Tadqiqot obyekti va predmeti. Tadqiqot obyekti – dariy tilidagi grammatik asarlar. Tadqiqotimiz predmeti dariy tili grammatikasining shakllanish omillari, fors-dariy lug‘atchiligining grammatik asarlarning asosi sifatida o‘rganilishi va hozirgi zamon fors va dariy tillari grammatikasiga oid asarlar tahlili.
Tadqiqot maqsadi va vazifalari.Ilmiy ishdan ko‘zlangan maqsad hozirgi dariy tili grammatikasining shakllanish bosqichlarini belgilash, mavjud grammatik asarlarni tavsiflash va hozirgi dariy tili grammatik tizimini yoritishdan iborat.
Buning uchun quyidagi vazifalar belgilab olindi:
1. XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan lug‘atlardagi grammatikaga oid qaydlarni o‘rganish.
2. Grammatik asarlarning vujudga kelish sabablarini yoritish.
3. XX asrda dunyo fors va dariy tilshunosligida yaratilgan grammatik asarlarni o‘rganish.
4. XX asrda Eron va Afg‘onistonda yaratilgan grammatik asarlarni o‘rganish, ularning o‘xshash va farqli jihatlarini tahlil qilish.
5. Dariy tili grammatikasining hozirgi holatini tavsiflash.
Ilmiy yangiligi. Forsi-ye dariy lug‘atchiligiga oid 15 ta lug‘at jalb qilindi va ularda grammatikaning fonetika va morfologiya qismlariga oid qaydlar keltirilgani ma’lum bo‘ldi. Eronda nashr etilgan 11 ta grammatik asar tahlil qilindi. Dariy tili grammatikasiga oid asarlar XX asrning 60-yillarigacha mavjud bo‘lmaganini hisobga olgan holda, hozirgi dariy tili grammatikasining shakllanishiga fors tili grammatikasi nazariy asos qilib olingan. Afg‘onistonda chop etilgan 9 ta grammatik asar tahlil qilindi. Hozirgi dariy tili grammatikasining shakllanish bosqichlari ko‘rsatib berildi.
Tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari.Tadqiqotning asosiy masalasi - dariy tili grammatikasining shakllanishiga oid ma’lumotlarni keltirish; hozirgi eron va afg‘on tilshunoslarining grammatik asarlaridagi umumiylik va farqlarni ko‘rsatish. Tadqiqotning farazlari quyidagilardan iborat: 1) dariy tili grammatikasining shakllanishi o‘rta asr forsi-ye dariy lug‘atchiligi tadqiqi bilan bog‘liq; 2) o‘rta asr forsi-ye dariy lug‘atlari ‒ hozirgi fors, dariy va tojik tillari grammatikasining asosi uchun nazariy manba;
3) dariy tili grammatikasining shakllanishi fors tili grammatikasi bilan uzviy bog‘liq; 4) eron va afg‘on tilshunoslari asarlarida grammatikaning morfologiya qismi qat’iy chegaralanmagan; 5) eron va afg‘on tilshunoslari asarlarida so‘z turkumlari tasnifida tafovutlar mavjud; 6) eronlik tilshunoslarning asarlarida so‘zlar sintaktik mezon asosida turkumlarga ajratilgan.