Qadimgi turklarda yil hisobi. Qadimgi turklarda bir yil o‘n ikki oydan iborat.
Qadimgi turklarda yangi yil yaz (ya’ni ko‘klam)ning birinchi kunidan boshlangan. Eski hisobda ko‘klamning birinchi kuni navruzga emas, hozirgi martning birinchi o‘n kunliklariga, ya’ni yangi Oy chiqqan kunlarga to‘g‘ri keladi. Eski sana bo‘yicha shu kundan eski oy tugab, yangisi boshlanadi. Yilning boshi ham shu kunlarga to‘g‘ri keladi. Bu kunni qadimgi turklar yïl bašï degan. Bu so‘z hozirgi “yangi yil”dir.
Eskida yillar muchal hisobi bilan yuritilgan. Ular o‘n ikki hayvon nomini o‘n ikki yilga ot qo‘yganlar. Muchal tizimi o‘n ikki oy va o‘n ikki burjga asoslanib belgilangan edi. Tug‘ilish, janglar va boshqa tarixiy voqealarni ana shu hisob asosida yuritganlar.
Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘atit turk” asarida o‘n ikki muchal otini tartib bilan keltirgan (MK.I.331–332). Ko‘k turk bitiglarida, turfondan topilgan uyg‘ur yozuvli matnlarda yoki keyingi davrlarda yaratilgan turkiy yodgorliklarda qo‘llangan ayrim yil otlari Mahmud Koshg‘ariy qo‘llagan otlardan farq qiladi. Ular fonetik jihatdan o‘zgargan, uning boshqa bir sinonimi bilan atalgan yoki o‘zga tillardan o‘zlashgan bo‘ladi. Turkiy yozma yodgorliklarda qo‘llangan yil otlari quyidagicha:
MK da: Sïčğan yïlï – sichqon yili. Ko‘k turk bitiglarida: Küskü – sichqon.
MK da: Ud yïlï – sigir yili.
MK da: Bars yïlï – bars yili.
MK da: Tawïšğan yïlï – quyon yili. Berlin fondidagi U 5314 raqamli hujjatda: Tawšan yïl.
MK da: Nek yïlï – timsoh yili. Ko‘k turk bitiglarida: Loo~luu – ajdar yili.
MK da: Yïlan yïlï – ilon yili.
MK da: Yund yïlï – ot yili. Ko‘k turk bitiglarida: Yont~yund – ot.
MK da: Qoy yïlï – qo‘y yili. Kul tigin bitigida: qoñ yïl (K.III). Berlin fondidagi U 5254 raqamli hujjatda: Qoyn yïl.
MK da: Bičin yïlï – maymun yili.
MK da: Taqağu yïlï – tovuq yili. Berlin fondidagi U 5238 raqamli hujjatda: Taqïğu yïl.
MK da: Ït yïlï – it yili.
MK da: Toŋuz yïlï – to‘ng‘iz yili. Ko‘k turk bitiglarida: Lağzïn, toŋuz – to‘ng‘iz.
Turkiy tillarda yaš so‘zi ham vaqt bilan bog‘liq. yaš – kishi umrining bir yillik bo‘lagidir. Shuning uchun qadimgi turkiy tilda “yasha” fe’lining o‘rnida yïlla- so‘zi ham ishlatilgan.
Hozirgi o‘zbekchadagi “yosh”ni anglatuvchi yašar asli yašayur dan; u “shuncha yil yashaganlik”ni bildiradi. Kul tigin bitigida sarkarda Kul tiginning faoliyati xotirlanar ekan, Bilga xoqon tilidan otuz yašayur erti yoki bir qïrq yašayur erti deb qayd etilgan (K.42). Bu “o‘ttiz yashar edi”, “o‘ttiz bir yashar edi” degan ma’noni beradi.
Hozirgi o‘zbek tilida qïrq yašar, ellik yašar deb ishlatamiz, bu o‘sha yašayur ning o‘zgargan ko‘rinishidir. Yoki buning o‘rnida čiqdï, kirdi so‘zlari ham qo‘llanila oladi: qïrqqa čïqdï – qïrqqa kirdi; ellikkä čïqdï – ellikkä kirdi.
Bitiglarda yaš so‘zi o‘rin-payt kelishigi qo‘shimchasi bilan qo‘llanilib, vaqt aniqligini ifodalaydi. Masalan: yeti yigirmi yašima – o‘n yetti yoshimda (X.24); otuz artuqï bir yasïma – o‘ttiz bir yoshimda (X.29). Qiyoslang, hozirgi o‘zbek tilida: yašï qïrqda, yašï ellikdä.
Do'stlaringiz bilan baham: |