Fe’lning buyruq shakli
Buyruq fe’lning bosh shaklida bo‘ladi yoki unga maxsus qo‘shimchalar qo‘shish yo‘li bilan hosil qilinadi. Buyruq tinglovchiga yoki g‘oyibga bo‘ladi. G‘oyib buyrug‘i o‘zak-negiz oxiriga -sïn, -sin / -sun, -sün qo‘shimchasini qo‘shib yasalgan. Bu qo‘shimcha -zun, -zün shaklida ham qo‘llanilgan: Kögmän yer-sub idisiz qalmazun tiyin. – Ko‘gman yurti egasiz qolmasin deya (K.20). Sak. da: saqlasun, öğränsün. She’rda shunday kelgan:
Endik kiši titilsün,
El törü yitilsün,
Toqlï, böri yetilsün,
Qaδğu yemä sawïlsun.
((Qilichimiz bilan qayg‘uni ochaylikki), axmoqlar yo‘lga tushsinlar, el ishi tuzalsin, qo‘zi bilan bo‘ri birga yursin, bizdan qayg‘u-g‘am yo‘qolsin) (MK.I.131).
Tinglovchi buyruq birligi fe’lning bosh shaklining o‘zidir: kel-, ket-, al-, tut-, bašla-, sözlä-. Ko‘pligi fe’lning bosh shakliga -iŋiz, -ïŋïz qo‘shimchasi qo‘shib hosil qilingan: keliŋiz, ketiŋiz, sözläŋiz, barïŋïz. Bir guruhga buyruq qilishda oxirgi -z (-iz, -ïz) tushiriladi: keliŋ, ketiŋ, sözläŋ, barïŋ. Ba’zan yodgorliklar tilida tinglovchi ko‘pligini ifodalash uchun -iŋ, -ïŋ hamda -iŋlär, -ïŋlar qo‘shimchalari aralash qo‘llanilgan. Masalan, “Irq bitigi”da: Anča biliŋlär: edgü-ol (İB.1) // Anča biliŋ: edgü-ol (İB.2) – Buni biling, ezgudir. Yoki AT.283 da: Kim taluyqa barayïn tisär kiriŋlär, oğlum tiginkä eš boluŋlar. – Kim dengizga boraman desa, (saroyga – qoshimga) kiringlar, o‘g‘lim shahzodaga esh bo‘linglar; Amtï siz qatağlanïŋ, birlä barïŋ, yerči boluŋ. – Endi siz bardam bo‘ling, birga boring, yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘ling. O‘zga buyruq birligi kelsin, ketsin, ko‘pligi kelsinlär, ketsinlär tarzida qo‘llangan. Masalan: Tiginig asan tükäl kelürzünlär. – Teginni eson-omon keltirsinlar (AT.283).
Muhimi shundaki, “Qutadg‘u bilig”da o‘zga buyrug‘ining birligi -su, -sü / -sun, -sün hamda -sunï, -süni shakllarida yasalgan: Yağa tursu yağmur, yazïlsu čečäk. – Yomg‘ir yog‘aversin, chechaklar ochilsin (QB.114); Qutadsu atï, bersü eki jihan. – Oti qutli bo‘lsin, (xudo unga) ikki jahonni bersin (QB.85); Tuta bersü täŋri bu taxt birlä baxt. – Tangri unga taxt bilan baxtni beraversin (QB.89); Ažun qalmasunï siziŋsiz quruğ. – Dunyo sizsiz qurug‘ qolmasin (sizdan ajramasin) (QB.105).
“Hibatu-l-haqoyiq”da o‘zga buyrug‘ining birligi -su, -sü / -sun, -sün shakllari bilan hosil qilingan: atï qalsu – nomi qolsin, yad qïlsu – yod qilsin, asïğ alsu – foyda olsin, tükäl bilsü – tugal bilsin. Yoki: sewinsün – sevinsin, kelmäsun – kelmasin, külmäsün – kulmasin.
Buyruqning bo‘lishlisi ham, bo‘lishsizi ham -ğïn, -qïn, -gin, -kin qo‘shimchasi bilan ta’kidlanadi: yatqïn, turmağïn, kelgin, ketkin. Bu qo‘shimcha tinglovchi buyrug‘iga qo‘llanadi. O‘zga buyrug‘iga qo‘llanmaydi.
So‘zlovchining buyruq-istagi fe’l negizga -ayïm, -äyim; -alïm, -älim; -alïq, -äylik qo‘shimchalarini qo‘shib yasaladi. Ko‘k turk bitiglarida: terilälim – terilaylik, sü yorïlïm – lashkar tortaylik.
So‘zlovchining buyruq-istagi -ayïn, -äyin qo‘shimchasi bilan ham hosil qilingan. AH da: qïlayïn – qilay, ayayïn – aytay, bezäyin – bezay; Sak. da: oynayïn, tökäyïn.
So‘zlovchi istagiga Husayn Boyqaro baytlaridan bir misol:
Közlärim kör et, qazā, bir šakl-i mavzun körmäyin,
Özni bir Laylāvaši išqïda Majnun körmäyin (Maj.138).
Buyruq (amr) va tinglovchiga xitob fe’l o‘zagiga -qïl, -ğïl, -kil, -gil qo‘shimchasini qo‘shish bilan ham hosil qilingan. KTT.48–49 da: čïqqïl – tashqari chiq, ačqïl – och, yapqïl – yop, atqïl – ot, čïqarğïl – chiqar, soyğïl – so‘y, tökkil – to‘k, ekkil – ekin ek, töšägil – to‘sha, sewgil – sev, elägil – ela, körgil – ko‘r, boq, keygil – kiy, kiyin. Bularning bo‘lishsiz shakli esa -mağïl, -mägil qo‘shimchasi bilan hosil qilingan: ačmağïl, töšämägil singari.
Do'stlaringiz bilan baham: |