Unlilar cho‘ziqligi
Turkiy tillarda unlilar cho‘ziqligi ikki xil ko‘rinishda amal qiladi: “birlamchi” hamda “ikkilamchi” cho‘ziqlik. “Ikkilamchi” cho‘ziqlik keyingi hodisa bo‘lib, tovush o‘zgarishi, ko‘proq, so‘zdagi undoshning tushishi natijasida yuzaga keladi. Masalan: bigiz>biiz, šahar>šaar, oğul>uul singari. “Ikkilamchi” cho‘ziqlik shevalarda, og‘zaki nutqda tez-tez kuzatiladi.
“Birlamchi” cho‘ziqlik tovush o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan emas, turkiy tillarda azaldan bor.
Turkshunoslikda ayrim turkiy tillarda amal qilayotgan “birlamchi” cho‘ziq unlilar masalasi tugal yechimini topganicha yo‘q. Muhimi shundaki, hozirgi turkman adabiy tilida, shuningdek, o‘zbek xorazm shevalarining o‘g‘uz guruhlarida “birlamchi” etimologik cho‘ziq unlilar hozir ham amal qilmoqda. Biroq, mazkur unlilarning yuzaga kelish tarixi, yozma yodgorliklar tilida tutgan o‘rni xususida aniq-taniq xulosaga kelish mushkul.
Yozma yodgorliklar tilida “birlamchi” cho‘ziqlik ora-chora uchrab turadi. Buni matnlarda cho‘ziq unlilarning maxsus ifoda etilganligida xam ko‘rish mumkin. Chunonchi, uyg‘ur xatida cho‘ziqlikni ifodalash uchun ba’zan harflarni qo‘shaloq yozish hollari kuzatiladi. Masalan, ST da: yiil – yel, shamol (VI.9.15), küü – dovrug‘, ovoza (V.7.11), süü –lashkar, cherig (V.3.18), süülä – qo‘shin tort- (V.71.12), yüüz – 100 (V.51.24), yuul – buloq, chashma (VI.26.26), oot - o‘t, olov (V.56.25), yooğ – yuqori, cho‘qqi (V.13.18). Muhimi, bir so‘z bir matnning o‘zida oddiy shaklda ham, qo‘shaloq belgi bilan ham yozilishi mumkin: yiil (VI.9.15)//yil (V.45.10), yüüz (V.51.24)//yüz (V.15.19). “Hibatu-l-haqoyiq”ning uyg‘ur yozuvli A nushasida (Arat 1992 bo‘yicha): uul – asos (81.3), yool – yo‘l (94.4).
Arab yozuvli turkiy matnlarda [a] ning cho‘ziqligini ifodalash uchun qo‘shaloq “alif” harfidan foydalanilgan. Masalan, “Devonu lug‘atit turk”da: ااج aač – och, suq, اا ش aaš – osh, ovqat, اا ل aal – hiyla, اا ف aaw – ov.
Matnlarda lab unlilarining cho‘ziqligini ifodalashda qo‘shaloq “vav”dan foydalanilgan: ööl – ho‘l.
Ma’lumki, arab yozuvli turkiy matnlarda unlilar “aliv”, “vav”, “ya” harflari yoki harakatlar bilan ifoda etilgan. Unlilarning “aliv”, “vav”, “ya” harflari bilan yozilishini ba’zi olimlar cho‘ziqlikning ifodasi deb biladilar. Bu fikrga qo‘shilish qiyin. Mazkur imlo xususiyati faqat cho‘ziqlik bilan bog‘liq emas. Bunga turkiy yozuv an’anasining davomi sifatida yondashilgani ma’qul. Sababi shundaki, uyg‘ur xatida unlilar, cho‘ziq-qisqaligidan qat’i nazar, yozuvda mantazam tarzda ifoda etilavergan. Turklar arab xatini o‘zlashtirganlarida imlodagi ana shu prinsipni saqlab qoldilar. Shunga binoan, arab xati asosidagi turkiy yozuvda unlilar uchun “aliv”, “vav”, “ya” harflaridan foydalaniladigan bo‘ldi.
Ta’kidlash kerakki, yozma yodgorliklar tilida “birlamchi” cho‘ziq unlilar fonema darajasida amal qilgani dargumon. Harg‘alay, ular oddiy unlilarning fonetik varianti sifatida qo‘llangan ko‘rinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |