TURKIY SINGARMONIZM
So‘nggi yillarda tilshunosligimizda o‘zbek tili tarixida, xususan, Alisher Navoiy asarlari tilida singarmonizm qonuni buzilgan edi, o‘zbek tili tarixi uchun ushbu hodisa ahamiyatli emas, degan fikrlar chiqib qoldi. Butkul qo‘shilib bo‘lmaydigan fikr. Turkiy tillar tarixida, xususan, eski o‘zbek tilida singarmonizm temir qonun sifatida amal qilgan. Eski o‘zbek tilining fonetik qurilishi, morfo-fonologik tizimi ana shu qonunga bo‘ysungan edi. Navoiy asarlarining tili singarmonizmli tildir. Bugina emas, butun o‘zbek mumtoz adabiyoti asarlarining tili ayni qonunga asoslanadi.
To‘g‘ri, “singarmonizm” atamasi g‘arb tilshunosligi ta’sirida kirib o‘zlashgan. Tarixan bu atama uchramagani bilan, turkiy tillarda bu hodisa burundan bor. O‘tmishda yaratilgan grammatika va lug‘atlarda ushbu hodisaga ishora etuvchi qaydlarga duch kelamiz. O‘sha zamon tilshunoslari muayyan harf, so‘z yo qo‘shimchaning talaffuzini sharhlaganda, ularning fonetik-fonologik xususiyatini ta’kidlab o‘tadilar. Ularning bu ma’lumotlari hozirgi tushunchamizdagi “singarmonizm”ning o‘zidir. O‘tmish tilshunosligida qanday atalgani yoki qay holda ta’riflanganidan qat’i nazar, turkiy tillar tabiatida bu qonun bor, bor bo‘lganda ham o‘ta ahamiyatli edi. Hozir ham boshqa turkiy tillarda singarmonizm qonuni davom etmoqda. Muhimi, so‘zning fonetik-fonologik tabiati shu qonunga moslashadi.
Singarmonizm deb so‘zdagi tovushlarning hamda qo‘shimchalarning talaffuziga ko‘ra o‘zaro uyg‘unlashuvi, moslashuviga aytiladi. Singarmonizm unlilarda ham, undoshlar tizimida ham amal qiladi.
Unlilar uyg‘unligi ikki xil:
1) Tanglay uyg‘unligi: so‘zdagi tovushlarning bir-biriga va qo‘shimchalarning o‘zakka qatorda va “yo‘g‘on-ingichkalikda” moslashuvi. So‘zning birinchi bo‘g‘inida old qator unlilar kelsa, keyingi bo‘g‘inlarda ham old qator unlilar qatnashadi. Yoki, teskarisi, birinchi bo‘g‘inda orqa qator unlisi qatnashsa, keyingi bo‘g‘inlar unlisi ham orqa qator unlilari bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, so‘zlar “yo‘g‘on” yoki “ingichka” talaffuz etiluvchilarga bo‘linadi.
Mazkur qonunga ko‘ra o‘zak-negizga qo‘shiladigan affikslar ham fonetik variantlardan iborat bo‘ladi. Masalan, ot yasovchi -ğ, -g affiksi: qapïğ – eshik, bilig – bilim; jo‘nalish kelishigi affiksi -qa, -kä: qağanqa – xoqonga, äbkä – uyga; yoki -ğaru, -gärü affiksi: oğuzğaru – o‘g‘uzga, ilgärü – oldinga (Sharqqa).
2) Lab uyg‘unligi: birinchi bo‘g‘indagi unliga keyingi bo‘g‘indagi unlining yoki o‘zakning oxirgi bo‘g‘inidagi unliga qo‘shimchadagi unlining lablanish jihatdan moslashuvi: älimiz – davlatimiz, sümüz – lashkarimiz, atïm – otim, bodunum – xalqim.
Bu qonunga ko‘ra ham bir qator affikslarning lablangan unlili va lablanmagan unlili variantlari bo‘lgan. Jumladan: qaratqich affikslari -nïŋ, -niŋ; -ïŋ, -iŋ larning -nuŋ, -nüŋ; -uŋ, -üŋ variantlari, sifat yasovchi -lïğ, -lig ning -luğ, -lüg variantlari ham bor va b.
Shu bilan bog‘liq yana bir masala. Singarmonizm deganda so‘zdagi tovushlarning hamda qo‘shimchalarning talaffuziga ko‘ra o‘zaro uyg‘unlashuvi, moslashuvi tushuniladi. Odatda, ushbu qonun asosida unlilar uyg‘unligi, so‘zning birinchi bo‘g‘inidagi unlisiga keyingi bo‘g‘inlardagi unlilarning moslashuvi nazarda tutiladi. Bu fikr to‘g‘ri, biroq, ta’kidlash kerakki, uyg‘unlik unlilar doirasidagina yuz berib qolmaydi. Masalan, qol so‘zida [o] unlisi til orqa tovush, unga yondosh bo‘lgan [q] undoshi ham “yo‘g‘on”. Ularga uyg‘un holda [l] ning ham “yo‘g‘on” varianti qo‘llaniladi. Yoki köl so‘zida [ö] old qator unlisi, [k] esa “ingichka” tovush. Shularga mos holda [l'] ning ham “ingichka” varianti qo‘llaniladi. Shuningdek, tor so‘zida [o] til orqa unlisi. Shunga muvofiq, [t] va [r] undoshlarining “yo‘g‘on” varianti ishlatiladi. “Yuqori o‘rin, uyning to‘ri” ma’nosidagi tör so‘zida esa buning aksi: [ö] old qator unli bo‘lgani bois, [t'] va [r'] undoshlari ham “ingichka” talaffuz etiladi. Boshqa so‘zlarda ham shunday.
Demak, singarmonizm deganda so‘z bo‘g‘inlari tizimida tovushlarning (faqat unlilarning emas) uyg‘unlashuvi va so‘z bo‘g‘inlarining fonetik-fonologik jihatdan o‘zaro moslashuvini tushunmoq kerak. Singarmonizm so‘zning butun bir fonologik qurshovida amal qiladi: boshlab o‘zakning fonologik qurumi shakllanadi, so‘ngra negiz va keyingi morfemalarga yoyiladi. Shu shaklda so‘zning uyg‘un bir morfo-fonologik tizimi yuzaga keladi.
Turkiy tillar tarixida undoshlardagi jaranglilik va jarangsizlik uyg‘unligi ham ahamiyatga molik. Mazkur qonunga ko‘ra o‘zak-negiz jarangsiz undosh bilan tugasa, qo‘shimchaning birinchi tovushi ham shunga moslashadi, ya’ni jarangsiz undoshli bo‘ladi: otqa – olovga, tiläkkä – tilakka. O‘zak-negiz unli tovush, jarangli undosh yoki sonor bilan tugagan bo‘lsa, unda affiksning jarangli undosh bilan boshlanuvchi varianti qo‘shiladi: yulğuč – ombir, barduq – borgan.
Ko‘k turk yodgorliklari tilida o‘zak-negiz unli, jarangli undosh yoki sonor bilan tugagan hollarda ham qo‘shimchaning faqat jarangsiz undoshli varianti qo‘shiluvi mumkin. Jumladan, urxun bitiglarida jo‘nalish kelishigining, asosan, -qa, -kä variantigina qo‘llangan. O‘zak-negizning oxirgi tovushi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ayni shakli qo‘llangan: tağqa – toqqa, Tämür qapïğqa – Temir qopiqqa, yärkä – yerga, ögüzkä – daryoga va b. Bu xususiyat keyingi davrlarda ham qisman dovom etdi. Jumladan, “Qutadg‘u bilig”da, “Devonu lug‘atit turk”dagi turkiy matnlarda ham bu shakl ustun. Shuning bilan bir qatorda, uning -ğa, -gä varianti ham uchraydi. Ko‘rinadiki, turkiy tillar tarixida jaranglilik va jarangsizlik uyg‘unligi keyinchalik muqum bir hodisaga aylangan.
Jaranglilik va jarangsizlik uyg‘unligi qonuniga muvofiq holda affikslar ikki xil variantda amal qilgan: biri – jarangi undosh bilan boshlanuvchi va ikkinchisi – jarangsiz undoshlar bilan boshlanuvchi variantlar. Masalan, sifatdosh qo‘shimchalari: -duq, -dük / -tuq, -tük; -dačï, -däči / -tačï, -täči, ravishdosh qo‘shimchasi -ğalï, -gali / -qalï, -käli va b.
Shu va shuning singari misollar tilimiz tarixida, bizgacha yetib kelgan yozma yodgorliklar tilida singarmonizm qonuni amal qilganligini isbotlab turibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |