Diplomatiya vakolatxonalarining binolaridan va diplomatiya vakillaridan olib qo‘yish yoki ularda tintuv o‘tkazish. Jinoyat-protsessual kodeksining 165-moddasiga muvofiq diplomatiya vakolatxonalarining binolaridan va diplomatiya vakillardan olib qo‘yish yoki ularda tintuv o‘tkazish ushbu diplomatik vakolatxonalarining rahbarlari va diplomatiya vakillarining roziligiga binoan o‘tkazilishi zarur, aks holda bu joylarda olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazish mumkin emas. Agar xorijiy shaxs diplomatiya daxlsizligiga ega bo‘lmasa, u holda uning turar joyida tintuv yoki olib qo‘yish o‘tkazish tergov harakatlari uning roziligisiz ham o‘tkazilishi mumkin, ammo bu to‘g‘risida 24 soat ichida diplomatiya vakolatxonaning rahbariga (tegishli xorijiy mamlakatning favqulodda va muxtor elchisiga) xabar berish kerak.
Diplomatiya vakolatxonalarining binolarida va diplomatiya vakillarida tintuv yoki olib qo‘yish harakatlarini o‘tkazish vakolatxonalarda istiqomat qiluvchi va diplomatiya daxlsizligiga ega bo‘lgan shaxslarning roziligiga asosan o‘tkaziladi va bu rozilik O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali so‘raladi.
Diplomatik vakolatxonalarining binolarida va diplomatik vakillarda tintuv yoki olib qo‘yish o‘tkazishda surishtiruvchi, tergovchidan va xolislardan tashqari ushbu vakolatxonaning rahbari (Favqulodda va muxtor elchi) va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori hamda O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vaziri yoki uning o‘rinbosari ishtirok etishi shart.
7.12.Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish,
ko‘zdan kechirish va olib qo‘yish
(Muallif – U.T.Turg‘unov)
Pochta-telegraf joʻnatmalarini yoki ularning ayrimlarini xatlab qo’yish – gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi boshqa shaxslarga yuborgan yoxud boshqa shaxslar gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yuborgan pochta-telegraf jo’natmalarida sodir etilgan jinoyatga doir ma’lumotlar yoki ish uchun ahamiyatga molik hujjatlar va buyumlar bor deb gumon qilish uchun yetarlicha asoslar bo’lganda o’tkaziladigan tergov harakatidir.
Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida mazkur tergov harakatini o‘tkazish asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi. Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.
Tergovchining yoki surishtiruvchining pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining boshqa shaxslarga yuborgan yoxud boshqa shaxslarning gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yuborgan pochta-telegraf jo‘natmalarida sodir etilgan jinoyatga doir ma'lumotlar yoki ish uchun ahamiyatga molik hujjatlar, buyumlar bor deb gumon qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud bo‘lganda, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi mazkur shaxslarning barcha pochta-telegraf jo‘natmalarini yoki ularning ayrimlarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida kur tergov harakatini o‘tkazish asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi.
Xatlab qo‘yilishi mumkin bo‘lgan pochta-telegraf jo‘natmalari jumlasiga barcha turdagi xatlar, telegrammalar, radiogrammalar, banderollar, posilkalar, pochta konteynerlari kiradi.
Prokurorning, tergovchining yoki surishtiruvchining pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorida: xat-xabarlari ushlab turilishi lozim bo‘lgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi; bu shaxsning doimiy yashash joyi manzili; xatlanayotgan pochta-telegraf jo‘natmalarining turlari; xatlash chorasining muddati; jo‘natmalarni ushlab turish va bu haqda prokurorga, tergovchiga yoki surishtiruvchiga ma'lum qilish majburiyati yuklatilgan aloqa muassasasining nomi ko‘rsatiladi.
Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi. Tergovchining yoki surishtiruvchining pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.
Prokuror pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining boshqa shaxslarga yoki boshqa shaxslarning gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yuborgan pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi masala JPKning tegishli bobida belgilangan tartibda, sudlanuvchining boshqa shaxslarga yoki boshqa shaxslarning sudlanuvchiga yuborgan pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash esa JPKning 423-, 438-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan hal etiladi.
Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining, okrug, hududiy harbiy sudning sud`yasi tomonidan, mazkur sudlarning sud`yasi bo‘lmagan yoxud pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda esa, jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy Sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, Toshkent shahar sudi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining ko‘rsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning sud`yasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.
Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
Sud majlisida prokuror, zarurat bo‘lgan hollarda tergovchi, surishtiruvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda qatnashayotgan bo‘lsa, himoyachi va qonuniy vakil ham ishtirok etadi. Sud majlisining o‘tkazilish joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish uchun monelik qilmaydi.
Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish prokurorning ma'ruzasi bilan boshlanadi, u mazkur tergov harakatini o‘tkazish zaruratini asoslab beradi, so‘ngra taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sud`ya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
Sudya pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risida yoki pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlashni rad etish haqida ajrim chiqaradi.
Sud`yaning pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlashni rad etish haqidagi ajrimi asoslantirilgan bo‘lishi kerak. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan sud ajrimi o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi ajrim tegishli aloqa muassasasining boshlig‘iga yuboriladi va uni bajarish mazkur boshliq uchun majburiydir. Bu ajrimni bajarmaganlik yoki uning mazmuninioshkor etganlik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Aloqa muassasasining boshlig‘i sud ajrimida ko‘rsatilgan xat-xabarlar va boshqa jo‘natmalarni ushlab turadi hamda bu haqda prokurorga, tergovchiga, surishtiruvchiga yoki sudga darhol ma'lum qiladi.
Sud ajrimi ustidan mazkur ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran yetmish ikki soat ichida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi va qonuniy vakili tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi yoxud prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin.
Apellyatsiya shikoyati, protest ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud ularni qirq sakkiz soat ichida materiallar bilan birga apellyatsiya instantsiyasi sudiga yuborishi shart. Shikoyat yoki protest berilishi sudning pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi ajrimi ijrosini to‘xtatib turmaydi. Apellyatsiya instantsiyasi sudi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga ular kelib tushgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay ko‘rib chiqishi kerak.
Apellyatsiya instantsiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini ko‘rib chiqib, o‘z ajrimi bilan:
sud`yaning ajrimini o‘zgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa
qanoatlantirmay qoldirishga;
sudyaning ajrimini bekor qilishga va pochta-telegraf jo‘natmalarini
xatlab qo‘yishga yoki pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlashni rad
etishga haqli.
Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash rad etilgan taqdirda, aynan o‘sha gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan mazkur masala bo‘yicha takroran sudga murojaat qilishga pochta-telegraf jo‘natmalarini
xatlashni taqozo etadigan yangi holatlar yuzaga kelganda yo‘l qo‘yiladi.
Aloqa muassasasining boshlig‘i sudning ajrimida ko‘rsatilgan xat-xabarlar va boshqa jo‘natmalarni ushlab turadi hamda bu haqda surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga darhol ma’lum qiladi.
Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish to‘g‘risidagi ajrim chiqarilgandan so‘ng u bevosita ijro etilishi kerak, buning uchun pochta-telegraf jo‘natmalari ko‘zdan kechirilib olib qo‘yiladi.
Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish bu jo‘natmalarni ularni olish huquqiga ega bo‘lgan shaxsga yuborilishini taqiqlaydi. Pochta-telegraf muassasasining tashabbusiga ko‘ra bu hujjatlar ularni xatlab qo‘ygan organning ruxsatisiz bu hujjatlarni oluvchi shaxsga yuborilishi hollarida javobgarlik ularni yuborgan xodimga yuklatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |