Surishtiruvning vazifalari jinoyatning oldini olish yoki yo‘l qo‘ymaslik, dalillarni to‘plash va saqlash, jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchilarni ushlash va yashiringan gumon qilinuvchilarni hamda ayblanuvchilarni qidirib topish, jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy ziyon qoplanishini ta’minlash uchun kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlarini yuritishdan iborat.
3.3. Jinoyat ishini yuritishda ishtirok etuvchi
3.3.Jinoyat ishini yuritishda ishtirok etuvchi jamoat birlashmalari, jamoalar va ularning vakillari
Jinoyat-protsessual kodeksida jinoyat protsessida jamoat birlashmalari va jamoa vakillari ishtirok etishining bir nechta shakli nazarda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 40-moddasiga binoan jamoat birlashmalari va jamoalar, ularning rahbar organlari hamda vakillari sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyat to‘g‘risidagi xabar bilan surishtiruv organiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga murojaat etishlari mumkin. Ular ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida jamoat birlashmasi yoki jamoa kafilligiga berishni tanlash haqida; mahkumni muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish haqida; ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlarning jazoni o‘tash sharoitlarini o‘zgartirish haqida; sudlanganlikni olib tashlash haqida va boshqa masalalar bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan hollar hamda tartibda iltimos qilishga haqlidirlar. O‘z navbatida surishtiruvchi va tergovchi fuqaroning og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar to‘g‘risidagi ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingani haqida uning ish, o‘qish yoki yashash joyidagi jamoaga, sud esa ularga shu ish bo‘yicha sud muhokamasi qachon va qayerda o‘tkazilishi haqida xabar beradi. Jinoyat protsessida jamoatchilik ishtiroki jamoat ayblovchilari va jamoat himoyachilari institutida ko‘proq namoyon bo‘ladi. Jinoyat-protsessual kodeksining 42-moddasiga binoan jamoat birlashmalari va jamoalar sud muhokamasida jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etish uchun o‘z vakillarini yuborishlari mumkin. Jamoat ayblovchilari va jamoat himoyachilarini jamoat birlashmasining yoki korxona, muassasa, tashkilot jamoasining, shu jumladan, tijorat tuzilmasining, shuningdek yashash joyi bo‘yicha jamoaning yig‘ilishi ko‘rsatadi. Yig‘ilish qarori sudga taqdim etilishi lozim. Lekin jamoat birlashmasi, jamoa o‘zi yo‘llagan jamoat ayblovchisi yoki jamoat himoyachisini xohlagan vaqtda chaqirib olishga yoki uni boshqa vakil bilan almashtirishga haqlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |