3. Ko‘chmas obyektni tanib olish uchun ko‘rsatish. Ko‘chmas obyektni tanib olish uchun ko‘rsatish tartibi Jinoyat-protsessual kodeksining 129-moddasida belgilangan.
Jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi joy, bino, binodagi alohida xona yoki boshqa ko‘chmas obyekt nomini aytib va tasvirlab bersa-da, biroq uning joylashgan o‘rnini aniq aytib bera olmasa, biror aniq joydan obyektga borish yo‘lini ko‘rsatishga istak bildirsa, unga shu obyektni ko‘rsatishiga imkon beriladi.
Ko‘chmas obyektni tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati xolislar ishtirokida o‘tkaziladi.
Surishtiruvchi yoki tergovchi va xolislar yoxud sud tarkibi va taraflar tanib oluvchi bilan birgalikda u aytgan joyga keladilar. Tanib olish uchun ko‘rsatish ishtirokchilari shu joydan boshlab tanib oluvchining ko‘rsatuvi bo‘yicha yura boshlaydilar. Bunda tanib oluvchiga tanib olish uchun ko‘rsatishning boshqa ishtirokchilari yoki yot shaxslar tarafidan yo‘nalish aytib qo‘yilishining oldini olish choralari ko‘rilishi lozim.
Tanib olish uchun ko‘rsatish chog‘ida tanib oluvchining ko‘rsatuvini qayd qilish. Jinoyat-protsessual kodeksining 130-moddasiga ko‘ra, tanib olish uchun bir guruh shaxslar yoki bir nechta narsani ko‘rsatilganidan keyin tanib oluvchiga u ilgari tasvirlagan shaxs yoki narsani ko‘rsatish taklif etiladi.
Tanib oluvchi ko‘rsatilgan shaxslardan yoki narsalardan birini ko‘rsatsa, unga ko‘rsatilgan boshqa shaxslar yoki narsalar orasidan bu shaxsni yoki narsani qaysi belgilari yoki xususiyatlariga ko‘ra taniganligini tushuntirib berish taklif qilinadi.
Tanib oluvchi tanib olish uchun unga ko‘rsatilgan shaxslar yoki narsalarni ilgari ko‘rmaganligini aytsa, unga qidirilayotgan shaxs yoki qidirilayotgan narsa ulardan nimasi bilan farq qilishini tushuntirib berish taklif qilinadi.
Tanib olish uchun ko‘rsatish holatini mustahkamlash. Jinoyat-protsessual kodeksining 131-moddasiga asosan surishtiruv yoki dastlabki tergov vaqtida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish to‘g‘risida bayonnoma tuziladi. Sud muhokamasida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish sud majlisi bayonnomasida qayd qilinadi. Bayonnomada tanib oluvchining shaxsi haqidagi ma’lumotlar, tanib olish uchun ko‘rsatilgan obyektlar haqidagi qisqacha ma’lumotlar va imkon darajasida tanib oluvchining ko‘rsatuvlari so‘zma-so‘z bayon qilinadi.
Surishtiruv yoki dastlabki tergov vaqtida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomada va sud majlisi bayonnomasida: tanib oluvchi, tanib olish uchun ko‘rsatish sharoiti, jarayoni va natijalari, tanib olish uchun ko‘rsatilgan shaxslar, ularning yoshi, bo‘yi, millati, turar joyi, ko‘zga tashlanuvchi belgilari, kiyimlari; tanib olish uchun ko‘rsatilgan narsalar tavsifi; tanib olish uchun ko‘chmas obyektlar ko‘rsatilganda esa, shuningdek tanib oluvchi ko‘rsatgan yo‘nalishlar va izlanayotgan obyektga biror aniq joydan borish yo‘llari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilishi lozim.
Tanib olish uchun fotosuratlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, bayonnomaga fotojadval ilova qilinishi lozim.
Tanib oluvchining ko‘rsatuvlari, shuningdek unga surishtiruvchi, tergovchi, sud, taraflar yoki boshqa shaxslar tomonidan berilgan savollar va qaytarilgan javoblar so‘roq qilishning umumiy qoidalariga rioya qilingan holda bayonnomaga yozib boriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |