So‘zlarning morfologik usulda yasalishi
So‘zlarning morfologik usulda yasalishi o‘zak yoki yasama so‘zga yangi bir so‘z yasovchi qo‘shimcha qo‘shish bilan boshqa bir so‘z hosil qilinishidir.
Turkiy tillar tarixida, yozma yodgorliklar tilida so‘zlar qat’iy qonunlar asosida yasalgan. Yasama so‘z ma’no jihatdan o‘ziga bog‘liq bo‘lgan o‘zakdan, o‘sha so‘zning har qaysi emas, aynan tutash ma’noli semasidan urchiydi. Agar yasama so‘zning morfem tarkibi chuqur tahlil qilinsa, o‘sha ildizga yetib boriladi. Masalan, hozirgi o‘zbek tilida “o‘tni yulish jarayoni”ni anglatuvchi otaq so‘zi “o‘tni yul-” ma’nosidagi ota- fe’lidan, u esa “o‘simlik” anglamidagi ot so‘zidan yasalgan. Yodgorliklarda otačï degan atama uchraydi, “tabib, davolovchi” degani. Bu so‘zning o‘zagi “o‘t, o‘simlik” emas, balki “dori, em” ma’nosidagi ot dir, undan ota-, ya’ni “davola” fe’li, unga -čï qo‘shimchasini qo‘shib otačï oti yasalgan. Demak, otačï so‘zining ildizi “davolamoq” ma’nosidagi ota-, uning negizida “dori” ma’nosidagi ot ga bog‘lanadi. Yodgorliklar tilida, boshqa bir ota- fe’li ham uchraydi, masalan: otuŋ ota- deydi, bu “o‘tin qala-, o‘tin yoq-” degani. Endi bu fe’l “o‘t, olov” anglamidagi ot dan. Hozirgi o‘zbek tilida otaw degan so‘zimiz bor, bitiglardagi ko‘rinishi – otağ. Hozirgi ma’nosiga qaraganda, bu so‘zning o‘zagi, harqalay, “olov” ma’nosidagi ot dir. Undan “o‘t qala-“ ma’nosidagi ota-, unga joy oti yasovchi -ğ qo‘shimchasini qo‘shib, otağ so‘zi yasalgan, bu “o‘t yoqib qishni o‘tkazadigan joy” ma’nosini beradi. Chog‘ishtiring: qïšlaq (
Hozirgi ayrim o‘zbek shevalarida “dazmol”ni ütük deydi. Bu so‘z o‘zagining “olov” ma’nosidagi ot ga bog‘liqligi yo‘q. Chunki, Mahmud Koshg‘ariy uni ütük shaklida keltirgan (Agar bu so‘z ot dan yasalganida uni singarmonizm qoidasiga ko‘ra otuq shaklida keltirgan bo‘lur edi). Ahamiyatlisi, Koshg‘ariy devonida ütidi fe’li ham keltirilgan (MK.III.268), bu “dazmolladi” degani. Demak, ütük o‘sha fe’ldan ekanligi ayon. Qiyoslang, Alisher Navoiyning “Muhokamatu-l-lug‘atayn” asarida ta’kidlanishicha, “üt- kallanï otqa tutup tükin arïtur ma’nādadur”.
Ayrim olimlar elig so‘zini ellig [ya’ni “eli bor”] dan kelib chiqqan deb tushuntiradilar. Bu fikrga qo‘shilmayman. Chunki -g, -ğ qo‘shimchasi fe’ldan ot yasaydi. Masalan, “kuzatuvchi, ayg‘oqchi” anglamidagi körüg so‘zi kör- fe’lidan yasalgan. Shunday ekan, elig so‘zining negizi “el, yurt” anglamidagi el emas. Endi uning mag‘zini chaqib ko‘raylik. Tilimizda elit- fe’li bor, “yetakla-, olib bor-” ma’nosida. Ushbu so‘zdagi -t ko‘rsatkichi orttirma nisbat qo‘shimchasidir. Demak, fe’l eli- bo‘lib chiqadi, u “qo‘l, barmoq” ma’nosidagi el otidan, so‘ng unga -g qo‘shimchasini qo‘shib, elig so‘zi yasalgan: el+i+g>elig. Elig so‘zining ma’nosi “etaklovchi, boshlovchi” degani.
Yana quyidagi misollarga e’tibor bering: rangni bildiruvchi yašïl – “yosh, yangi” ma’nosidagi yaš so‘zidan yasalgan (yaš-ïl). E’tiborga sazovorki, “Qutadg‘u bilig”da osmonning sifati yašïl so‘zi bilan berilgan: yašïl kök. Ko‘k turk bitiglarida uni kök täŋri deydi: kök – rangni bildiradi, täŋri esa “osmon” degani. “Qutadg‘u bilig”da osmonga nisbatan qo‘llanilgan yašïl sifati, o‘t, maysa rangini emas, balki “tiniq, beg‘ubor” ma’nosini beradi: yašïl kök – “tiniq, musaffo osmon”.
Umr vaqti anglamidagi yaš ham ayni so‘zdan urchigan; umrning muayyan vaqti: bir yaš – insonning bir yillik umri. Yaš, yaš yigit, yaš bala deyilganda “hali ko‘p yashamagan, o‘smir” tushuniladi (chog‘ishtiring, qadimgi turkiy tilda: yašlïğ – yoshi katta, keksa; yašlïğ er – keksa kishi. Hozirgi turk tilida: yašlï (yaš-lï) – “keksa, uzoq yashagan kishi”). Yaša (yaš-a) fe’li ham ayni o‘zakdan. Endi yašïn, yašna ( so‘zlari boshqa bir o‘zakdan yasalgan (chog‘ishtiring: čaqïn, čaqna; bu ham yuqoridagi qolipda bo‘lib, o‘zagi čaq-; čaqmaq čaqdï; yoki: gügürt čaq-, ot čaq-). Harqalay, yašïn so‘zining o‘zagida “yorug‘, nur” ma’nosi borligi ayon. Qadimgi turkiyda: yašu- yorug‘lik sochmoq. Chog‘ishtiring, QB da: Yašïq – Quyosh. Yaruq ham o‘sha qolipda yasalgan, yaru- “yorug‘lik sochmoq” so‘zidan.
Affiksasiya usuli bilan so‘z yasalishida so‘zning ichki va tashqi tomoniga e’tibor qaratiladi. So‘zning ichki tomoni ma’no, semantika bilan bog‘liq. Tashqi belgisi uning tovush tomonidar. Qadimgi turkiy tilda yasama so‘z ana shu ikki jihat birligidan yuzaga kelgan. Demak, o‘zak bilan yasalgan negiz o‘rtasida ham ma’no, ham fonetik jihatdan bog‘liqlik bo‘lmog‘i kerak.
Yodgorliklar tilida so‘z yasovchi affikslarning vazifasi muqum. Har bir affiks, o‘ziga tegishli doirada harakat qiladi, muayyan ma’noni anglatuvchi so‘zlar guruhini yasaydi, chegaradan chiqmaydi. Sinonimiya qurshoviga tushgan taqdirda ham, eshi yo‘l bersagina, uning vazifasini bajaradi.
Yana har affiksning fonetik variantlari ham bo‘ladi. Variantlarning bari “bir affiks”, har qaysisi “o‘sha affiksning ko‘rinishi” deb qaraladi. Ular o‘zakka singarmonizm qonuni asosida birikadi; biri boshqasining o‘rnida kela olmaydi. So‘zning morfem qurilishini tekshirganda bu qonuniyatlarni unutmaslik kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |