Biz va siz olmoshlaridagi z ham ko‘plik qo‘shimchasidir. S.Y. Malovning yozishicha, bu olmoshlar quyidagi usulda hosil bo‘lgan: bi+si=biz (men+sen=biz); si+si=siz (sen+sen=siz) (Maлов 1951,51–52).
-z qo‘shimchasi fe’llarga qo‘shilib, ularning shaxs va sonini bildiradi. Masalan, tinglovchi birligi bardïŋ, ko‘pligi esa bardïŋïz bo‘ladi. Yoki, ko‘k turk bitiglarida tinglovchi birligi bardïğ shaklida qo‘llanilgan: Qağanïŋïn sabïn almatïn yer sayu bardïğ. – Xoqoningning so‘zini olmayin har yerga tarqab ketding (Ka.9). Buning ko‘pligi hozirgi ayrim turkiy tillarda (xususan, tatar tilida) – bardïğïz. Hozirgi o‘zb.: barïšïŋ keräk, ko‘pligi – barïšïŋïz keräk. Yoki: keliŋ – keliŋlär – keliŋiz. Keliŋiz so‘zidagi -iŋ – hurmatni bildiradi, -iz esa ko‘plikni ifodalaydi.
Hozirgi o‘zbek tilida siz aslida tinglovchi ko‘pligidir. Biroq yoshi, martabasi ulug‘, hurmati bor kishilarga ham siz deb murojaat qilinadi. Tilimizda “sizlab gapir”, “senlab gapir” degan iboralar ham bor. Birinchisi hurmatni, keyingisi esa yaqinlikni, yosh va darajasi quyi kishilarga bo‘lgan murojaatni, kerak bo‘lganda salbiy ohangda hurmatsizlikni, hatto mensimay so‘zlashni ham bildiradi. Demak, hurmatning grammatik ko‘rsatkichlaridan biri so‘zning ko‘plik shaklidir. Tinglovchi va o‘zga ko‘pligini (siz, ular), otlardagi tinglovchilar va o‘zgalar egaligini (sizniŋ, ularnïŋ), fe’llardagi tinglovchilar va o‘zga kishilarning harakat va holatini (ya’ni shaxs-sonni) bildiruvchi qo‘shimchalar, o‘rni bilan, hurmatni ham bildiradi. Masalan, dadamlar, ayïmlar deganda ko‘plikni emas, ularga bo‘lgan hurmatni ifodaymiz. Nutq jarayonida hurmat shu qadar kuchliki, hatto hurmatga sazovor kishining ish-harakati va holatiga, unga tegishli narsalarga ham hurmatni bildiruvchi qo‘shimcha qo‘shib so‘zlanadi. Masalan: Dada, avqatïŋïznï yeb alïŋ gapini olaylik. Avqat so‘zi otaga tegishli, shuning uchun unga hurmatni bildiruvchi -ïz qo‘shimchasini qo‘shib avqatïŋïz deyiladi. Keyingi yeb al- fe’li ham otaga qarashli, shuning uchun u ham hurmat shaklida (yeb alïŋ). Endi Dadamlar išdän kelgänläridä avqatlarïnï ïsïtïb berdim gapidagi hurmatga e’tibor beraylik. Dadamlar so‘zidagi -lar otaga bo‘lgan hurmatni bildiradi; kelgänläridä so‘zi ham otaning harakati, shuning uchun ham u hurmat shaklida; avqat ham otaga tegishli, shundan kelib chiqib, unga ham -lar qo‘shiladi. Endi ïsïtïb berdim so‘zi menga tegishli; shu yerda gapdagi hurmat darajasi bir pog‘ona pastga tushadi: unga -lar qo‘shimchasi qo‘shilmaydi.
Ko‘plik shakli hurmatni ifoda etganligini Mahmud Koshg‘ariy ham ta’kidlagan edi. Uning yozishicha, turklar sen so‘zini kichiklarga, xizmatchilarga hamda so‘zlovchidan daraja, martaba, yoshda quyi bo‘lgan kishilarga nisbatan qo‘llaganlar. O‘zlaridan yuqori hurmatli kishilarni siz deganlar. O‘g‘uzlar esa, aksincha, kattalarga sen, kichiklarga siz deb qo‘llaydilar. Ko‘plikda ham shuni ishlatganlar (MK.I.326).
5. Qadimgi turkiy yodgorliklar tilida ko‘plik -ağut qo‘shimchasi bilan ham hosil qilingan degan qarashlar bor. Biroq bu qo‘shimcha bilan yasalgan so‘zlar ko‘plikni bildirmaydi. Masalan, ST da: alpağut – pahlavon, bayağut – boyon.
Egalik
Otlarda bir so‘zlovchining egalik belgisi -m affiksidir: bašïm, közüm, elim. So‘zlovchi ko‘p kishi bo‘lganda -miz, -mïz qo‘shimchasi qo‘llaniladi: bašïmïz, közimiz, elimiz, biligimiz, saqïnčïmïz.
So‘zning oxirgi bo‘g‘ini lablangan unlili bo‘lganda ushbu qo‘shimcha ba’zan -muz, -müz shaklida ham qo‘shiluvi mumkin. Masalan, Huast. da: muŋumuz, köŋülümüz.
So‘zlovchi o‘zi to‘g‘risida so‘z yuritganda, odatda, özüm deb ishlatadi va bunga qo‘shimcha qilib ta’kidni kuchaytirish uchun ba’zan bän olmoshini ham qo‘shib qo‘llashi mumkin: Kältürtim-ök türk bodunuğ Ötükän yärkä bän özüm bilgä Toñuquq. – Keltirdim ham turk xalqini O‘tukan yerga men o‘zim bilga To‘nyuquq (Ton.17).
Tinglovchi birligining egaligi -ŋ qo‘shimchasi bilan hosil qilinadi: bašïŋ, közüŋ, eliŋ.
Tinglovchi ko‘pligining egalik belgisi -ŋïz, -ŋiz / -ŋuz, -ŋüz dir: bašïŋïz, közüŋüz, eliŋiz.
O‘zga birligining egalik belgisi -ï (-sï), -i (-si) qo‘shimchasidir: bašï, közi, eli.
Muhimi shundaki, “O‘g‘uzxoqon” dostonida egalikning o‘zga birligi lab unlisi bilan tugagan bo‘g‘inlarga -u (-su), -ü (-sü) shaklida ham qo‘shilib kelgan: aŋağusu – qiyofasi, közü – ko‘zi, köküzü – ko‘ksi, üčägüsü – uchalasi. Bunday fonetik xususiyat hozirgi turk tilida ham saqlangan.
O‘zgalar ko‘pligining egaligi qarashlilik ko‘pligiga birlikning egalik belgisini qo‘shib hosil qilinadi. Misoli: sözläri.
Klassik adabiyotda -ŋïz, -ŋiz / -ŋuz, -ŋüz qo‘shimchasi yolg‘iz ko‘plikni emas, o‘rni bilan, hurmatni ham bildiradi. Masalan, mahbubaga hurmat ayni qo‘shimcha bilan ifoda etiladi. Sak. da: qadrïŋïz, közläriŋiz, ğamzaŋïz, boyuŋuz, zulfuŋuz. Quyidagi baytga e’tibor bering:
Ğamzaŋïz qan tökkäli qasd etsä har dam, ul zamān
La’lïŋïzdïn köp bolur Sakkāki:gä jān minnatï (Sak.715).
“Kitob-i tarjumon-i turkiy”da ta’kidlanishicha, “qipchoq tili”da egalik bu seniŋ (bu seniki), bu munïŋ (bu buniki), bu anlaruŋ (bu ularniki), bu bizüm (bu bizniki), bu siziŋ (bu sizniki), bu anïŋ (bu uniki), bu menüm (bu meniki) shaklida ifoda etilgan. Bu so‘zlardagi -ŋ / -m qo‘shimchasi narsaning asl egasini (kimga qarashli ekanligini, kimga oid ekanligini) bildiradi (KTT.73).
Egalikning bu shakli hozirgi turk tilida ham qo‘llanilmoqda: bu senindir, bu onlarïndïr, bu sizindir, bu bizimdir, bu benimdir.Yoki, solishtiring, hozirgi o‘zb.: menimčä (-im “men”ga emas, “mening fikrim”ga taalluqli, “fikr”ning “men”ga qarashli ekanligini bildiradi): men(iŋ fikr)imčä>menimčä. Yoki, yana bir misolni qiyoslang: meniŋča. -niŋ qo‘shimchasi “men”ga tegishli, -čä esa “mening fikrim”ga tegishli. Bu o‘rinda egalik qo‘shimchasi -im qisqargan ().
Turk tilshunosligida benim evim, benim kitabïm, ev benim, kitab benim birikmalaridagi -im affiksi tamlama eki (qaratqich qo‘shimchasi) deb emas, balki iyelik eki (egalik qo‘shimchasi) deb ishlatiladi. Turk tilshunosligidagi talqinlarga ko‘ra benim evim, benim kitabïm birikma holida kelsagina, isim tamlaması dir. -im affiksi funksional jihatdan tamlayan eki bo‘lib keladi. ev benim, kitab benim shaklida gapga aylanadi. -im ning olmoshga birikuv usuli ham tarixan menimčä so‘zidagi kabi kechgan.
E’tiborga sazovorlisi shundaki, yenisey bitiglarida siz olmoshiga ham uning kimga qarashliligini bildiruvchi -im qo‘shimchasi qo‘shiladi: sizim “siz mening yaqinlarim” degan ma’no anglashiladi”: Quyda qunčuyuma, sizim oğlumqa bökmädim. – Uyda malikalarimga, siz (mening yaqinlar)im, o‘g‘limga to‘ymadim (E.14.2).
Hozirgi o‘zbek tilida tegishlilik, qarashlilik -niki qo‘shimchasi bilan hosil qilinadi: meniki, seniki, unïki, bizniki, sizniki. -m esa ba’zan she’riyatda, badiiy-ko‘tarinki uslubda qo‘llaniladi, xolos.
-niki tarkibidagi -ki tegishlilikni, mansublikni bildiruvchi (hozirgi grammatik asarlarda sifat yasovchi deya talqin etilmoqda) affiksdir. Qadimgi shakli: -qï, -ğï, -ki, -gi. Qiyoslang, qadimgi turkiy tilda: üzäki – yuqorigi, yayqï – bahorgi. Hozirgi o‘zbek tilida: qïški, yazgi, kečki, ertäki, aldïngi, keyingi. Bu misollarda: qïški – “qishga tegishli, qishga qarashli”, yazgi – “yozga tegishli, yozga mansub” degan ma’nolarni anglatadi va b. -niki tarkibidagi -ni esa qadimgi –nïŋ, -niŋ / -nuŋ, -nüŋ qo‘shimchasining qoldig‘idir. Bu qo‘shimcha bilan yasalgan so‘zlarga -qï, -ğï, -ki, -gi qo‘shilishi bilan u ham o‘zgarishga uchragan: meniki (.
Hozirgi o‘zbek tilida bu, šu ko‘rsatish olmoshlarining egalik qo‘shimchalarini olishi natijasida so‘z tarkibida fonetik o‘zgarish sodir bo‘lgan: bunïm, bunïŋ, bunïsï; šunïm, šunïŋ, šunïsï so‘zlari tarkibidagi -n- tarixan ko‘rsatish olmoshlari(bul, šul)dagi -l bo‘lib, tilning rivojlanishi, grammatik qoidalarning qat’iylashuvi sababli -n ga aylangan va har uchala shaxs egalik affikslarini qo‘shishda yana tiklangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |