Qonuniy vakil guvoh sifatida so‘roq qilinishi, shuningdek, himoyachi, fuqaroviy da’vogar yoki fuqaroviy javobgar tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin. Bunday hollarda qonuniy vakil yuqorida aytib o’tilgan protsess ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlariga ega bo’ladi.
3.5. Jinoyat protsessida ishtirok etuvchi boshqa shaxslar
Jinoyat-protsessual kodeksining 65-moddasiga binoan jinoyat ishi bo‘yicha aniqlanishi lozim bo‘lgan biror holatni bilishi mumkin bo‘lgan har qanday shaxs guvoh sifatida ko‘rsatuv berish uchun chaqirilishi mumkin. Guvoh isbotlovchi axborotning manbai sifatida tergov qilinayotgan hodisaning holatlaridan tashkil topadi.
Guvoh: advokatning yuridik yordamidan foydalanish; tergov harakatlarida advokat bilan birga ishtirok etish; so‘roq yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, o‘z ona tilida ko‘rsatuvlar berish va bu holda tarjimon xizmatidan foydalanish; uning so‘roq qilinishida ishtirok etuvchi tarjimonni rad qilish; ko‘rsatuvlarini o‘z qo‘li bilan yozib berish; o‘ziga qarshi ko‘rsatuv bermaslik; so‘roq bayonnomasi bilan tanishish, unga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish; ko‘rsatuvlar berishda yozma belgilar va hujjatlardan foydalanish; o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish huquqiga ega.
Guvoh sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi; ish bo‘yicha o‘ziga ma’lum barcha holatlar haqida haqqoniy so‘zlab berishi; berilgan savollarga javob qaytarishi; ish bo‘yicha o‘ziga ma’lum bo‘lgan holatlarni so‘roq qiluvchining ruxsatisiz oshkor etmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Guvoh uzrsiz sababga ko‘ra kelmagan taqdirda majburiy ravishda olib kelinishi mumkin, ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik, shuningdek bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar bo‘ladi (Jinoyat-protsessual kodeksining 66-moddasi).
Shaxs guvohlik berish uchun faqat davlat hokimiyatining vakolatli organlari - surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura hamda sud tomonidan chaqirilishi mumkin.
Aynan chaqirilgan vaqtdan boshlab fuqaro guvohlik maqomini oladi va shu bilan unga muayyan majburiyatlar yuklanadi. Aynan shu paytdan boshlab huquq va majburiyatlar, shuningdek mas’uliyat, shu bilan birga jinoiy javobgarlik vujudga keladi.
Amaliyotdan misol: O‘g‘irlik (kissavurlik) yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha tergovchi Valiev va Alimovlarni guvoh tariqasida so‘roq qilish uchun chaqirdi. Ular birgalikda kelishgach, tergovchi ularning har ikkovlari bilan ushbu o‘g‘irlik yuzasidan suhbatlashdi, keyin esa ularga so‘roq bayonnomasini berib, ushbu voqea yuzasidan bilganlarini yozib berishlarini taklif qildi.
Shundan so‘ng guvohlar Valiyev va Alimovlar so‘roq bayonnomasiga voqea tafsilotlarini o‘z qo‘li bilan yozib imzo chekdilar. Tergovchi so‘roq bayonnomasini tanishtirib chiqib qo‘shimcha e’tirozlar bor yo‘qligini so‘rab bayonnomani rasmiylashtirib qo‘ydi.
Guvoh surishtiruv, tergov, prokuratura organlari va sudning talablariga binoan so‘roq qilish belgilangan joyga vaqtida, soat va kunida yetib borishi va o‘ziga ma’lum bo‘lgan ish to‘g‘risida to‘g‘ri ko‘rsatuv berishga majbur. Jinoyat-protsessual kodeksining 115-moddasiga binoan guvoh sifatida quyidagilar so‘roq qilinmaydi:
hukm yoki ajrim chiqarish jarayonida kelib chiqqan masalalarni maslahatxonada muhokama qilishga oid holatlar to‘g‘risida - sudya va xalq maslahatchisi;
jinoyat ishi yuzasidan o‘z vazifalarini bajarishlari natijasida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan holatlar to‘g‘risida-himoyachi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgarning vakili;
ruhiy va jismoniy nuqsoni sababli ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatni to‘g‘ri idrok etish va bu haqda ko‘rsatuv bera olish layoqatiga ega bo‘lmagan shaxs.
Amaliyotdan misol: Rajapovga 2014-yil 21-mart kuni soat 20-00 larda, o‘zini nomida bo‘lgan Nexia rusumli davlat raqami 60E 444 DA avtomashinasini, yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan joy, ya’ni Baliqchi tumani markazi hududidan o‘tgan 4R 156-sonli Baliqchi-Marxamat avtomobil yo‘lining 12-kilometrida janubdan shimol tomonga qarab boshqarib borayotib, yo‘l harakati qoidalarini “Haydovchi harakatning serqatnovligi, shuningdek harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘rinishni hisobga olgan holda, transport vositasini belgilangan cheklangan tezlikdan oshirmasdan boshqarishi, harakatlanishda haydovchi aniqlay olishi imkoniyatida bo‘lgan xavf yoki to‘siq paydo bo‘lsa, u transport vositasining tezligini to‘la to‘xtatishini ta’minlaydigan darajada kamaytirishi yoki to‘siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavfsiz aylanib o‘tish choralarini ko‘rish kerak” – deyilgan 12.1-bandini qo‘pol ravishda buzib, shu yo‘ldan o‘tib borayotgan Urinovni avtomashinasini old tomoni bilan urib yuborib, transport vositalari yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzgan. Natijada Urinovni jarohat olishiga sabab bo‘lgan.
Ushbu holat yuzasidan guvohlar so‘roq qilinganda guvoh Akmalov o‘z ko‘rgazmasida: “Jarohat olgan shaxs avtoulov yo‘liga kutilmaganda yugurib o‘zi chiqdi, ushbu Nexia mashinasi taxminan 40 km/s tezliklarda kelayotgan edi, chorrahada svetofor yashil chirog‘i yonib turgan edi” deb bayon qilgan bo‘lsa, guvoh Xamidjonov o‘z ko‘rgazmasida: “Jarohat olgan shaxs odatdagidek yurish bilan yo‘ldan o‘tayotgan edi, Nexia avtomashinasi taxminan 100 km/s tezliklarda kelayotgan edi, chorrahada svetofor qizil chiroq yonib turgan edi, haydovchi jarohatlangan shaxsda xuddi qasdi bordek ataylab uni bosib ketdi” deb bayon qildi.
Rajapov o‘zining bu harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganligi aniqlanib, ish materiallari sud muhokamasiga taqdim etilgan.
Guvoh sifatida nafaqat sodir etilgan jinoyat shohidlari, balki turli majburiyatlarni bajarish davomida ishga aloqasi bo‘lgan shaxslar ham alohida holatlar bo‘yicha guvoh tariqasida so‘roq qilinadi. Ularga quyidagilar kiradi:
1. Tergov yoki sud harakatlarini o‘tkazishda jalb qilingan shaxslar ish qayta ko‘rilganda guvoh sifatida tergov va sud harakatlarini o‘tkazilish holatlarini aniqlashtirish maqsadida, ushbu tergov harakatlarining alohida qismlarini aniqlashtirish zarurati tug‘ilganda yoki tergov bayonnomasida qayd etilgan holatlar va sud tergovi davomida vujudga kelgan qarama-qarshiliklarni bartaraf etish bo‘yicha so‘roq qilinishi mumkin. Xuddi shuningdek, ushbu tergov harakatlarni o‘tkazishda ayblanuvchilarning xulq-atvori to‘g‘risida savol tug‘ilishi mumkin. Ushbu turdagi shaxslarga xolislar kiradi. Jinoyat-protsessual kodeksining 74-moddasi 4-qismiga binoan xolislar o‘zi ishtirok etgan tergov harakatlari bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin.
2. Moliyaviy-taftish nazoratchilar, taftish yoki boshqa tekshirish materiallarini jinoyat ishiga dalil sifatida tikib qo‘ygan shaxslar ular tomonidan taqdim etilgan materiallarda mavjud bo‘lgan qarama-qarshiliklarni bartaraf etish va faktik ma’lumotlarni to‘ldirish uchun ushbu holatlar bo‘yicha guvoh sifatida so‘roq qilinadi.
3. Qidiruvdagi shaxslarni ushlash yoki ularni kuzatib yurishda ishtirok etuvchi ichki ishlar va boshqa organ xodimlari, shuningdek jamoatchilik vakillari o‘zlari aniqlagan holatlari bo‘yicha guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin.
Guvohni almashtirib bo‘lmasligi guvohlik ko‘rsatuvlari tabiatini tasvirlashda asosiy o‘rin egallaydi. Ekspert, xolis kasalligi yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra almashtirilishi mumkin, lekin guvohni ish uchun ahamiyatli holatlarni bilmaydigan boshqa bir guvoh bilan almashtirib bo‘lmaydi. Ushbu guvohga ish uchun ahamiyatli holat boshqa shaxs orqali ma’lum bo‘lmasa, bunday guvoh ham almashtirib bo‘lmaydigan guvoh hisoblanadi. Bunday holatda tergovchi yoki sud uning ko‘rsatuvlarini boshqa dalillar bilan solishtirib ko‘rishi mumkin, biroq xabar qilingan ma’lumotni to‘g‘riligini tekshirish, tergov va sud uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilgan shaxs tomonidan bu ma’lumotlar olingan holdagina samaraliroq bo‘ladi. O‘sha holatlar faqat ushbu guvoh emas, balki boshqa shaxslar tomonidan qabul qilingan bo‘lsa, bunday hollarda ham guvoh almashtirilishi mumkin emas. Agar ish holatlari bo‘yicha bir necha shaxs ko‘rsatuv bergan bo‘lsa, u holda sud yoki dastlabki tergov organlarida ularni sinchkovlik bilan va har tomonlama tekshirishga imkon beradi.
Guvoh erkin va majburlovsiz ko‘rsatuv berish huquqiga ega. Qonun guvoh tariqasida o‘z funksiyasini bajarayotgan shaxslarga tashqaridan bo‘layotgan har qanday shaxslarning tazyiqlaridan himoya qilishni kafolatlaydi.
Guvohning sudda og‘zaki javob berishi sudga nafaqat guvoh ko‘rsatuvining mazmunini tekshirish, balki dalil manbasini qabul qilish va baholash imkonini beradi. Guvoh o‘zidagi yozma belgilardan faqatgina xotirada saqlash qiyin bo‘lgan raqamlar va boshqa ma’lumotlarga taalluqli bo‘lgan hollarda foydalaniladi. Surishtiruvchi, tergovchi va sud so‘roq qilinuvchidan so‘roq qilish jarayonida u foydalanayotgan hujjatlar va boshqa yozuvlarni talab qilishi, ularni keyin qaytarib berishi yoki ishga qo‘shib qo‘yishi mumkin (Jinoyat-protsessual kodeksi 103-modda).
Guvohning erkin so‘zlab berish huquqi tergov yoki sudga ish uchun ahamiyatli bo‘lgan va o‘z ko‘rsatuvlarini tasdiqlaydigan zaruriy dalillarni olish imkonini beradi. Sudning ajrimiga binoan guvohlik ko‘rsatuvlariga tegishli bo‘lgan hujjatlar jinoyat ishiga qo‘shib qo‘yilishi mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksining 661-moddasi guvohning advokati protsessual maqomiga bag‘ishlangan bo‘lib, unga binoan guvohning advokati – belgilangan tartibda guvohning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda unga zarur yuridik yordam ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan shaxsdir. Jinoyat ishida taraflar manfaatini himoya qilayotgan shaxs mazkur ish bo‘yicha guvohning advokati bo‘lishi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |