Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish aynan ana shu joyda jinoyat sodir etilganligi yoki uning izlari borligi haqida ma’lumotlar bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladi.
U boshlang‘ich va kechiktirib bo‘lmaydigan eng muhim tergov harakati hisoblanadi, aks holda jinoyat izlari tabiiy ta’sirlar natijasida buzilib ketishi, ataylab yo‘qotilishi mumkin. Shu sababli tergovchi hodisa sodir bo‘lganligi to‘g‘risida xabar olishi bilan har qanday ob-havo sharoitiga, vaqtga qaramay darhol o‘sha joyga yetib borishi va ko‘zdan kechirishni boshlashi lozim bo‘ladi.
Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishda haqiqiy hodisa holatini aniqlash va xolisona tergovni taminlashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar, ya’ni ko‘zdan kechirilayotgan obyektlarning ahvoli, o‘ziga xos belgilari aniqlanadi. Shuningdek sodir bo‘lgan hodisaning xususiyati, jinoyatchining shaxsi va maqsadi kabi holatlar ham aniqlanadi.
Demak, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish tushunchasiga umumiy tushuncha beradigan bo‘lsak, bu tergov harakati surishtiruvchi, tergovchi va sudlarning hodisa sodir bo‘lgan joyni sinchiklab o‘rganib chiqishi va bu yerdan tegishli dalil, ashyolarning topishlari va ularni jinoyatga tegishli yoki tegishli emasligi o‘rganib chiqishiga qaratilgan umumiy faoliyatiga aytiladi.
Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish birinchi navbatda quyidagi vazifalarni hal etishga qaratilgan bo‘ladi:
hodisa yuz bergan joyning holatlari bilan shaxsan tanishish;
ish bo‘yicha ahamiyatli bo‘lgan dalillarni, izlarni, narsa, qurol va hujjatlarni topish, qayd qilish va olish;
hodisa natijasida yuz bergan o‘zgarishlarni aniqlash;
jinoiy hodisasi holatlari bo‘yicha tergovni qiziqtiruvchi masalalarni hal qilish;
jinoyat ishi yuzasidan tusmollarni tuzish va ularni tekshirish;
jinoyatchi yoki qidirilishi lozim bo‘lgan guvohlarni ko‘rsatuvchi ma’lumotlarni topish;
tergov davomida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalarini tekshirib ko‘rishga imkon beradigan ma’lumotlarni yig‘ish.
Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda hodisa sodir bo‘lgan joy jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan oldin ham ko‘zdan kechirilishi mumkin. Bunga jinoyatga oid arizalar, xabarlar va boshqa ma’lumotlarni ko‘rib chiqish tartibini belgilovchi qonun normalari bilan ruxsat berilgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan oldin ko‘zdan kechirish faqatgina surishtiruvchi va tergovchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin, sud bunday ko‘zdan kechirishni amalga oshira olmaydi. Bu mamlakatimizda sudlar tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atish faoliyati amalga oshirilmasligi bilan izohlanadi.
Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksida kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda ko‘zdan kechirish o‘tkazilganidan so‘ng kechi bilan yetmish ikki soatda, alohida hollarda esa, o‘n kun ichida jinoyat ishini qo‘zg‘atish haqida yoki qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi lozimligi bayon etilgan.
Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish tergov harakati obyekti katta maydonlar va binolar bo‘lgan hollarda ko‘zdan kechirish bir necha surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin, bunda ularning har biri kamida ikki nafar xolis ishtirokida ko‘zdan kechirishi lozim.
Bunday ko‘zdan kechirish shaklida hodisa joyi sektorlarga bo‘linadi va tegishli tartibda ko‘zdan kechiriladi. Rasmiylashtirilgan barcha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomalari taqsimotdan kelib chiqqan holda birin-ketinlikda jamlanadi.
Hodisa sodir bo‘lgan joydan olingan barcha narsalar, hujjatlar va izlar xolislar ishtirokida o‘raladi va muhrlanadi.
Katta hajmdagi narsalar olinmaydi va muhrlanmaydi, lekin surishtiruvchi yoki tergovchi ularni saqlash choralarini ko‘rishi lozim. Saqlash choralari mulkni egasi, qo‘riqlash xizmatlari qaramog‘ida qoldirish yoki soqchilik tashkil qilish va boshqa shakllarda amalga oshirilishi mumkin.
Amaliyotdan misol: O‘g‘rilik jinoyatini tergov qilayotgan tergovchi hodisa joyini ko‘zdan kechirish maqsadida xolislar bilan birgalikda jabrlanuvchi Azimov xonadoniga keladi. Shu paytda Azimov xonadonida maktabning 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qizi va ularning voyaga yetgan qo‘shnisi Otaxonova bo‘lgan. Tergovchining kelishidan maqsadini bilgan Otaxonova uy egalari yo‘qligida o‘zgalarni xonadonga kiritishga yo‘l qo‘ya olmasligini, shuningdek tergovchining ushbu xonadonga kirishi uchun orderi (tegishli ruxsati) yo‘qligini ham ta’kidlab, ularni xonadonga kirishiga rad javobini berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |