so‘zlari ham ayni o‘zakdan. Toquz soni birliklarning yakunlovchisi (ya’ni, oxirgi birlik) bo‘lgani uchun shunday atalgan, “to‘xtagan, yakunlangan” ma’nosini beradi, -(u)z yasovchi qo‘shimcha. Yoki yüz sonining kelib chiqishi yüz (“sirt, yuza”) ga bog‘lanadi. O‘nliklarning yakunida, sirtida turgani uchun shunday atalgan. “Kishining yuzi” anglamidagi yüz ham shu ma’noda.
Demak, säkiz ( sonlari -z qo‘shimchasi bilan yasalgan; altmïš ( sonlari esa -mïš, -miš qo‘shimchasi bilan yasalgan.
Qadimgi turkiy tilda sonlar to‘rt darajalidir. Ularning oldinma-ketinligi va aytilishi shunday:
Birliklar: bir – 1, iki~äki – 2, üč – 3, tört – 4, biš~bäš~beš – 5, altï – 6, yiti~yäti~yeti – 7, säkiz~sekiz – 8, toquz – 9. Toquz – birliklarning yakunlovchisidir.
O‘nliklar: on – 10, yigirmi – 20, otuz – 30, qïrq – 40, ilig~älig~elig~elli – 50, altmïš – 60, yitmiš~yätmiš~yetmiš – 70, sekiz on~säksän – 80, toquz on~toqsan – 90.
Yuzliklar: yüz – 100, iki yüz – 200, üč yüz – 300 va boshqalar.
Minglar: bïŋ~mïŋ yoki biŋ~miŋ – 1000, iki bïŋ – 2000, üč bïŋ – 3000 va boshqalar.
Qadimgi turkiy yodgorliklarda tümän so‘zi 10 000 ni bildirgan. Bundan yirik sonlarga uning ko‘paytmasi qo‘shib aytilgan: beš tümän – 50 000, säkiz tümän – 80 000, on tümän – 100 000 va b. Bitiglardan o‘rnaklar keltiramiz: Tabğač oŋ tutuq bes tümän sü kelti. – Tabg‘ach o‘ng tutuqning besh tuman qo‘shini keldi (X.25). Yarïs yazïda on tümän sü terilti. – Yaris dashtida o‘n tuman [yuz ming] lashkar terildi (Ton.36). Čača säŋün säkiz tümän sü birlä süŋüšdüm. – Chacha Sangunning sakkiz tuman qo‘shini bilan urushdim (X.26). QB.287 da: mïŋ tümän – 10.000000.
Qadimgi turkiy tilda ikki xonali sonlar quyidagi tartibda aytilgan:
1. Avval birlik aytilib, keyin shu son qo‘shilgan o‘nlik emas, balki undan yuqori o‘nlik aytilgan: yeti yigirmi – buning bilan “(o‘ndan oshib) yigirma tomon yettita son qo‘shildi (=o‘n yetti)” degan ma’no anglashiladi. Yana misollar: tört yigirmi – o‘n to‘rt, bis yigirmi – o‘n besh, sekiz yigirmi – o‘n sakkiz, altï otuz – yigirma olti, iki qïrq – o‘ttiz ikki, iki elig – qirq ikki, üč yetmiš – oltmish uch, yeti yetmiš – oltmish yetti, säkiz yetmiš – oltmish sakkiz, toquz säkiz on – yetmish to‘qqiz. Ko‘k turk bitiglaridan misollar: Eki otuz yašïma Tabğač tapa sülädim. – Yigirma ikki yoshimda Tabg‘ach tomon qo‘shin tortdim (X.25–26). Män toquz yigirmi yïl šad olutrum, toquz yigirmi yïl qağan olurtum, el tutdum. – Men o‘n to‘qqiz yil shad bo‘lib turdim, o‘n to‘qqiz yil xoqon bo‘lib turdim, davlatni tutdim (Xa.9). Eltäris qağan bilgäsin üčün, alpïn üčün Tabğačqa yeti yigirmi süŋüšdi. – Eltarish xoqon allomasi bilan bo‘lgani uchun, (49) alpi bilan bo‘lgani uchun Tabg‘achga o‘n yetti bor jang qildi (Ton.48–49).
2. Hozirgiga yaqin bir tartib bo‘lib, faqat o‘nlikdan so‘ng artuqï so‘zi qo‘shilgan: otuz artuqï tört – o‘ttiz to‘rt. Zamonlar o‘tib o‘nlikka qo‘shilayotgan artuqï so‘zi qisqarib, hozirgi ko‘rinishga aylangan: otuz tört.
Matnlardan misollar keltiramiz: Qïrq artuqï yeti yolï sülämis. – Qirq yetti yo‘la lashkar tortgan (K.15).
Ikki xonalilarga yana bir misol: bir tümän artuqï yeti bïŋ – 17000.
Ko‘p xonali sonlarning o‘qilish tartibi shunday: 85 – biš toquz on / säkiz on biš; 45360 – tört tümän, biš miŋ, üč yüz, altmïš.
Bitiglarda “yarim” ma’nosini sïŋar so‘zi bildiradi: Sïŋar süsi ebig barqïğ yulğalï bardï, sïŋar süsi süŋüšgäli kelti. – Qo‘shinining yarmi uy-joyini bo‘shatgani bordi, yarim qo‘shini jang qilgani keldi (X.32).
Sira (tartib) sonlar narsalarning sirasini, kishilardan har birining sirada tutgan o‘rnini belgilash uchun aytiladi. Sonlarning sira (tartib) ko‘rsatkichi boshlab -nč shaklida edi. “Birinchi” sira ko‘rsatkichi qadimgi turkiy tilda birinč shaklida, ba’zan bir shaklida ham qo‘llanilgan. Bularning o‘rnida ilki, baštïnqï so‘zlari ham ishlatilgan. “Ikkinchi” sira ko‘rsatkichi ikinti~ikindi yoki ikinč deyilgan. Qolgan sonlarga birday qo‘shilaveradi: üčünč, törtünč, bišinč, altïnč, yitinč, säkizinč, toquzunč, onunč. Ikki xonali sonlarda tartib o‘zgaradi: bir yigirminč, iki yigirminč, üč yigirminč, tört yigirminč singari.
XI–XII yuzyilliklardan -nč ko‘rsatkichining -nči, -nčï shakli ham qo‘llanila boshladi: üčünči, törtünči, bišinči, altïnčï, yitinči, säkizinči, toquzunčï, onunčï singari.
OLMOSH
Do'stlaringiz bilan baham: