Qo‘shma so‘zlarning yasalishi
Turkiy tillar tarixida so‘z yasashning analitik usuli ham amal qilgan. Bunday usul bilan yasalgan so‘zlar yodgorliklar tilida keng qo‘llaniladi.
Ko‘k turk bitiglarida: beŋgütaš, bitigtaš - bitigtosh, sübašï - lashkarboshi. AH da: qarabaš – cho‘ri, xizmatkor.
Ko‘k turk bitiglarida qutb otlari ham shunday usulda yasalgan: kün toğsuq – kun chiqar (Sharq), kün ortusï – Janub, kün batsïq – kun botar (G‘arb), tün ortusï – Shimol.
Qadimgi turkiy tilda qo‘shma so‘z holida yasalgan yer otlari (toponimlar), daryo va ko‘l otlari (gidronimlar) ham tez-tez uchrab turadi: Temir qapïğ, Qaraqum, Qara köl, Yinčü ögüz, Yašïl ögüz.
Qo‘shma so‘z holida yasalgan taponimlar ko‘proq joy otini bildiruvchi so‘zlardan tuzilgan bo‘ladi.
Qadimgi turkiy tilda “shahar” ma’nosida balїq, uluš, kän~ken, kent~kend, ordu so‘zlari qo‘llangan. Bu so‘zlarni ba’zi shahar otlarining tarkibida ham uchratamiz. Masalan: Bešbalїq, Quzuluš, Quzordu. Yoki: Ötükän, Tärkän, Äbäkän, Čimgän otlari tarkibidagi kän~ken~gän ham, chamasi, “shahar” ma’nosini anglatadi.
Quzuluš, Quzordu ham qo‘shma so‘z holidagi taponimlardir. Chunonchi, Mahmud Koshg‘ariy uluš so‘ziga izoh bera turib, yozadi: bu so‘z chigillar shevasida “qishloq”ni anglatadi. Balasag‘un va ularning yuqori yonidagi arg‘ular tilida “shahar” demakdir. Shuning uchun Balasag‘un shahrini Quzuluš deydilar (MK.I.94). Olimning boshqa bir o‘rinda qayd etishicha, bu shaharning Quzordu degan oti ham bo‘lgan (MK.I.145).
Quzordu “Qutadg‘u bilig”ning uyg‘ur yozuvli hirot qo‘lyozmasida ham uchraydi: Munungї turuğlağ Quzordu eli (Uning turar yeri Quzo‘rdu elidir) (Радлов 1890,7). Bu jumlada asar muallifi Yusuf Xos Hojibning tug‘ilgan yeri – Quzo‘rdu (ya’ni Balasag‘un) nazarda tutilmoqda.
Quzuluš, Quzordu otlari tarkibidagi quz, aftidan, “kunga ters”, “kun botar” ma’nolarini bildiradi. Chog‘ishtiring: Mahmud Koshg‘ariy lug‘atida: quz tağ – tog‘ning quyosh tushmaydigan joyi (MK.III.196); hozirgi o‘zbek tilida: küngäy – kun tushadigan joy; quzğay – kunga taskari joy. Yoki turkchada: Güney – Janub, Kuzey – Shimol. Shundan kelib chiqib, Quzuluš, Quzordu – “kun botardagi shahar” degan ma’noni bildiradi,
Endi Bešbalїq to‘g‘risida. Mahmud Koshg‘ariyning yozishicha, bu uyg‘ur viloyatidagi besh shahardan biridir (MK.I.136).
Bu otning etimologiyasi to‘g‘risida Koshg‘ariy yozadi: Balїq – johiliya davridagi turklar va uyg‘urlar tilida “shahar”. Uyg‘urlarning eng katta shaharlariga Bešbalїq deyilishi shundandir. Bešbalїq – “besh shahar” demakdir. Uyg‘urlar boshqa bir shaharlariga Yangїbalїq – “yangi shahar” deydilar (MK.I.360).
Kent va ulush otlarining yasalishida, ba’zan, Markaziy Osiyo xalqlari tillarida yagona prinsiplar amal qilganligini kuzatamiz. Masalan: Bešbalїq – kelib chiqishi turkiy ot, Panjkent – forsiy.
Qo‘shma so‘z shaklidagi kishi otlari ham bor. Masalan, Qutlubars, Qulbars, Aybars, Qaraquš, Alaquš, Aydoğdï, Kündoğdï, Kündoğmïš, Quštemür, Esändemür, Temürxan, Temürtaš.
Do'stlaringiz bilan baham: |