gapirishdi. Oradan oylar o‘tdi, bir tong Nozimning yam-yashil maysalar gilamday qoplagan qabrida, marmar qabrtosh paydo bo‘ldi. Unda birgina jumla yozilgan edi: “Bizlar uchrashamiz…”
Muhabbat mavzusidagi badiiy asarlar o‘zbk va jahon adabiyotida juda ko‘plab yaratilgan. Ularning har biri o‘ziga xos ohanglarda aks etganligi ham ayon. Abduqayum Yo‘ldoshevning “Shoirning muhabbati” nomli qissasi ham muhabbatni tarannum etguvchi asarlar sirasiga kiradi. Ushbu qissaning bu mavzudagi boshqa asarlardan farqi eng avvalo muallifning tasviriy ifoda yo‘sinining o‘ziga xosligida ko‘rinadi. Asar qahramonlarining hayotiy aks ettirilganligi qissaga yanada jonlilik baxsh etgan. Ushbu asar go‘zal tuyg‘ularni o‘zida jo etganligi bilan qimmatlidir!
Do'stlaringiz bilan baham: |