Erdini (=skr. ratha) – “javohir” ma’nosini beradi. Qadimgi turkiy tilda erdini – “javohir”. Buddizmning qutlug‘ tushunchasi (=Ratna) shu so‘z bilan atalgan: nom erdini – “no‘m javohiri” (=Dharmaratna); Burqan erdini – “Burxon (Budda) javohiri”; üč erdini – budda tushunchasidagi “uch javohir” (=Triratna).
Budda matnlarida sug‘dcha, xitoycha atamalar ham ko‘p uchraydi. Buning sabablaridan biri budda asarlarining o‘sha tillardan tarjima qilinganligi bo‘lsa, ikkinchisi qadimgi turklar bilan o‘sha xalqlar orasida kechgan yaqin munosabatlar, adabiy aloqalar va Sharq tillarining o‘zaro ta’siridir. Masalan, Azrua ( – brahma dinining yaratuvchisi, Zervana (=skr. Brahma). Yoki: Xormuzta ( – iloh, tangrining oti, Xo‘rmuzd (=Indra). Aslida bu so‘z moniy diniy qarashlari asosida shakllangan. Keyinchalik turk-buddistlar uni o‘zlashtirib, o‘z tushunchalaridagi “iloh” ma’nosida qo‘llay boshlaganlar.
Matn tuzish an’anasi bilan bog‘liq yana bir jihat. Sharq, xususan, turk matnchiligi, matn tuzish an’anasiga ko‘ra asar qay tildan tarjima etilayotgan bo‘lsa, kitobning otini o‘ziday qoldirish yoki yaratilgan asarlarga sharq tillarining birida (tabiiyki, adabiy etkisi va mavqei yuqori bo‘lgan tilda) ot qo‘yish rusum bo‘lgan. Masalan, moniychilar tavbanomasining turkiy versiyasi “Niğošaklarnïng suyïn yazuqïn öküngü Xuastuanift” (ya’ni, “Tinglovchilarning gunohlaridan tavba qiluvchi Xuastuanift”) deb atalgan. Turk-budda asarlarida o‘zgacha bir xususiyatni kuzatamiz: ayrim asarlarning oti aslida qanday bo‘lsa o‘shanday, ba’zilariga esa turkcha ot qo‘yilgan. Masalan, “Mahayanasutra” – turkiy tilda “Uluğ kölüŋü sutur” yoki “Maytreya samiti nataka”ning turkcha versiyasi “Maytri simit nom bitig” deb atalgan. “Suvarnaprabhasa sutra” qadimgi turkiy tilga “Altun öŋlüğ yaruq yaltrïqlïğ qopta kötrülmiš nom eligi” (ya’ni, “Oltin tusli yorug‘lik taratuvchi hamma narsadan buyuk bo‘lgan tojdor no‘m”) deb o‘girilgan. Yoki, turkcha “Nirvan bitig” (=skr. Nirvana sutra) – mahayana mazhabida yaratilgan sutralardan birining otidir.
Qadimgi turk-budda, turk-moniy adabiyotlari, matnchiligi negizida shakllangan ushbu an’analar turkiy xalqlar adabiyotida uzoq davr saqlanib qolgan. Buning ta’sirini o‘zbek mumtoz adabiyotida ham uchratamiz. Masalan, Alisher Navoiyning asarlari turkiy tilda ekanligiga qaramay, arabcha atalgan: “Me’zānu-l-avzān”; “Muhākamatu-l-luğātayn” va shuning singari.
Yozma manbalarda budda diniy-falsafiy tushunchalarining asl turkiy shaklda qo‘llanilgani ham e’tiborga loyiq. Budda muhitida turkiy tilning lug‘at tarkibida burundan qo‘llanib kelayotgan turkiy so‘zlar yangi ma’noda ishlatilgan. Yozuvchilar atamani diniy qarashlarning mohiyatidan kelib chiqib tanlaganlar. Bunga bir misol. Turklarda buddizmning maxayana yo‘li amal qilgan. Qadimgi turkiy tilda bu mazhab mahayana, tayšiŋ (bularning biri sanskritcha, ikkinchisi xitoychadan o‘zlashgan) yoki uluğ kölüŋü deb atalgan. Xinayana mazhabi esa kičig kölüŋü atalgan. Kölüŋü – qadimgi turkiy tilda “yo‘l, mazhab” degani; uluğ kölüŋü – “dinning keng tariqati” (большая колесница), kičig kölüŋü – “kichik tariqat” (малая колесница) ma’nosini anglatadi.
Qadimgi turk, qolaversa, ushbu o‘lkalarda yashovchi xalqlarda amal qilgan buddizmning o‘ziga yarasha jihatlaridan yana biri shundaki, boshlab buddizm xudosiz din bo‘lgan. Biroq turklarning bunga qadar amal qilgan inonchlarida butun olamni va tirik mavjudotni yaratgan tangri (yaratmïš täŋri) tushunchasi bor. Qadimgi turk buddizmining muhim belgisi, unda turklarning bundan burungi diniy-falsafiy tushunchalariga tayangan holda, xudo (täŋri) yaratildi. Turk-buddistlar tushunchasida täŋri täŋrisi – “oliy tangri, Budda”. Buddani ulug‘lab, tükäl bilgä täŋri täŋrisi burqan “tugal dono, tangrilar tangrisi, Burxon” ham deganlar. Täŋri täŋrisi (=skr. Devātideva) hamda tükäl bilgä “tangrilarning tangrisi, tugal dono” – Buddaning sifatidir: Täŋri täŋrisi Burqan – Tangri tangrisi Burxon (Budda).
Beš yol – besh yo‘l. Bu atama “do‘zah, jin-alvasti, hayvon, inson va xudo”ni bildiradi.
Beš čaxšapit~beš čaqšapat (čaqšapat – besh aqida: “gunohsiz bo‘lish; vujud pokligi; bo‘g‘iz pokligi; yomonlik qilmaslik; shod yo‘qsil bo‘lish” demakdir.
Altï yol – olti yo‘l, yashashning olti shakli. Budda aqidasiga ko‘ra, jonzodlar tiriklig chog‘ida qilgan yaxshi va yomon amallariga qarab olti bor tug‘ilish va o‘lish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu nom ana shu tushunchani anglatadi.
Tört toğum – to‘rt tug‘ilish: 1) tuxumdan tug‘ulish, 2) qorindan tug‘ulish, 3) namlikdan tug‘ulish, 4) mavhumlikdan, yo‘q narsadan tug‘ulishni anglatadi.
On karmapt (karmapt . Bu atama budda yo‘lidagi o‘n ezgulik: 1) jonivorlarni o‘ldirmaslik, 2) o‘g‘rilik qilmaslik, 3) zino qilmaslik, 4) o‘zgalarga ayb chaplamaslik, 5) ichkilik ichmaslik, 6) yolg‘on so‘zlamaslik, 7) masxaradan xoli bo‘lish, 8) hasad qilmaslik, 9) achchiqlanmaslik, 10) xato va yomon xayollarga bormaslikni bildiradi.
On türlüg paramit (paramit ham o‘n nojo‘ya harakatdan o‘zni tiyishga ishoradir. Bular: 1) jonivorlarni o‘ldirmaslik, 2) o‘g‘rilik qilmaslik, 3) zino qilmaslik, 4) o‘zgalarni masxara qilmaslik, 5) ichkilik ichmaslik, 6) zebu ziynatga berilmaslik, 7) qo‘shiq tinglamaslik va raqs tushmaslik, 8) yumshoq to‘shakda yotmaslik, 9) man qilingan taomlarni yemaslik, 10) mol-dunyoga berilmaslik.
Üč etöz – Buddaning uch xil obrazini, uch xil qiyofada namoyon bo‘lishini anglatadi.
Üč ödki – uch zamon: bu atama buddizmdagi “uch zamonga tegishli” (o‘tgan, hozirgi va kelasi zamon) tushunchasini beradi (=Triskāla).
Diniy-falsafiy atamalarni matnda qo‘llash bir qancha prinsiplarga tayanadi. Diniy matnlarda o‘zlashmalarning soni ancha. Ular matn talabi bilan sanskrit va asar tarjima qilinayotgan boshqa tillardan o‘zlashgan. Muhimi, turkiy tilda burundan qo‘llab kelinayotgan o‘z so‘zlarni atama vazifasida qo‘llash an’anasi o‘sha chog‘lardan qolgan.
Buddizm terminologiyasidagi sug‘dchadan o‘zlashgan nom so‘zi “qonun, ta’limot” degan ma’noni beradi (sanskritcha matnlardagi Dharma ga to‘g‘ri keladi). Bundan boshqa so‘zlar ham yasalgan: nom eligi – “no‘m hukumdori” (=Dharma-rāja); nom tilgäni – “no‘m g‘ildiragi” degani (=Dharmačakra); nom bušï – “no‘m sadaqasi” (=Dharma dhana);
Xormuzta täŋri (=Indra). Uni “tangrilar xoni” deb atashgan: Täŋri qanï Xormuzta täŋri – Tangrilar xoni Xo‘rmuzd tangri.
Buddizm falsafasida täŋri yeri tushunchasi bor – “tangri yeri, qutlug‘ yer” degani (=Devaloka).
Buddizmdagi “besh uzv” (=Panča-Mandala) tushunchasini beš tilgän deyilgan.
Yoki “ko‘k, asos” (=Svabhava) tushunchasini turkiy sutrada töz yïltïz deydi va b.
Turk-budda muhitida ishlab chiqilgan atama qabul qilish va yasash prinsiplari turkiy tillar lug‘at tarkibining boyishiga katta hissa qo‘shdi va keyingi davr atamashunosligining yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |