Murdani ko‘zdan kechirish ayrim o‘ziga xos jihatlarga ega. Murdaning tashqi ko‘rinishini surishtiruvchi yoki tergovchi u topilgan joyda xolislar va sud-tibbiyot sohasidagi mutaxassis shifokor ishtirokida ko‘zdan kechiradi. Bunday mutaxassis shifokor ishtirok etishiga imkoniyat bo‘lmagan taqdirda, boshqa shifokor ishtirok etadi. Zarur hollarda murdani ko‘zdan kechirish uchun boshqa mutaxassislar, shuningdek ekspertlar jalb qilinadi.
Murda topilgan joyda uni ko‘zdan kechirish alohida murdani ko‘zdan kechirish bayonnomasida emas, balki hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasida rasmiylashtirilishi lozim.
Eksgumatsiya vaqtida murdani ko‘zdan kechirish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining eksgumatsiya tergov harakati va ko‘zdan kechirish tergov harakatlarini tartibga soluvchi normalar talablari asosida amalga oshiriladi.
Murda topilgan joyda uni tanib olish uchun ko‘rsatish chog‘ida tanib olish uchun ko‘rsatishdan oldin so‘roq qilish va tanib olish uchun ko‘rsatish holatini mustahkamlash qoidalariga rioya qilinadi. Mazkur talab faqatgina jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan jinoyatlar bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. Chunki Jinoyat-protsessual kodeksining 329-moddasi talablariga asosan tergov oldi tekshiruvi vaqtida faqatgina hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish va ekspertiza tergov harakatlarini o‘tkazish mumkin. Bu muddat ichida boshqa tergov harakatlarini o‘tkazish qonun bilan taqiqlab qo‘yilgan.
Tanib olinmagan murdalarning barmoq izlari olinishi shart. Shu bilan birga, tanib olinmagan murdadan ekspertiza tekshiruvi uchun boshqa xil namunalar ham olinishi mumkin. Bu uchun albatta ekspertiza tekshiruvi uchun namunalar olish to‘g‘risida qaror chiqariladi va namunalar ekspertiza tekshiruvi uchun namunalar olish bayonnomasida rasmiylashtiriladi.
Tanib olinmagan murda faqat prokuror ruxsati bilangina ko‘miladi.
Tevarak-atrof va binolarni ko‘zdan kechirish chog‘ida ko‘zdan kechirish obyekti bo‘lib fuqaroning uyi yoki xizmat joyi hisoblansa, mazkur vaziyatda surishtiruvchi yoki tergovchi ko‘zdan kechirish haqida qaror, sud esa ajrim chiqargan holda mazkur ko‘zdan kechirishni amalga oshirishi lozim. Turar joyi ko‘zdan kechirilayotgan shaxs yoki tegishli korxona, muassasa, tashkilotning vakili chiqarilgan qaror yoki ajrim bilan tanishtirilib, bu haqda imzo chektiriladi.
Ko‘zdan kechirish korxonada, muassasada, tashkilotda o‘tkazilsa, ma’muriyat vakilining, harbiy qismda, shtabda va muassasada o‘tkazilsa, qo‘mondonlik vakilining, zarur hollarda esa moddiy javobgar shaxsning qatnashishi shart hisoblanadi. Davlat sirlariga oid bo‘lgan narsalar va hujjatlarni faqat maxsus ruxsatga ega bo‘lgan surishtiruvchi, tergovchi yoki sudya xuddi shunday ruxsatga ega bo‘lgan xolislar ishtirokida ko‘zdan kechiradi.
Binolarni ko‘zdan kechirishda Jinoyat-protsessual kodeksining olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazish vaqtida hozir bo‘ladigan shaxslar va olib qo‘yish va tintuv o‘tkazish tartibini belgilovchi normalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilinishi lozim.
Narsa va hujjatlarni ko‘zdan kechirish surishtiruvchi, tergovchi va sud tomonidan ko‘zdan kechirish ko‘p vaqt yoki qo‘shimcha texnik vositalar talab qilmasa ular topilgan joyda, ko‘p vaqt yoki qo‘shimcha texnik vositalar talab qilsa basharti, keyinchalik surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud muhokamasi o‘tkazilayotgan joyda amalga oshirilishi mumkin.
Narsa va hujjatlarni ko‘zdan kechirish ular topilgan joyda amalga oshirilayotganida, mazkur narsa va hujjatlarning topilishiga sabab bo‘lgan, misol uchun tintuv, olib qo‘yish, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish va boshqa tergov harakatlarining bayonnomalarida ko‘zdan kechirilib qayd qilinadi. Alohida narsa va hujjatlarni ko‘zdan kechirish bayonnomasi rasmiylashtirilishi talab qilinmaydi.
Boshqa tergov harakatlarida bo‘lgani kabi narsa va hujjatlarni ko‘zdan kechirishda texnik vositalardan foydalanish mumkin. Biroq zaruriy shart sifatida topilgan va ko‘zdan kechirilishi lozim bo‘lgan narsa va hujjatlarning keyinchalik jinoyat ishi bo‘yicha daliliy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligini nazarda tutgan holda ularning yo‘qolishiga yoxud shikastlanishiga olib kelmasligiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Ko‘zdan kechirish tergov harakati bayonnomasini rasmiylashtirishda Jinoyat-protsessual kodeksining 90–92-moddalarida nazarda tutilgan dalillarni bayonnomada qayd qilish tartibi va amalga oshirilgan ko‘zdan kechirish turidan kelib chiqqan holda ko‘zdan kechirish tartibining umumiy qoidalariga rioya qilgan holda surishtiruvchi, tergovchi tomonidan tegishli bayonnoma rasmiylashtiriladi. Sud tomonidan amalga oshirilgan ko‘zdan kechirish esa, sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
Bayonnomada ko‘zdan kechirish davomida topilgan barcha narsalar, ular qanday tartibda ko‘zdan kechirilgan bo‘lsa, xuddi shu tartibda ko‘zdan kechirish paytida qanday holatda kuzatilgan bo‘lsa, xuddi shu holatda qayd etiladi. Ko‘zdan kechirish chog‘ida topilgan va olingan barcha izlar, narsalar va hujjatlar sanab o‘tiladi. Olingan buyumning egasiga tegishli ma’lumotnoma yoki bayonnomaning nusxasi beriladi.
Bundan tashqari, bayonnomada: ko‘zdan kechirish qaysi vaqtda, qanday ob-havoda va qanday yorug‘likda o‘tkazilganligi; qanday ilmiy-texnika vositalari qo‘llanilganligi va qanday natijalar olinganligi; ko‘zdan kechirishda ko‘maklashish uchun kimlar jalb qilinganligi va ko‘maklashish nimada o‘z aksini topganligi; qanday narsalar va hujjatlar qay tartibda va qanday muhr bilan muhrlanganligi; ko‘zdan kechirilganidan keyin murda va ish uchun ahamiyatli bo‘lgan narsalarning qayerga yuborilganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |