Fe’lning vazifadosh shakllari: sifatdosh, ravishdosh, masdar alomati; fe’lning buyruq-istak shakli, shart ko‘rsatkichi, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, fe’l nisbatlari, shaxs-son ko‘rsatkichlari, fe’l zamonlari.
E’ t i b o r q a r a t i l a y o t g a n m a s a l a l a r:
So‘z turkumlari.
Til tarixida mustaqil so‘z turkumlari va ularning o‘zgachaliklari.
Yordamchi so‘z turkumlari va ularning o‘zgachaliklari.
OT
Otlarning yasalishi
Morfologik usulda otlar ikki xil asosdan – ot(ismlar)ga va fe’llarga yasovchi qo‘shimchalar qo‘shish yo‘li bilan yasaladi.
1. Otdan (ismlardan) ot yasovchi qo‘shimchalar. Bular:
-čï, -či affiksi. Ushbu qo‘shimcha kasb-kor, yumush egasi ma’nosini anglatuvchi ot yasaydi. Ko‘k turk bitiglarida: yoğčï – azachi, sïğïtčï – yig‘ichi, ayğučï – maslahatchi, yerči – yerni (hududni) yaxshi biladigan kishi; Huast. da: nomčï – diniy ta’lim beruvchi, pir, ustoz; ötägči – qarzdor, ba’zan ötägči birimči shaklida ham qo‘llaniladi; täŋriči – xudojo‘y, dindor; MK da: otačï – tabib, tarïğčï – dehqon, emči – shifokor , etükči – etikdo‘z; AT da: suwčï – dengizchi, kemäči – kema boshlig‘i, kapitan; KTT. da: temürči – temirchi, baqïrčï – misgar, bitigči – kotib, etmäkči – nonvoy, etči – qassob.
Alisher Navoiyning yozishicha, mansabning yo hunarning va yo peshaning izhori uchun ba’zi so‘zlar so‘ngida -čï, -či qo‘shimchasini orttirurlar. Mansabda andoq-ki: qorčï, sučï, hizānačï, keräk yaraqčï, čögänči, nizäči, šükürči, yurtčï, šilänči, axtačï; hunar va peshada andoq-ki: quščï, barsčï, qoruqčï, tamğačï, jibäči, yorğačï, xalvačï, kemäči, qoyčï. Qush hunarida ham bu istiloh bordir. Andoq-ki: qazčï, quščï, turnačï, kiyikči, tawušqančï (ML.178).
-daš~δaš, -däš~δäš affiksi. QB da: qaδaš – qarindosh, qoldaš – qo‘ldosh, köŋüldäš – ko‘ngildosh; MK da: qarïndaš – qarindosh, yerdäš – yerdosh, bir yerlik, emükdäš – emikdosh, bir onani emgan.
-lïq, -lik, -lïğ, -lig / -luq, -lük, -lug, -lüg affiksi. QB da: qarïlïq – qarilik, uluğluq – ulug‘lik, saqlïq – xushyorlik, yaruqluq – yorug‘lik, yigitlik – yigitlik, esänlik – esonlik, čečäklik – gulzor; MK da: tawarlïq – xazina, ačlïq – ochlik, qağunluq – qovun poliz, tarïğlïq – ombor, eliglik – qo‘lqop, közlük – ko‘zoynak; AH da: čïğaylïq – qashshoqlik, suqluq – suqlik, toqluq – to‘qlik.
-duruq, -dürük / -turuq, -türük affiksi. KTT da: kömüldürük – otning ko‘krak yopqichi. Hozirgi o‘zb.: boyunturuq.
-duq, -dük affiksi. MK da: burunduq – tuya anjomi, boshbog‘.
-daq, -däk affiksi. MK da: bağïrdaq – siynalik (qiyoslang: KTT da: bağïrdaq – beshik bog‘i).
-čuq, -čük affiksi. KTT.24 da: yančuq (yan – “yon” so‘zidan) – to‘rva; MK da: örčük – o‘rama soch.
-qay, -ğay, -käy, -gäy affiksi. Hozirgi uyg‘ur.: täskäy (täris-käy), küngäy; o‘zb.: terskäy, küngäy; quzğay.
-duz, -düz / -tuz, -tüz affiksi. QB da: yulduz (qiyoslang, taqlidiy so‘z: yalt-yult), kündüz.
2. Fe’ldan ot yasovchi qo‘shimchalar. Bular quyidagilardir:
-q, -k / -ğ, -g affiksi. Ko‘k turk bitiglarida: otlaq – o‘tloq, töšäk – to‘shak; qapïğ – eshik, darvoza (QB da: qapuğ), körüg – kuzatuvchi, josus; QB da: kečik – kechuv joyi, tiläk – tilak, yöläk – yordamchi, bezäk – bezak, tapuğ – xizmat, bilig – bilim, aytïğ – savol; MK da: qïšlağ – qishloq, yaylağ – yaylov, suwlağ – suv toshgan yer, tarïğlağ – ekinzor, qušlağ – qushlar makoni, tutuğ – garov, qonuq – mehmon; AH da: qïlïq – odat; ölüg – o‘lik, tirig – tirik. Taf. da: sïnağ – sinov, soruğ~soruq – so‘roq, bïčaq – pichoq.
Navoiyning yozishicha, mazkur qo‘shimchani mahal va makonga qo‘shib, bir fasl yo bir amrga mansub qilurlar. Andoq-ki: qïšlaq, yaylaq, awlaq, qušlaq (ML.178).
Yoki yana solishtiring, hozirgi o‘zb.: qïšlaq, yaylaw ( – “ko‘klam”, yaylağ – “ko‘klamni o‘tkazadigan yer” ma’nosida). Bu so‘zlarning qadimgi matnlarda qo‘llanilishiga e’tibor bering: Talïm qara qušman, yašïl qaya yaylağïm, qïzïl qaya qïšlağïm-ol. – Yirtqich burgutman, yashil qoya yozni o‘tkazar yerim, qizil qoya qishlar yerimdir (İB.51).
Do'stlaringiz bilan baham: |