7.8. Guvohlantirish
(Muallif – y.f.n. Rajabov B.A.)
Guvohlantirish deganda, shaxsning badanidagi alohida belgilar, dog‘lar, tan jarohatlari, jismoniy rivojlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, mastlik holati yoki jinoyat ishi uchun ahamiyatli boshqa xususiyatlarni aniqlash uchun o‘tkaziladigan, sud ekspertizasini talab etmaydigan, jinoyatning ochilishiga yordam beradigan majburiy tergov harakatini tushunish lozim.
|
Jinoyat-protsessual huquqda guvohlantirish tergov harakati dastlabki tergov bosqichida Jinoyat-protsessual kodeksining 142 – 147-moddalari va sud bosqichida Jinoyat-protsessual kodeksining 445-moddasi asosida o‘tkazilishi huquqiy jihatdan tartibga solingan.
Jinoyat-protsessual kodeksida guvohlantirishni o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari aks ettirilgan ular quyidagilardan iborat:
– guvohlantirishni o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarish;
– guvohlantiriluvchi shaxsga uning huquq va majburiyatlarining tushuntirilishi;
– guvohlantirish majburiy tartibda o‘tkazilishi mumkinligi;
– tergovchiga nisbatan o‘zga jinsga mansub bo‘lgan guvohlantiriluvchi shaxsning badani tekshirilganda, tergovchining ishtirok etishi mumkin emasligi;
– agar guvohlantirish shaxsni yechintirib yalang‘ochlash bilan bog‘liq bo‘lsa, bir jinsdagi xolislar ishtirok etishi;
– guvohlantirishning soat 6:00 dan 22:00 ga qadar o‘tkazilishi;
– guvohlantiriluvchi shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan yoki uning sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi;
– guvohlantirish jarayonida shaxs huquqlarining ta’minlanishi zarurligi.
Amaliyotdan misol: Nomusga tegish jinoyati yuzasidan berilgan arizaga asosan tergovchi jinoyat ishini qo‘zg‘atib, jabrlanuvchi Yuldashevani so‘roq qilgach, unga ertasi kuni guvohlantirish uchun kelishini aytadi. Lekin ertasi kuni jabrlanuvchi Yuldasheva tergovchining chaqiruviga binoan kelmaydi va unga yuborilgan chaqiruv xatini olishdan bosh tortib, guvohlantirish tergov harakati o‘tkazilishi jarayonida o‘zining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitilishini xohlamaydi.
Tergovchining qaroriga asosan Yuldasheva majburan keltiriladi va guvohlantirish to‘g‘risidagi qarorga muvofiq shifokor tomonidan ikki nafar ayol xolislar ishtirokida guvohlantiriladi. Tergovchi shifokorning so‘zi bo‘yicha tergov harakati bayonnomasini tuzadi. Bayonnoma tergovchi, shifokor va xolislar tomonidan imzolanadi va unda jabrlanuvchi majburiy ravishda guvohlantirilganligi hamda bayonnomani imzolashdan bosh tortganligi qayd etiladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, guvohlantirishni o‘tkazish asoslari Jinoyat-protsessual kodeksining 142-moddasida ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, mazkur tergov harakati orqali bir qator vazifalar hal qilinadi. Guvohlantirishning ushbu vazifalari nuqtayi nazaridan kelib chiqib, uni ikki guruhga ajratishimiz mumkin. Birinchi guruh odam badanida: a) ish uchun ahamiyatga molik xususiyat yoki alomatlar; b) alohida belgilar; v) shaxsning jismoniy rivojlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar; g) tan jarohatlarini; ikkinchi guruh: a) mastlik holatini; b) boshqa fiziologik holatini aniqlashga qaratilgan.
Birinchi guruh vazifalarini tahlil qiladigan bo‘lsak, ish uchun ahamiyatga molik xususiyat yoki alomatlar deganda, guvohlantiriluvchi shaxsning kasbi yoki odatlariga ishora qiluvchi xususiyat va belgilar, masalan, biror-bir ishni bajarish natijasida vujudga keladigan qo‘ldagi qadoqlar, qo‘l va tirnoqlarning alohida tusi, teriga turli changlar yoki boshqa kirlarning kirib qolganligi, nafas olish xususiyatlari, biror ishni bajarish odatlari va shu kabilar tushuniladi.
Birinchi guruhga kiritilgan keyingi vazifa shaxsning badanidagi ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan alohida belgilarni aniqlashdan iboratdir.
Guvohlantirishni o‘tkazish jarayonida alohida belgilar bilan bir qatorda umumiy jismoniy belgilar va mazkur shaxsning muayyan irq, millat, xalqqa mansubligidan dalolat beruvchi belgilar aniqlanishi mumkin. Bu belgilarni aniqlash ko‘z bilan qarab idrok qilish orqali amalga oshirilishi mumkin bo‘lib, bu jarayonda bilishning boshqa shakllaridan, tekshirishning maxsus metodlari yoki usullaridan foydalanish talab etilmaydi.
Guvohlantirishning birinchi guruh vazifalariga kiruvchi navbatdagi vazifasi shaxsning jismoniy rivojlanganligi holatini aniqlashdir. Shaxsning jismoniy rivojlanganligi uning gavdasining tuzilishi, katta yoki kichikligi, badanidagi a’zolarining normal yoki boshqacha hajmga egaligi, qo‘l yoki oyoq mushaklarining baquvvatligi yoki kuchsizligi va shu kabi holatlar tushuniladi.
Shaxsning tanasidagi tan jarohatlarini, ya’ni tirnalgan, shilingan, qontalash joylarni aniqlash Jinoyat-protsessual kodeksining
142-moddasida guvohlantirishning mustaqil vazifasi sifatida belgilangan.
Ta’kidlash lozimki, guvohlantirish asosan odam badanining yuzasida joylashgan, aniqlash va qayd etish uchun maxsus tibbiy tekshiruvlarni talab etmaydigan tan jarohatlarini aniqlashga qaratilganligi bois, ko‘proq tirnalgan, shilingan va qontalash joylarga e’tibor qaratish lozim. Zero, sanab o‘tilgan jarohatlardan boshqa jarohatlarni (masalan ichki qon ketish) aniqlashda albatta tibbiy bilimlar talab etiladi, chunki ularning aksariyati shaxsning sog‘lig‘i va hayoti uchun xavfli oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Sud tibbiyotida tan jarohatlari deganda, mexanik, elektr, issiqlik va boshqa omillar ta’sirida organizmning anatomik yaxlitligining yoki tana a’zolari va to‘qimalari funksiyalarining buzilishi tushuniladi.
Shilinishlar, tirnalishlar, qontalash joylar asosan o‘tmas qurollar (asbob, buyumlar) ta’siridan hosil bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |