7.13. Telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib
boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish
(Muallif – y.f.n., dotsent Sh.A.Kulmatov)
Telefon va boshqa so’zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so’zlashuvlarni eshitish surishtiruvchi yoki tergovchiga jinoyat ishi bo‘yicha manfaatdor bo‘lgan shaxslar ularga nisbatan ta‘magirlik, o‘ldirish, tan jarohati yetkazish va mulkiga zarar yetkazish bilan yoki boshqa shaxsga qarshi jinoyatlarni sodir etish bilan qo‘rqitish orqali biron moddiy manfaatga ega bo‘lish maqsadini ko‘zlaydigan jinoyatlar to‘g‘risida murojaat qilganda hamda odil sudlovga qarshi boshqa jinoyatlarni ochish maqsadida o‘tkaziladigan tergov harakatidir.
Ish bo‘yicha to‘plangan dalillar ish uchun ahamiyatga molik xabarlarni olish mumkinligiga yetarli darajada asos bo‘la olsa, tergovchi telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish to‘g‘risida qaror chiqarishga haqlidir (Jinoyat-protsessual kodeksi 169-modda).
Telefon so‘zlashuvlari – abonentlar o‘rtasida, shuningdek shaharlararo va radiorele, yuqori to‘lqinli va kosmik aloqa orqali olib boriladigan so‘zlashuvlardir.
|
Boshqa so‘zlashuv qurilmalari deganda esa selektor-o‘tkazuvchi, radio va og‘zaki nutqni boshqa yo‘llar orqali ma’lum masofaga yuborish imkoniyatiga ega qurilmalar tushuniladi. Bu qurilmalardagi so‘zlashuvlarni eshitishda Jinoyat-protsessual kodeksining 21-bobida qayd etilgan qoidalarga bo‘ysunish lozim.
Telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish uchun tintuv natijalari, guvohning, jabrlanuvchining ko‘rsatuvlari, ko‘zdan kechirilgan pochta-telegraf jo‘natmalari, SMS xabarlari, videoyozuvlari yozma ma’lumotlar asos bo‘la oladi. Faqat magnit tasmaga yozilgan telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari yordamida olib boriladigan so‘zlashuvlar doimiy ahamiyatga ega. Demak, bir tomonlama eshitiladigan (diktofon, ratsiya va shunga o‘xshash) vositalar orqali olingan ma’lumotlar Jinoyat-protsessual kodeksining 21-bobida nazarda tutilgan telefon va boshqa so‘zlashuvlar qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish tergov harakatini o‘tkazish yo‘li bilan olingan deb hisoblanmaydi. Zero, mazkur vositalardan ko‘pincha tezkor-qidiruv tadbirlarni o‘tkazish chog‘ida foydalaniladi va ular bir tomonlama eshitish yoki so‘zlashish uchun mo‘ljallangan.
Biroq, misol uchun qo‘l telefonlari ashyo sifatida tergovchiga taqdim etilsa, u holda narsa va hujjatlarni taqdim qilish to‘g‘risida tuzilgan bayonnomada ko‘zdan kechirish natijalari qatorida tashqari ular ko‘magida amalga oshirilgan audioyozuv ham qayd etiladi. Audioyozuvdagi tovushning aynanligini aniqlash maqsadida fonoskopik, shuninigdek audiomontaj qilinmaganligini istisno etish uchun kriminalistik ekspertizalar tayinlanishi ashyo sifatida qabul qilingan qo‘l telefondagi audioyozuvni dalilga aylantiradi.
Telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari qatoriga kiradi va bu tergov harakatlarini tergovchi o‘tkazish huquqiga ega va uni milliy xavfsizlik xizmati organlari amalga oshiradi.
Ushbu tergov harakatini o‘tkazish uchun tergovchi qaror chiqaradi va bu qaror prokuror ruxsatiga asosan kuchga kiradi (Jinoyat-protsessual kodeksi 169-modda).
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish prokurorning sanksiyasi asosida tergovchi chiqargan qarorga binoan amalga oshiriladi.
Jabrlanuvchiga, guvohga, shuningdek ularning qarindoshlari va yaqinlariga nisbatan kuch ishlatish, tovlamachilik yoki boshqa qonunga xilof harakatlar sodir etish xavfi mavjud bo‘lsa, bu shaxslarning arizalari bo‘yicha yoki ularning yozma roziligi va prokurorning sanksiyasi bilan yoxud sudning ajrimiga ko‘ra ularning telefon yoki boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali bo‘ladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish amalga oshirilishi mumkin.
Tergovchi kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda, prokurorni zudlik bilan yozma ravishda xabardor etish sharti bilan, uning sanksiyasisiz so‘zlashuvlarni eshitib turish to‘g‘risidagi qarorni Milliy xavfsizlik xizmati organlariga yuborishga haqlidir. Prokurorning sanksiyasisiz so‘zlashuvlarni eshitib turish to‘g‘risidagi qaror 24 soat davomida qonuniy kuchga ega bo‘ladi.
Telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim unda eshitiladigan axborotlar xususiyati va hajmi, shuningdek so‘zlashuvlarni eshitib turishning borishini va natijalarini qayd etish shakli belgilanib, milliy xavfsizlik xizmati organlariga ijro etish uchun yuboriladi. So‘zlashuvlarni eshitib turish olti oydan ortiq davom etishi mumkin emas.
Telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish chog‘ida ovoz yozish moslamalari qo‘llanilishi lozim. So‘zlashuv fonogrammasi aks ettirilgan magnit tasmasi tergov harakati bayonnomasiga qo‘shib qo‘yilishi lozim (Jinoyat-protsessual kodeksi 170-modda).
Bevosita telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish harakatlari milliy xavfsizlik xizmati organlariga yuklatilgan.
Agar kechiktirib bo‘lmas holat yuzaga kelib, surishtiruvchi yoki tergovchi telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish harakatini zudlik bilan o‘tkazishi kerak bo‘lsa, u holda ular qaror chiqarib, uni milliy xavfsizlik xizmati organlariga yuborish huquqiga egadirlar, ammo bu to‘g‘rida surishtiruvchi yoki tergovchi prokurorni 24 soat ichida xabardor qilishi lozim, prokuror ushbu qarorga ruxsat berganligi to‘g‘risida milliy xavfsizlik xizmati organiga tegishli ma’lumotnoma yuborib, ushbu harakatlarning davom ettirilishiga ruxsat beradi. Surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan chiqarilgan qaror bir sutka davomida qonuniy kuchga ega va milliy xavfsizlik organi shu muddat tugaganidan so‘ng ushbu qarorni bajarmaslik huquqiga ega.
Telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish jarayoni olti oydan ortiq davom etishi mumkin emas. Agar dastlabki tergovda shunday tergov holati vujudga kelib, telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitishni davom ettirish zarurati bo‘lsa, u holda tergovchi, surishtiruvchi bu to‘g‘rida asoslantirilgan qaror chiqaradi va prokurorning ruxsatini olib, ushbu harakatlarni umumiy hisobda uzog‘i bilan 6 oygacha davom ettirishlari mumkin. Bu to‘g‘rida milliy xavfsizlik xizmati organlariga ushbu qarorni yuborib, tegishli natijalarni jarayon ichida qo‘lga kiritishlari mumkin.
Telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish natijalarini protsessual rasmiylashtirish. Telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish jarayonida ovoz yozish moslamalari qo‘llaniladi. Ularning texnik parametrlari so‘zlashuvlarni eshitib turish bayonnomasida to‘liq qayd etilib, bayonnomaga so‘zlashuv fonogrammasi qo‘shib qo‘yilishi lozim.
Telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish tergov harakati tegishli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan so‘ng amalga oshiriladi (Jinoyat-protsessual kodeksi
170-modda).
Eshitib turish va ovoz yozishni amalga oshirgan shaxs ishga aloqador so‘zlashuvlar fonogrammasi mazmunining qisqacha bayonnomasini tuzadi. Fonogramma muhrlanadi va bayonnomaga qo‘shib qo‘yiladi, uning ish uchun ahamiyatli bo‘lmagan qismi hukm qonuniy kuchga kirganidan keyin yo‘q qilinadi.
Eshitib turish va ovoz yozish bayonnomasida abonent raqami, eshitib turish va ovoz yozish vaqti va joyi, foydalanilgan texnikaviy vositalar turi va modeli, bu ishlarni amalga oshirgan shaxslarga oid ma’lumotlar hamda ish uchun ahamiyati bo‘lishi mumkin deb hisoblangan boshqa ma’lumotlar aks ettiriladi (Jinoyat-protsessual kodeksi 171-modda).
Milliy xavfsizlik xizmati organining xodimi telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish bayonnomasini qisqa tarzda tuzadi.
Agar so‘zlashuv jarayoni bo‘yicha ishga taalluqli muhim jumlalardan tashqari boshqa ishga aloqador bo‘lmagan jumlalar uchramagan bo‘lsa, u holda bayonnomada bu so‘zlashuvning butun matnini keltirishi kerak.
Bayonnomada abonentning raqami, qachon va qayerda so‘zlashuv eshitilganligi, eshitish va ovozga qayd etish vositalarining texnik ko‘rsatkichlari, ishga bayonnomani va harakatni olib borganda kimlar ishtirok etganliklari, ishga taalluqli boshqa axborotlar qayd etilishi lozim bo‘ladi. Magnit tasmasiga ega fotokasseta ushbu so‘zlashuvning fonogrammasi bilan bayonnomaga ilova qilinib, o‘raladi va muhrlab, eshitilgan so‘zlashuv qachon boshlanib qachon tugagan vaqti belgilanadi va bu ma’lumotlar imzolar bilan tasdiqlanib surishtiruvchi yoki tergovchiga beriladi.
Bayonnoma va unga ilova qilingan fonogramma (telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish fonogrammasi) surishtiruvchi yoki tergovchiga 24-bobda qayd etilgan tartibda ashyolar hamda hujjatlarni taqdim etish qoidalariga ko‘ra topshiriladi va 25-bobga asosan ashyo va hujjatlarni ashyoviy va yozma dalil sifatida ishga qo‘shish qoidalariga asosan ashyoviy dalil sifatida tan olinadi. Ushbu tergov harakatida ishtirok etgan xolislar milliy xavfsizlik xizmati organi tomonidan jalb etilgan bo‘lib, ishga aloqador bo‘lmasliklari kerak, ammo bevosita ushbu organ xodimlari sifatida ishlayotgan bo‘lib, xolis sifatida jalb etilishlari mumkin (davlat va xizmat sirlarini oshkora etmaslik talablariga binoan).
Telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitish bayonnomasi Jinoyat-protsessual kodeksining 90 va 91-moddalarida qayd etilgan qoidalariga rioya qilingan holda tuzilishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |