Tuproqqa ekish oldidan ishlov berish.
Poliz ekinlari uchun mo‘ljallangan yerni
ekishga tayyorlash uchun zarur sharoitlarni yaratish va unib chiqadigan urug‘lar
hamda yosh nihollarni yetarli miqdordagi nam va havo bilan ta’minlashdan iboratdir.
Tuproqqa ekish oldidan beriladigan ishlov usullari va texnikasi tuproqning fizik
xossalari va holatiga, shuningdek ekish muddatiga qarab belgilanadi. Tuproqning
mexanik tarkibi va o‘tmishdosh ekinning xilidan qatiy nazar, ekish oldidan tuproqni
ishlash yerni erta bahorda boronalashdan boshlanadi. Shunda yerda paydo bo‘lgan
qatqaloqlar yo‘qolib, qish va erta bahor kezlari bo‘lgan yog‘ingarchilik tufayli
to‘plangan nam yaxshi saqlanib qoladi. Tuproqning ustki qatlamini yaxshiroq
yumshatish uchun poliz ekinlarini bevosita ekish oldidan ham yer boronalanadi. Erta
bahorda va ekishdan oldin yerni boronalash uchun tuproqning xolatiga karab BZTS-
1.0 markadagi tishli og‘ip borona, BZSS-1.0 markadagi tishli o‘rtacha borona, yoki
ZBNTU-1.0 markadagi uch zvenoli og‘ir boronadan foydalaniladi. Boronalash bilan
bir qatorda VP-8 markali tekislagich yerdamida yer tekislab chiqiladi.
4.3. Poliz ekinlarini o‘g‘itlash
Poliz ekinlari tuproqdan oziqa moddalarini nisbatan ko‘proq o‘zlashtiradigan
bo‘lishi bilan farq qiladi, shuning uchun o‘g‘itlar solinganida ularning rivoji
yaxshilanadi. Sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining
ma’lumotlariga qaraganda bir tonna qovun hosili tegishli miqdordagi palagi bilan
birga hisoblaganda tuproqdan o‘rtacha 3 kg azot va 1,06 kg fosforni o‘zlashtiradi. Shu
bilan birga, tuproqdan yo‘qolib boradigan mineral oziqa elementlari tuproq
unumdorligiga va hosil salmog‘iga qarab har xil bo‘ladi.
Haydalgan bedazorda hosil o‘rtacha 35 t/ga bo‘lganida tuproqdan: 2,69 dan 3,12
kg gacha azot, 0,85 dan 1,4 kg gacha fosfor yuqolsa, go‘ng solib qadimdan haydab
kelinadigan yerlarda hosil 40 t/ga bo‘lganida 3,37 kg azot, 1,22 kg fosfor yo‘qoladi;
tuproqqa mineral o‘g‘it solinganida esa har bir tonna hosil hisobidan olinganda
tuproqdan 2,78 kg azot va 1,19 kg fosfor yo‘qoladi. Hosil o‘rtacha 30-40 t/ga ni
tashkil etganida tuproqdan yo‘qoladigan azot miqdori gektariga 117-163 kg ni va
fosfor miqdori 35-59 kg ni tashkil etadi.
Poliz ekinlari uchun go‘ng va har xil kompostlar mineral oziqa elementlarining
eng muhim manbai bo‘lib hisoblanadi. Markaziy Osiyoning sug‘oriladigan
polizchiligida yaqin-yaqinlarda ham yerga organik o‘g‘itlarni solinishi shart deb
hisoblanar edi. Chirigan go‘ng 3-6 kg dan xanjuvarlarga solinar edi. So‘ngra ustiga
tuproq sepib, urug‘ ekilar edi. Keyinchalik ekish texnikasi o‘zgarishi munosabati bilan
go‘ngni kuzgi shudgor yoki yerni qish oldidan xaydash vaqtida butun dalaga yo
bo‘lmasa plug yoki okuchnik bilan ochilgan egatlarga solish rasm bo‘la boshladi.
Go‘ng yerni haydash vaqtida sidirg‘asiga sochib beriladigan bo‘lsa, gektariga 40-60 t
hisobidan solinadi.
202
Do'stlaringiz bilan baham: |