-m affiksi. QB da: alïm – olim, berim – berim; MK da: aqïm – oqim, sağïm – sog‘im, tizim – tizim, bog‘, bičim – bichim, ölüm – o‘lim. Hozirgi uyg‘ur.: qatlam, aldam – aldov, bağlam, uqum – tushuncha, kiyim, ösüm – o‘sish.
-maq, -mäk affiksi. MK da: čaqmaq – chaqmoq, qïsmaq – petlya.
-qïn, -ğïn / -qun, -ğun, -kin, -gin / -kün, -gün affiksi. MK da: tutğun – tutqin, qačğïn – qochqin. Hozirgi o‘zb.: basqïn, tašqïn, yanğïn, učqun, yalqïn, köčkin, sürgün, epkin.
-qan, -kän / -ğan, -gän affiksi. Hozirgi uyg‘ur.: tuqqan – tug‘ishgan, qapqan, čeqïlğan – chaqmoq.
-qïč, -ğïč, -kič, -gič / -quč, -guč, -küč, -güč affiksi. Buyum, narsa, qurol, yarog‘ otini yasaydi. Ko‘k turk bitiglarida: ačquč – ochqich, kalit; MK da: bïčğuč – qaychi. Hozirgi o‘zb.: qïrğïč, očïrğïč ( uyg‘ur.: basquč, qïrğuč, körsätküč, yälpigüč.
-qaq, -ğaq, -käk, -gäk affiksi. QB da: yatğaq – qorovul, turğaq – soqchi; MK da: orğaq – o‘roq, turğaq – sir oluvchi qo‘shin, tirsgäk – tirsak.
-ma, -mä affiksi: MK da: tügmä – tugma, süzmä – suzma, kesmä – soch kesmasi. Hozirgi o‘zb.: surma, qatlama, süzmä.
-qu, -ğu / -kü, -gü affiksi. MK da: bïčğu – pichoq, süpürgü – supurgi, külgü – kulgu; QB da: yegü – yegulik, kedgü – kiyim. Taf. da: bïčqu – qilich.
Shu o‘rinda közgü so‘zining yasalishiga e’tibor qilaylik. Bu so‘zda -gü qo‘shimchasi ot(köz)dan ot yasagan. Aslida u fe’l o‘zagidan ot yasovchi qo‘shimchadir. Aftidan, bu o‘rinda o‘zak köz (ot) emas, kör- (fe’l) bo‘lgan bo‘luvi kerak: kör->köz->köz-gü>közgü. Qiyoslang, İB. da: közüŋü – ko‘zgu, oynak.
-n affiksi. MK da: aqïn – sel, yïğïn – yig‘in, ekin – ekin, egin – yelka, kift, boğun – bo‘g‘un; QB da: tügün – tugun. Hozirgi uyg‘ur.: eqïn – sel, jïğïn; o‘zb.: yïğïn, otun, quyun, tügün, kelin.
Ushbu affiks joy, makon otini ham yasaydi: qorğan (qor-ğa – “qo‘ri, himoya qil” so‘zidan) – qo‘rg‘on. Yoki, solishtiring: Qazan ((qaz-ğa – “g‘alaba qozon” so‘zidan) – shahar nomi, Qozon. Lekin “idish” anglamidagi qazan so‘zining o‘zagi qaz- fe’liga bog‘lanadi. Qiyoslang: hozirgi o‘zb.: qazïmaq, qazïq ham shu asosdan.
-č affiksi. QB da: qïlïnč – qilmish, fe’l-atvor, saqïnč – eslash, sewinč – sevinch; MK da: ötünč – qarz, urunč – pora, ökünč – o‘kinch; AH da: sökünč – so‘kinch; Huast. da: yükünč – yukunch (yükün- “yukunmak, sig‘inmoq, topinmoq” fe’lidan).
-š affiksi. MK da: uruš – urush, toquš – jang, kurash, čïqïš – foyda, kečiš – kechuv; QB da: alqïš – olqish (alqa – “maqta” so‘zidan), qarğïš – qarg‘ish (qarğa- so‘zidan), söküš – so‘kish; AH da: ülüš – hissa.
-man, -män affiksi. MK da: sïqman – uzumni siqadigan vaqt, sökmän – alp, qahramon. Hozirgi turk.: öğretmen – o‘qituvchi; o‘zb.: bilärmän, taparman-tutarman.
-ğa, -gä affiksi. MK da: bilgä – donishmand, olim, hakim, ögä – aqlli odam, bilimdon.
-wul, -wül affiksi. Navoiyning yozishicha, ushbu qo‘shimcha ko‘magida bir muabbir va bir maxsus sifatga tayin qilurlar-ki, sultonlarning xoh bazm asbobi uchun, xoh bazm jihoti uchun mo‘’tabardir. Andoq-ki: hiräwül, qarawul, čaŋdawul, yaŋawul, sözäwül, tapawul, kitpäwül, yasawul, bökäwül, šïğawul, daqawul (ML.178). KN da: harawul, čandawul. Qiyoslang, hozirgi o‘zb.: qarawul. Yoki xalq ertaklarining böri bäkäwül ekän, tülki yasawul ekän boshlamasini eslang.
-sïq, -sik / -sïğ, -sig / -suq, -sük / -suğ, -süg affiksi. Ko‘k turk bitiglarida: kün toğsuq – kun chiqar (Sharq), kün batsïq – kun botar (G‘arb). Qiyoslang, MK da: kün toğsuğ, kün batsïğ.
-t affiksi. MK da: ögüt – nasihat, pand.
-qa, -kä affiksi. Bu affiks hashorat otlarida uchraydi. KTT. da: sarïnčqa, kitobda qayd etilishiga ko‘ra, turkmanchada čekirgä ham deyilgan (qiyoslang, hozirgi o‘zb.: čigirtkä), qumursqa, qasïrtqa – kana.
-wač, -wäč / -ğač, -gäč affiksi. MK da: sanduwač – bulbul (solishtiring, o‘zb. shevalarida sannaqčï – oqin, xalq qo‘shiqchisi). Hozirgi o‘zb.: qaldïrğač.
Ko‘plik
Turkiy tillar tarixida ko‘plikning grammatik ko‘rsatkichlari, asosan, quyidagilar:
1. Ko‘plikning -lär, -lar qo‘shimchasi. MK da: bilgälär – donolar, alplar – pahlavonlar, qapuğlar – eshiklar. Yoki Huast. da: yaruq täŋrilär – yorug‘ tangrilar, arïğ dintarlar – pokiza rohiblar.
Hozirgi o‘zbek adabiy tilining uslubiy talablariga ko‘ra otlardan oldin ularning son ko‘rsatkichi keltirilsa, otga -lar qo‘shimchasi qo‘shilmaydi. Qadimgi turkiy tilda esa bunday o‘rinlarda ham otlarga ko‘plik affiksi qo‘shilishi mumkin. Masalan, “Oltun tusli yorug‘” asarida: iki ičiläri – ikki akasi, üč tiginlär – uch shahzoda, iki tigitlär – ikki shahzoda, yeti enükläri – (barsning) yetti bolasi.
2. Yozma yodgorliklar tilida ko‘plik -n qo‘shimchasi bilan ham yasalgan. Masalan, QB da: türkän – turklar, erän – erlar, mardlar. MK da: oğlan ïğlašdï – bolalar yig‘lashdi, erän alpï oqïštïlar – mardlar bir-birlarini chorladilar. Yodgorliklarda oğlan va erän so‘zlari birlik shaklida ham qo‘llanilgan: oğlan suw tökdi – o‘g‘lon suv to‘kdi (MK.II.27).
3. Qadimgi turkiy tilda rudiment holida ko‘plikning -t qo‘shimchasi ham uchraydi (Maлов 1951,50–51). Bunday ko‘plik -n ning -t ga o‘zgarishi bilan hosil qilingan. Masalan, “Oltun tusli yorug‘” asarida: tigin – shahzoda, tigit – shahzodalar. Lekin asarda uning ko‘pligi tiginlär~tigitlär shakllarida ham qo‘llanilaveradi.
Bunday usul bilan yasalgan ko‘plikka yana bir misol: tarqan – tarxon (unvon), tarqat – tarxonlar.
4. Turkiy tillar tarixida ko‘plik -z affiksi bilan ham yasalgan. Bunga quyidagi so‘zlarni misol keltirish mumkin: meŋiz – yuz, köküz – ko‘krak, omuz – yelka, möŋüz – shox, ağïz – og‘iz (uning ikki chakakdan iborat ekanligi nazarda tutilgan).
Bunga köz so‘zini ham misol keltirish mumkin. Solishtiring: kör – fe’l (-r – fe’l yasovchi), köz (-z – ko‘plik qo‘shimchasi).
Asli bu so‘zlarga -z qo‘shilishi orqali “ikkilik, juftlik” nazarda tutilmoqda. Biroq, turkiy tilda “ikkilik” yo‘q. Biror narsaning bittasi birlikda, ikkinchisi qo‘shilsa, ko‘plikka aylanadi. “Ikkilik” – ko‘plik degani. Shunga ko‘ra -z affiksi, ikkilik, juftlik yasovchi emas, ko‘plik yasovchidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |