Fe’llarda shaxs-son ko‘rsatkichi
Fe’llarda so‘zlovchi birligining shaxs-son ko‘rsatkichi -män~-men qo‘shimchasidir. Masalan, OD da: dost tutar-men – do‘st tutar-men, dušman tutar-men – yov tutarmen. AT.283 da: Bir-kiä amraq oğlumun siziŋä tutuzur-män. – Birgina suyukli o‘g‘limni sizga tutqazayapman. So‘zlovchi ko‘plik uchun kelasi zamon fe’llarida -biz, -bïz, o‘tgan zamon fe’llarida -q, -k qo‘shimchasi ishlatiladi.
O‘zga shaxs birligi -ï, -i qo‘shimchasi bilan hosil qilinadi. Ko‘plik uchun esa birlik shakliga -lar, -lär qo‘shimchasi qo‘shiladi.
So‘zlovchi fe’llardagi shaxs-sonni quyidagicha ifodalaydi:
Birlikda: ayur-men, kelür-men.
Ko‘plikda: ayur-bïz, otunur-bïz.
Tinglovchi uchun birlikda: aldïŋ, keldiŋ. Ko‘plikda: aldïŋïz, keldiŋiz.
O‘zga birligi uchun: aldï, keldi. Ko‘plik uchun: aldïlar, keldilär.
Agar shaxs ta’kidlab ko‘rsatilmoqchi bo‘lsa, undan oldin kishilik olmoshi orttiriladi. So‘zlovchi birlikda men aldïm, men keldim, ko‘plikda biz aldïq, biz keldik. Tinglovchi birlikda sen aldïŋ, sen keldiŋ, ko‘plikda siz aldïŋïz, siz keldiŋiz.
Ol sub qudï bardïmïz, sanağalï tüšürtümüz, atïğ ïqa bayur ertimiz… kün yemä, tün yemä yelü bardïmïz. Qïrqïzïğ uqa basdïmïz. – Ul suvning quyisiga bordik. (Lashkarni) sanagani tushirdik. Ot(lar)ni butaga boylar edik. ... Kunu tun yelib bordik. Qirqizni qo‘qqisdan bosdik (Ton.27).
“Xuastuanift” asarida so‘zlovchi ko‘pligining shaxs-son ko‘rsatkichi ikki xil shaklda: unli bilan tugagan fe’l shakllariga -mïz, -miz, undosh bilan tugagan fe’llarga esa -biz shaklida qo‘shilgan: ökünür-biz, ötünür-biz, sözläyür-biz, išläyür-biz, yazuqluğ-biz.
Yana bir muhim belgisi, asarda fe’lning o‘tgan zamon, shaxs-son qo‘shimchalari ham o‘zak-negizga moslashadi: so‘zning oxirgi bo‘g‘ini lablanmagan unlili bo‘lsa, zamon, shaxs-son qo‘shimchalari -tïmïz, -timiz / -dïmïz, -dimiz shaklida qo‘shiladi: sözlädimiz, biltimiz, ürkitdimiz, ačïtdïmïz ağrïtdïmïz. Agar so‘zning oxirgi bo‘g‘ini lablangan unlili bo‘lsa, -tumuz, -tümüz / -dumuz, -dümüz shaklida qo‘shiladi: yüküntümüz, ölürdümüz, öz ötägči boltumuz.
-siz affiksi tinglovchi birligida ba’zan hurmat ma’nosini ham bildiradi: Ötrü ol awïčğa ïğlayu xanqa inčä tip ötünti: Täŋrim, ne muŋ taq boltï-kim, antağ täŋri-teg, erdäni-teg ögüküŋüzni ölüm yiriŋä ïdur-siz? – So‘ng o‘sha qariya yig‘lab, xonga shunday deya iltijo qildi: “Tangrim, qanday musibatkim, shunday tangridek, javohirdek suyukligingizni [ya’ni o‘g‘lingizni] o‘lim yeriga yuboryapsiz?” (AT.283).
Do'stlaringiz bilan baham: |