Yuza yo‘nalishi bo‘yicha “tomon” tushunchasi “qutb”ni anglatadi. Bu Yer yuzining to‘rt tarafi bilan bog‘liq. Eski turklar “to‘rt qutb”ni tört buluŋ yoki tört sarï deb ataganlar. Tört buluŋ, tört sarï tushunchalari “kenglik, zamin bepoyonligi”ni ham bildirgan. Jumladan, badiiy adabiyotda el qahramonlarining cheksiz yerlarga hukumronlik qilganligi, ularning kuch-qudrati ayni tushunchalar bilan ta’rif etilgan. Masalan, Kul tigin bitigida Bumin va Istami xoqonning el erki yo‘lidagi kurashlari shunday ta’riflanadi: Tört buluŋ qop yağï ermis, sü süläpän tört buluŋdaqï bodunuğ qop almïs, qop baz qïlmïs (To‘rt taraf butunlay dushman ekan. Qo‘shin tortib, to‘rt yoqdagi xalqni butunlay olganlar, butunlay bo‘ysundirganlar) (K.2). Yoki Bilga xoqon bitigida xoqon o‘z qahramonliklarini shunday yodga oladi: Täŋri yarlïqaduq üčün özüm olurtuquma tört buluŋdaqï bodunuğ etdim (Tangri yorliqagani uchun o‘zim (xoqon bo‘lib) turganimda to‘rt tarafdagi xalqni tartibga soldim) (Xb.9). “O‘g‘uzxoqon” dostonida Yerniŋ tört buluŋïnuŋ qağanï degan jumla ham uchraydi. Bu jumla “Erning to‘rt tomonining xoqoni, Yer yuzining xoqoni, zamin hukumdori” degan ma’noni anglatadi. Asarda O‘g‘uzxoqon ana shunday sifatlar bilan ulug‘langan.
Qadimgi turklar tasavvurida tevarak-atrof, olam qutblari tushunchasi kishining kunchiqarga qarab turgan holati bilan bog‘liq yuzaga kelgan. Eski turklar ko‘k-tangriga kunchiqarga yuz tutgan holatda ibodat qilganlar. Ayni holatda tevarak, qarama-qarshi tomonlarni anglatuvchi to‘rt jihat yuzaga kelgan: “old” – “orqa”, “o‘ng” – “so‘l”. Qadimgi turkiy tilda “old” tushunchasi – il yoki öŋ, “orqa” – qurї , “o‘ng” – bir yoki oŋ, “so‘l” esa yїr yoki čoŋ deyilgan.
Yer yuzining to‘rt qutbi (tört buluŋ) ham shu so‘zlarga jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasini qo‘shish bilan atalgan. Bu so‘z qutbning o‘sha tomoniga bo‘lgan yo‘nalishni anglatadi: İlgärü – oldinga (~Sharqqa), Birgärü – O‘ngga (~Janubga), Qurїğaru yoki Kirü – orqaga (~G‘arbga), Yїrğaru – so‘lga (~Shimolga). Masalan, Kul tigin yodgorligida Bilga xoqon tilidan xoqonliq tarixi hikoya qilinar ekan, qutb nomlari ham tilga olinadi: İlgärü Šantuŋ yazїqa tegi sülädim, taluyqa kičig tegmädim. Birgärü Toquz ärsänkä tegi sülädim, Tüpütkä kičig tegmädim. Qurїgaru Yinčü ögüz kečä Temir qapїğqa tegi sülädim. Yїrğaru Yer Bayїrqu yeringä tegi sülädim. – Sharqqa – Shantung dashtiga qadar qo‘shin tortdim, dengizga bir oz yetmadim. Janubga – To‘qiz arsanga qadar qo‘shin tortdim, Tuputga bir oz yetmadim. G‘arbga – Yinchu o‘guz(Sirdaryo)ni kechib, Temir qopiqqa qadar qo‘shin tortdim. Shimolga – Yer Bayirqu yerigacha qo‘shin tortdim (Ka.3–4).
Janub oŋ jaŋaq (~oŋ yaq) [ya’ni, o‘ng tomon], Shimol čoŋ jaŋaq (~čoŋ jaq) [ya’ni, so‘l tomon] deb ham yuritilgan.
Eski turklar qutbni quyoshning ko‘rinuvi (chiqishi va botishi, kecha-kunduz almashinuvi) bilan ham bog‘liq holda tasavvur etganlar. Jumladan, quyoshning chiqishi bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelgan Küntoğsїq (Kunchiqar) tushunchasi – Sharqni, Quyoshning botish yeri bilan aloqador Künbatsїq (Kunbotar) esa G‘arbni bildirgan. Hozirgi o‘zbek tilida buning o‘rnida “kunchiqar” va “kunbotar” so‘zlari qo‘llanadi.
Kün ortusï – tub ma’nosida “choshgoh, tush, peshin”ni, qutbga nisbatan Janubni, Tün ortusï – tub ma’nosida “qoq tun, yarim tun”ni, qutbga nisbatan Shimolni bildiradi. “Janub”ni Kündünki ham deyilgan: Kündünki buluŋ – Janub tomon.
“O‘g‘uzxoqon” dostonida qarama-qarshi qutblarni anglatuvchi Kün toğušï va Kün batušï atamalari qo‘llangan. Ushbu atamalardagi toğušï va batušï Quyoshning Sharqdan chiqishi va G‘arbga botish holatini ifoda etmoqda. Shunga ko‘ra, Kün toğušï – “Sharq”, Kün batušï – “G‘arb”ni bildiradi. Bu ikki atama qarama-qarshi ikki qutbni bildiruvchi Küntoğsїq va Künbatsїq qa tengdir.
“Qutadg‘u bilig”da kunning chiqishi bilan bog‘liq holda Sharqni Tuğar, G‘arbni esa kun botishi bilan bog‘liq ravishda Batar deyilgan.
Manbalarda vaqtni bildiruvchi taŋ, tün so‘zlari ham qutblarni ifoda etgan: Taŋ sarï – Sharqqa, Tün yaŋaq – Shimol tomon, Tün sarï – Shimolga.
Ayrim koinot jismlarining harakat va holati qadim tasavvurlarda inson hayotini belgilovchi deb tushunilgan va ularga hurmat bilan qaralgan. Bunga “Qutadg‘u bilig”da asar qahramonlarining oti Aytoldï va Küntuğdï atalganini ham dalil keltirish mumkin: Aytoldï – “to‘lgan oy”, Küntuğdï – “quyosh chiqdi” degan ma’noda.
Quzuluš, Quzordu taponimlari tarkibidagi quz “kunga ters”, “kun botar” ma’nolarini bildiradi. Quzuluš, Quzordu – “kun botardagi shahar” degani. Hozirgi quzğay, küngäy degan so‘zlarimizning tub anglami ham “tomon” tushunchasi bilan bog‘liqdir.
Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘atit turk” asarida Yer yuzi xaritasini keltirgan va unda ham qutblar qayd etilgan. Biroq, ushbu xarita arab tilida bo‘lgani uchun qutblarning nomi ham arabchada. Chunonchi, ushbu xaritada doiraning to‘rt yog‘iga qutb nomlari yozib qo‘yilibdi: uning yuqori tomoni – Sharq (aš-Šarq), quyi tomoni – G‘arb (al-Ğarb), o‘ng tomoni – Janub (al-Janub), chap tomoni – Shimol (aš-Šimāl).
Muhimi, ushbu xaritaning tuzilishida olam qutblari, tomonlar haqidagi qadimiy tushunchalar o‘z ifodasini topgan. Chunonchi, Mahmud Koshg‘ariy Yer yuzi xaritasini keltirar ekan, yuqori tomonda hozirgi xaritalardagi singari Shimolni emas, Sharqni ko‘rsatgan.
Qadimgi turklarda ranglar ham tomonni ifodalashga xizmat qilgan. Masalan, oq rang – G‘arbni, ko‘k rang – Sharqni, qora rang – Shimolni, qizil rang – Janubni bildiradi. “Oq xunlar” deganda g‘arbiy o‘lkalardagi qanqa va kushonlar nazarda tutiladi. “Ko‘k turklar” deyilganda sharqiy turklar tushunilishi ham, ehtimol, shundandir.
Oltin O‘rda davlati ikkiga bo‘lingan edi: Oq o‘rda – g‘arbiy o‘lkalar, Ko‘k o‘rda – sharqiy davlat, uni Abulxayrxon qurgan.
Amir Temurning Shahrisabzda qurdirgan qarorgohi Oqsaroy, Samarqanddagi qarorgohi esa Ko‘ksaroy deb atalgan edi. Ularning birinchisi g‘arbda, ikkinchisi esa sharqda joylashgani uchun shunday atalgan.
Demak, bitiglarda qo‘llangan “tomon” tushunchasi bilan bog‘liq atamalar tizimi qadimgi turklarning olam va uning tuzilishi to‘g‘risidagi qarashlari, ularning borliqqa munosabatini, falsafiy qarashlarini o‘rganishda eng ishonchli va kerakli manba bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |