Toshkent davlat yuridik Universiteti Jinoyat-protsessual huquqi



Download 0,94 Mb.
bet138/262
Sana02.06.2022
Hajmi0,94 Mb.
#629978
1   ...   134   135   136   137   138   139   140   141   ...   262
Bog'liq
04.11.17 оконч.ЖПХ дарслик

Bir turdagi ekspertiza – bir ixtisoslikdagi ekspert yoki ekspertlar komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan ekspertiza turi.


Kompleks ekspertiza – Jinoyat-protsessual kodeksi 178-moddasiga asosan ish uchun ahamiyatga molik holatlarni turli ilm sohalaridan foydalangan holda bir necha ekspert tekshiruvini o‘tkazish yo‘li bilangina aniqlash mumkin bo‘lgan hollarda tayinlanadi.

Kompleks ekspertizani o‘tkazishda ekspertlarning har biri o‘z vakolati doirasida ekspert tekshiruvlari olib boradi. Kompleks ekspertizaning xulosasida ekspertlarning har biri qaysi ekspert tekshiruvlarini va qancha hajmda olib borganligi, qaysi holatlarni shaxsan o‘zi aniqlaganligi hamda qanday fikrlarga kelganligi ko‘rsatiladi. Ekspertlarning har biri xulosaning ushbu ekspert tekshiruvi bayon etilgan qismini imzolaydi va ular uchun javobgar bo‘ladi. Umumiy fikrni (fikrlarni), olingan natijalarni baholashga va ushbu fikrni (fikrlarni) shakllantirishga vakolatli bo‘lgan ekspertlar qiladi. Agar ekspertlar komissiyasi yakuniy fikrining yoki uning bir qismining asosi sifatida ekspertlardan birining (alohida ekspertlarning) aniqlagan holatlari olingan bo‘lsa, bu haqda xulosada ko‘rsatilishi kerak. Ekspertlar o‘rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar bo‘yicha alohida xulosa beradi. Agar kompleks ekspertizani o‘tkazish davlat sud-ekspertiza muassasasiga topshirilgan bo‘lsa, unda ushbu ekspertizani tashkil qilish uning rahbari zimmasiga yuklatiladi.


7. 15. Taftish tayinlash, o‘tkazish va natijalarini
rasmiylashtirish tartibi
(Muallif – y.f.d., dotsent D.M.Mirazov)

Iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituvi va sudda ish yuritish jarayonlarida dalillar to‘plash maqsadida iqtisodiy bilimlarning turli shakllaridan foydalaniladi. Bular qatorida mutaxassis-iqtisodchini ishga jalb qilish, auditorlik tekshiruvi, sud-buxgalteriya ekspertizasi, taftish tayinlash va o‘tkazish, mazkur tadbirlarni o‘tkazadigan shaxslar, ularni o‘tkazish tartibi va natijalarining daliliy ahamiyati kabi masalalar muhim ahamiyat kasb etadi. Zero iqtisodiyotning ko‘lami kengayib borayotganligi, uning sohalarining qamrovi keskin ravishda ortishi, ushbu sohada sodir qilinayotgan jinoyatlarning turlarini, va sonining ortishiga, ularni sodir etishda qo‘llanilayotgan usullarning tobora murakkablashib, jinoyatni yashirishning yangi usullarini


qo‘llanilayotganligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli mazkur toifadagi jinoyat ishlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov, sud muhokamasi davomida haqiqatni aniqlash maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanish orqali amalga oshirilayotganiligini eʼtirof etish darkor.
Ta’kidlash joizki jinoyat ishlarini yuritishda maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanish sud-tergov amaliyotida keng qo‘llanilganligi sababli mazkur masala rahbariy tushuntirishlar darajasida hal etilishiga harakat qilingan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarning sudlar tomonidan qo‘llanilishi haqida” 2003-yil 6-iyun` kunidagi 6-sonli qarorining 17-bandida ko‘ra “Soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarni qo‘llash bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda, sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, sudlanuvchining harakatlarida jinoyat tarkibi bor-yo‘qligi bilan bog‘liq holatlar boshqa dalillar bilan bir qatorda ekspert xulosasi, hujjatli tekshiruv va moliya-xo‘jalik faoliyati taftish aktlari asosida ham aniqlanishi mumkin. Soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq barcha holatlarni to‘liq va har tomonlama aniqlash maqsadida, sudlar, zarurat tug‘ilganda, sud majlisiga soliq solish sohasi bo‘yicha mutaxassislarni jalb qilishlari lozim” deyilgan.
Aynan yuqorida keltirilgan vaziyatlarning yechimini topish, jinoyat ishlari bo‘yicha ish yurituvi jarayonida maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanishning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi PF – 4848-sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarni ijro etish hamda O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 30-dekabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 87-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, taftish dalillarni to‘plashning usuli sifatida kiritildi va uni o‘tkazishning protsessual xususiyatlari JPKning 1871-11-moddalari bilan qonuniy mustahkamlandi.
Taftish dalillarni to‘plashning boshqa usullari kabi jinoyat ishi bo‘yicha isbotlash predmetiga taalluqli ma'lumotlarni aniqlash, to‘plash, tekshirish va baholash maqsadida o‘tkaziladi.
Taftish yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni taftish qilish ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlar haqidagi ma'lumotlarni tekshirilayotgan subyektlarning buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlarini va boshqa hujjatlarini o‘rganish hamda taqqoslab ko‘rish yo‘li bilan olish mumkin bo‘lgan hollarda tayinlanadi.
Taftish – maxsus iqtisodiy bilimlarga ega bo‘lgan mutaxassis tomonidan, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning topshirig‘i(qarori) asosida, jinoyat ishi yuzasidan isbotlash predmetiga kiruvchi holatlarni aniqlash maqsadida, hujjatli va faktik nazorat usullarini qo‘llagan holda, xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishdir.
Tadbirkorlik subyektining faoliyatini taftish qilish faqat uning qonun hujjatlarini buzganligi faktlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida amalga oshirilishi, bunda taftishga tadbirkorlik subyektining faqat qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bilan bog‘liq faoliyati qamrab olinishi mumkin.
Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 9-moddasiga ko‘ra “Prokuratura, ichki ishlar va milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish uchun qo‘zg‘atilgan jinoiy ish mavjudligi asos bo‘ladi. Bunda tekshiruvga xo‘jalik yurituvchi subyektning faqat qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bilan bog‘liq faoliyati qamrab olinishi mumkin bo‘lib, bu haqda tekshiruvni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim”. Bu esa JPK normalari bilan faqatgina qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha rejadan tashqari taftish tayinlash mumkinligi belgilanadi, JPKning 329-moddasiga ko‘ra tergovga qadar tekshiruv muddatini uzaytirishning asoslaridan biri sifatida ko‘rsatilgan taftish reja asosida O‘zbekiston Respublikasining Soliq Kodeksi asosida o‘tkaziladi.Taftish surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan tayinlanadi. Taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
1) tekshiriladigan subyektning to‘liq nomi va uning tashkiliy-huquqiy shakli (yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami va yuridik manzili;
2) jinoyat ishining raqami yoki taftishni tayinlash uchun tergovga qadar tekshirish jarayonida yuzaga kelgan asoslar yoxud qo‘shimcha yoki qayta taftish tayinlash uchun asoslar;
3) taftish o‘tkazish chog‘ida o‘rganiladigan masala yoki masalalar doirasi;
4) moliya-xo‘jalik faoliyatining taftish qilinishi lozim bo‘lgan davri;
5) taftish o‘tkazish topshirilgan vakolatli organning nomi, shu jumladan qo‘shimcha ravishda jalb etiladigan davlat organlari va tashkilotlar.
Shu bilan birga qonunda taftishning chegaralari aniq belgilangan bo‘lib, taftish o‘tkazish chog‘ida taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda ko‘rsatilmagan masalani yoki masalalar doirasini, shuningdek moliya-xo‘jalik faoliyatining davrini o‘rganish taqiqlanadi.
Qarorda taftishni o‘tkazish qaysi vakolatli idoraga topshirilishi ko‘rsatilishi, agar taftishni o‘tkazish bir qancha idoralarga yuklatilsa, taftishga boshqa soha mutaxassislari jalb qilinayotgan bo‘lsa qarorda ko‘rsatilishi lozim. Qarorda taftishchi oldiga qo‘yilgan savollar aniq va lo‘nda bo‘lishi, uning vakolati va bilimlari doirasidan chetga chiqmasligi zarur.
Taftish o‘tkazish asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining, davlat soliq xizmatining, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining va hududiy moliya organlariga topshiriladi. Ular taftish tayinlash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim olingan paytdan e’tiboran ikki ish kunidan kechiktirmay taftish o‘tkazish haqida taftishni o‘tkazish uchun tayinlangan shaxslarni albatta ko‘rsatgan holda buyruq chiqarishlari kerak. Zarur hollarda, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qaroriga yoxud sudning ajrimiga ko‘ra boshqa davlat organlari va tashkilotlarning xodimlari ham taftish o‘tkazish uchun jalb etilishi mumkin. Ya'ni, taftishchining taftish o‘tkazish uchun maxsus bilimlarga ega bo‘lgan mutaxassislar zarurligi to‘g‘risida asosli iltimosnomasiga asosan tergovchi mutaxassisni jalb qilish choralarini ko‘rishi zarur.
Tadbirkorlik subyektlarini taftish qilish yuridik xizmat vakillari va (yoki) jalb etilgan advokatlar albatta ishtirok etgan holda (tadbirkorlik subyekti mazkur huquqdan voz kechgan hollar bundan mustasno) o‘tkaziladi.
Taftish o‘tkazishni boshlash uchun taftish tayinlash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim, vakolatli organning taftish o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i, taftish o‘tkazuvchi shaxsning xizmat guvohnomasi, taftishga ruxsat berish to‘g‘risidagi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lgandagina mumkin. Tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida taftish o‘tkazish uchun tayinlangan shaxslar tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslarini yoki vakillarini taftish o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlar bilan taftish o‘tkazish boshlanguniga qadar tanishtirishi, shuningdek tekshiruvlarni ro‘yxatdan o‘tkazish kitobiga yozuv kiritishi shart.
Taftish tayinlashga asos bo‘luvchi protsessual hujjat tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga topshirilgan, shuningdek ular xizmat guvohnomasi va taftishga ruxsat berish to‘g‘risidagi
maxsus guvohnoma bilan tanishtirilgan payt taftish o‘tkazish boshlangan payt deb hisoblanadi.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili hujjatlarni, axborot va materiallarni taqdim etishdan bosh tortgan taqdirda, taftish o‘tkazuvchi shaxs bundan keyingi protsessual harakatlarni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladigan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga bu haqda darhol xabardor qilinadi.
Mazkur xabar asosida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror JPKda belgilangan, hujjatlarni olib qo‘yish haqida qaror chiqaradi.
Taftish jarayonida ish uchun muhim holatlarni aniqlash maqsadida faktik nazorat usullari, shu jumladan tekshirilayotgan subyektning hududi va binolari tekshiruvdan, shuningdek mol-mulki inventarizatsiyadan o‘tkazilishi mumkin. Taftishning iqtisodiy ekspertizalardan farqi shundaki, taftishchi muhim holatlarni aniqlash maqsadida faktik nazorat usullaridan foydalanishi mumkin, biroq iqtisodiy ekspertizalar faqatgina taftish va buxgalteriya hujjatlari asosida o‘tkaziladi.
Taftish tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda ko‘rsatilgan masalalarni o‘rganish soliq, valyutaga oid, buxgalteriya to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Taftish o‘tkazuvchi shaxsning tekshirilayotgan subyektning hududiga va binolariga (turar joylar bundan mustasno) kirishiga to‘sqinlik qilingan, shuningdek taftishni amalga oshirish uchun uning mol-mulkini inventarizatsiyadan o‘tkazish rad qilingan taqdirda, taftish o‘tkazuvchi shaxsning o‘zi va tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili tomonidan imzolanadigan bayonnoma tuziladi.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, unga tegishli yozuv bayonnomaga kiritilib qo‘yiladi. Bayonnoma bundan keyingi protsessual harakatlarni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladigan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga taqdim etiladi.
Taʼkidlash joizki, taftish o‘tkazuvchi shaxsning tekshirilayotgan subyektning hududiga va binolariga (turar joylar bundan mustasno) kirishiga to‘sqinlik qilinganligi, shu jumladan ushbu subyektning mol-mulkini inventarizatsiyadan o‘tkazish rad etilganligi, shuningdek taftish o‘tkazuvchi shaxsning o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilinganligi qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Taftishchi mansabdor shaxs bo‘lganligi sababli uning vakolatlari davlatning majburlov kuchi bilan ta’minlangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 264-moddasiga muvofiq Davlat soliq organlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi bo‘linmalariga, 2641-moddasiga ko‘ra – Nazorat-taftish bosh boshqarmasi organlariga maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va maʼmuriy jazo choralarini qo‘llash vakolati berilgan.
Shu bilan birga, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 198-moddasida hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ma'muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, taftishchining qonuniy talablarini bajarmaslik ma'muriy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Bu o‘rinda qayd etish lozimki, taftish o‘tkazuvchi shaxslarning o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilinganligi uchun javobgarlikka tortish taftishni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.
JPKda taftishning boshlanish va yakunlanish vaqti aniq belgilangan bo‘lib, tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma topshirilgan kun taftish o‘tkazish tugallangan kun deb hisoblanadi.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakili taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomani olishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, taftish o‘tkazuvchi shaxs taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritadi va shu paytdan e’tiboran taftish tugallangan deb hisoblanadi. Mazkur holda taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning bir nusxasi tekshirilayotgan subyektga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
Amaliyotda, ba'zi hollarda tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsi yoki vakilining qayerdaligi noma'lum bo‘lganligi yoki yashiringanligi sababli JPKning talablarni bajarish imkoni bo‘lmagan holatlarda taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorning yoki ajrimning va vakolatli organning taftish o‘tkazish haqidagi buyrug‘ining ko‘chirma nusxalarini tekshirilayotgan subyektning yuridik manziliga va uning mansabdor shaxsining yashash joyi manziliga uch ish kuni ichida buyurtma xat bilan yuboriladi.
Bunday holda buyurtma xat yuborilgan sana taftish o‘tkazish boshlangan sana deb hisoblanadi. Shuningdek, tekshirilayotgan subyekt moliya-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risida hujjatlar taqdim qilinmagan hollarda, tekshirilayotgan subyektning moliya-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi, ishda mavjud bo‘lgan hujjatlar, axborot va materiallar asosida o‘tkaziladi.
Tekshirilayotgan subyektning hujjatlari, axboroti va materiallari yo‘qotilgan, yo‘q qilingan yoki mavjud bo‘lmagan taqdirda, taftish o‘tkazuvchi shaxs taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda ko‘rsatilgan masalalarni o‘rganishni soliq, valyutaga oid, buxgalteriya to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkazishi mumkin.
Bunday holda taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnoma tekshirilayotgan subyektning yuridik manziliga va dalolatnomaning ko‘chirma nusxasi tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxsining yashash joyiga buyurtma xatlar bilan yuborilgan kun taftish o‘tkazish tugallangan kun deb hisoblanadi.
Taftish o‘tkazishning JPKda belgilangan muddati o‘ttiz kalendar` kundan iborat. Zarur bo‘lgan hollarda, tekshirilayotgan subyektning hujjatlari hajmi, faoliyatining turi va ko‘lamlari hisobga olingan holda, aftish muddati taftish o‘tkazuvchi shaxsning asoslantirilgan iltimosnomasiga ko‘ra tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan uzaytirilishi mumkin.
Taftish ob'ekti va predmeti xajmining kattaligi, taftish davomida yangi qonun buzilishi holatlari aniqlanganligi, taftishning belgilangan muddatlarda tamomlash imkoni yo‘qligi taftish muddatini uzaytirish uchun asos bo‘lishi mumkin. Biroq, taftish o‘tkazish muddati jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov muddatlariga bevosita bog‘liq bo‘lgan hollarda, tergovchi taftish davomida aniqlangan holatlarni oraliq dalolatnoma shaklida rasmiylashtirishni talab qilishi mumkin. Chunki JPK talablariga muvofiq taftishning umumiy muddati uni o‘tkazish muddatlari uzaytirilishi inobatga olingan holda, dastlabki tergov va sud majlisida jinoyat ishini muhokama qilishning belgilangan muddatlaridan oshmasligi kerak.
Tergovchi taftish jarayonini doimiy ravishda nazorat qilib borishi, ayniqsa tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va manfaatlari taftish natijasida buzilmaganligi, taftish xolisona o‘tkazilayotganligi, taftish natijasidan manfaatdor shaxslar tomonidan tashqi taʼsir o‘tkazilmayotganligi, taftish tergov muddatlari tugashidan avval yakunlanishi kabi masalalarni doimiy ravishda nazorat qilishi zarur. Taftish o‘tkazuvchi shaxslar o‘tkazilgan taftish natijalariga ko‘ra dalolatnoma tuziladi.
Dalolatnomada taftish o‘tkazilgan joy, dalolatnoma tuzilgan sana, taftish o‘tkazish uchun asoslar, taftish o‘tkazilgan muddat, taftish o‘tkazgan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yuridik shaxsning to‘liq nomi, tekshirilayotgan davrda uning rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshirgan mansabdor shaxslarining familiyasi, ismi, otasining ismi (yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi), tekshirilayotgan subyektning joylashgan yeri (pochta manzili), bank rekvizitlari, shuningdek uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, tekshirilayotgan subyekt moliya-xo‘jalik faoliyatining ilgarigi tekshiruvlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar, tekshirilayotgan davr hamda taftish o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar, axborot va materiallar to‘g‘risidagi umumiy ma'lumotlar, qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarining (ular mavjud bo‘lgan taqdirda) batafsil tavsifi qonun hujjatlarining buzilgan normalariga havola qilingan holda, o‘tkazilgan taftish natijalariga doir, shu jumladan qonun hujjatlarining buzilishlari mavjud emasligi to‘g‘risidagi xulosalar ko‘rsatilishi shart.
Taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning barcha nusxalari taftish o‘tkazuvchi shaxslar tomonidan imzolanishi kerak. Taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning bir nusxasi tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga topshiriladi, u dalolatnomaning barcha nusxalariga olganligi to‘g‘risida olish sanasini ko‘rsatgan holda imzo qo‘yishi shart. Taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning qolgan nusxalari taftish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
Tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxsining yoki vakilining taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomadagi imzosi uning taftish natijalaridan rozi ekanligini bildirmasligi haqida qoida esa taftish dalolatnomasini imzolash jarayonidagi turli tushinmovchiliklarning oldini oladi, taftish natijasi yuzasidan tekshirilayotgan subyektning alohida fikri mavjudligini qayd qiladi.
Taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaga taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorning yoki ajrimning va vakolatli organning taftish o‘tkazish haqidagi buyrug‘ining ko‘chirma nusxalari, taftish doirasida sodir etilgan harakatlar to‘g‘risidagi bayonnomalar, inventarizatsiya dalolatnomalari, taftish o‘tkazish chog‘ida olingan materiallar, shuningdek taftish doirasida sodir etilgan harakatlarni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar qo‘shib qo‘yilishi kerak.
Taftish tugallangan kundan e’tiboran keyingi ish kunidan kechiktirmay taftish materiallari taftish o‘tkazish vakolatiga ega bo‘lgan organda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi va taftishni tayinlagan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga taqdim etilishi kerak.
Taftish natijasida jinoyat ishiga taalluqli holatlardan tashqari, moliyaviy, intizomiy, ma'muriy javobgarlik uchun asos bo‘luvchi qonun buzilishi holatlari aniqlangan taqdirda taftish o‘tkazgan organ taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini qonuniy choralar ko‘rilishi uchun tegishli vakolatli organga ham yuboradi.
Taftish dalolatnomasi ham JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtayi nazaridan baholanishi lozim. Jinoyat ishlari bo‘yicha ish yurituvi jarayonida ba'zi hollarda qo‘shimcha yoki qayta taftish o‘tkazilishi mumkin. Qo‘shimcha taftish taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomada mavjud bo‘lgan kamchiliklarni to‘ldirish va ish bo‘yicha yangidan aniqlangan holatlarni aniqlashtirish uchun tayinlanadi.
JPKning 201-moddasiga muvofiq, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud taftish yoki tekshiruv natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomada yoxud boshqa hujjatda belgilangan qoidalardan chekinishlar, nuqsonlar, ziddiyatlar va boshqa kamchiliklarni aniqlagan taqdirda, hujjatdagi qayd etilgan xatolar bartaraf etilishini talab qilishga haqli. Binobarin JPKning normalarida qo‘shimcha va qayta taftish asoslari belgilab berilgan.
Takroriy taftish quyidagi hollarda tayinlanadi:
taftish xulosalari va natijalariga rozi emaslik to‘g‘risida tekshirilgan subyekt, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tomonidan taqdim etilgan e’tirozlar asosli deb topilganda;
taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomada taftish materiallari va jinoyat ishining boshqa materiallari bilan qarama-qarshiliklar mavjud bo‘lganda, shuningdek taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomadagi xulosalarga asos bo‘lgan hujjatlar, axborot va materiallar noto‘g‘ri deb topilganda;
taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomada ko‘rsatilgan xulosalar asossiz bo‘lganda yoki ularning to‘g‘riligi shubha tug‘dirganda. Dastlabki taftishni o‘tkazgan shaxslar qayta taftish o‘tkazish uchun tayinlanishi mumkin emas. Alohida ta'kidlash lozimki, taftish tayinlash va o‘tkazishda tadbirkorlik subyektlarining manfaaatlarini taʼminlashga alohida e’tibor qaratish lozim.
Jumladan, JPK normalarida tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslari yoki vakillarining huquq va majburiyatlari aniqlab, belgilab berilgan:
tekshiruvchi shaxslardan taftish o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlarni talab qilish, xizmat guvohnomasi, shuningdek taftishga ruxsat berish to‘g‘risidagi maxsus guvohnoma bilan tanishish;
o‘z faoliyati taftishdan o‘tkazilishi to‘g‘risida tegishli axborotga ega bo‘lish, taftish o‘tkazuvchi shaxslar tomonidan tadbirlar o‘tkazilishi chog‘ida tushuntirishlar berish va ularda hozir bo‘lish;
taftish o‘tkazuvchi shaxslarning o‘z vakolatiga kirmaydigan masalalarga doir talablarini bajarmaslik va ushbu shaxslarni taftish mavzuiga taalluqli bo‘lmagan hujjatlar, axborot va materiallar bilan tanishtirmaslik;
xizmat guvohnomasini, taftishga ruxsat berish to‘g‘risidagi maxsus guvohnomani, taftishni tayinlash haqidagi qarorning yoki ajrimning, vakolatli organning taftish o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘ining ko‘chirma nusxalarini taqdim etmagan shaxslarni taftish o‘tkazish uchun hududga va binolarga kiritmaslik, shuningdek taftish muddatlari boshlanmagan yoki o‘tib ketgan yoxud taftish o‘tkazuvchi shaxs tekshiruvlarni ro‘yxatdan o‘tkazish kitobini to‘ldirishni rad etgan taqdirda, hududga va binolarga kiritmaslik;
taftish tugallangan kunda taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaning bir nusxasini taftish o‘tkazuvchi shaxslardan olish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taftish natijalari ustidan shikoyat qilish, shu jumladan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga qo‘shimcha yoki qayta taftish tayinlash to‘g‘risida iltimosnoma kiritish yo‘li bilan shikoyat qilish.
Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslari yoki vakillarining zimmasiga qator majburiyatlar yuklatilgan bo‘lib, ular taftish o‘tkazuvchi shaxslarni taftish o‘tkazish uchun hududga va binolarga kiritishi, taftish o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, axborotni va materiallarni taftish o‘tkazuvchi shaxslarning qonuniy talabiga ko‘ra taqdim etishi, taftish o‘tkazuvchi shaxslarning o‘z majburiyatlarini bajarishida ularga ko‘maklashishi shart.
Mazkur normalar tadbirkorlik subyektlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 24-dekabrda qabul qilingan “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan huquqlarini kafolatlaydi. O‘z navbatida taftish o‘tkazuvchi shaxslartekshirilayotgan subyektning hududini va binolarini tekshirish, uning mol-mulkini inventarizatsiyadan o‘tkazish, taftish o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, axborotni va materiallarni talab qilib olish, tekshirilayotgan subyektning rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya
hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslaridan, moddiy javobgar xodimlaridan hamda boshqa xodimlaridan tushuntirishlar olish, qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlari bartaraf etilishini talab qilish, obyektiv asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, taftish o‘tkazish muddatini uzaytirish to‘g‘risida tergovchiga, prokurorga yoki sudga iltimosnoma kiritish, JPKda va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan o‘zga harakatlarni bajarish huquqlariga ega.
Shu bilan birga ta'kidlash lozimki, taftish o‘tkazuvchi shaxslarning qonuniy talablari tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslari va vakillari tomonidan ijro etilishi shart. Taftish o‘tkazuvchi shaxslar xizmat guvohnomasini, shuningdek taftishga ruxsat berish to‘g‘risidagi maxsus guvohnomani taqdim etish, taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorning yoki ajrimning va vakolatli organning taftish o‘tkazish haqidagi buyrug‘ining ko‘chirma nusxalarini tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsiga yoki vakiliga imzo qo‘ydirib topshirish, tekshirilayotgan subyektlar faoliyatining amalga oshirilishiga to‘siqlarni yuzaga keltirmasligi va faoliyatining to‘xtatib qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaslik, davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarni oshkor etmaslik, yuridik xizmat vakillarining va (yoki) jalb etilgan advokatlarning taftishning istalgan bosqichida ishtirok etishga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlar haqida tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxsini yoki vakilini xabardor qilish, tekshiruvlarni ro‘yxatdan o‘tkazish kitobini qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda to‘ldirish, taftish natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomani rasmiylashtirish, uning bir nusxasini tekshirilayotgan subyektda taftish tugallangan kuni qoldirish kabi keng huquqlarga ega.
Shu bilan birga har bir aniqlangan huquqbuzarlik faktlari aniqlangan taqdirda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ta'sir choralarini ko‘rishi shart. E’tibor qaratilishi lozim bo‘lagn holat shundan iboratki, jinoyat protsesining obyektivligini taminlash maqsadida materiallari ishning qo‘zg‘atilishiga asos bo‘lgan taftish yoki o‘zga idoraviy tekshiruv o‘tkazgan shaxs ushbu ishda ekspert yoki mutaxassis sifatida ishtirok etishga haqli emas.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil
20-avgustdagi Qonuniga muvofiq tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini noqonuniy tekshirish uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Jumladan, MJtKning 2412-moddasiga muvofiq tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) o‘tkazish uchun ma'muriy javobgarlik, JKning 1922-moddasiga muvofiq tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) o‘tkazish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik belgilangan. Ya'ni, amaldagi qonunchiligimizda, taftish o‘tkazuvchi shaxslarga qo‘yiladigan talablar, ularning javobgarligi aniq belgilab berilgan.



Download 0,94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   134   135   136   137   138   139   140   141   ...   262




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish