Amaliy tilshunoslik. Tilshunoslikning lingvistik masalalarni amaliy yo’l bilan o’rganuvchi sohasi. Amaliy tilshunoslik mashinaviy tarjima va yozuv, imlo masalalari bilan shug’ullanadi.
Amorf tillar (yun. amorphos – shaklsiz). Affikslarga ega bo’lmagan, so’zlar orasidagi grammatik aloqalar bitishuv yo’li bilan yoki yordamchi so’zlar vositasida ifodalanadigan tillar. Masalan, xitoy tili.
An’anaviy tilshunoslik. Tilshunoslikdagi faqat til qismlari va tuzilishining ichki munosabatlarini, bog’liqliklarini yoritish bilan birga til va tafakkurning o’zaro munosabati, tilning jamiyat bilan, shu tilda so’zlashuvchi jamoa bilan aloqasi kabi masalalarni o’rganadigan yo’nalishi.
Analitik tillar. Grammatik ma’nolar yordamchi so’zlar, so’z tartibi, ohang yordamida ifodalanadigan tillar. Masalan, ingliz, frantsuz, ispan tillari analitik tillar guruhiga kiradi.
Aralash (gibrid) til. Tillarning aralashib ketishi natijasida hosil bo’lgan sun’iy til. Masalan, pidjin-inglish tili (Yaponiya, Tinch Okeani orollari).
Areal lingvistika. Tilshunoslikning lingvistik areallarni o’rganish bilan shug’ullanuvchi sohasi.
Apokopa. So’z oxiridagi undosh tovushlarning tushib qolishi. Apokopa asosan o’zlashma so’zlarda ro’y beradi. Masalan, to’rt > to’r, qirq > qir, xursand > xursan, farzand > farzan kabi.
Asos morfema. Lug’aviy ma’no anglatadigan, boshqa ma’noli qimlarga bo’linmaydigan, so’z va so’zshakli yasash uchun asos bo’ladigan morfema. Masalan, ishchi, suvsiz, olmalar, bolacha so’zlaridagi ish, suv, olma, bola asos morfemalardir.
Assimilyatsiya (yun. assimilatio – o’xshab ketish). So’z tarkibidagi tovushlarning o’zaro ta’siri natijasida birini ikkinchisiga o’xshashlik tomon o’zgarishi. Masalan, ishni – ishshi, ochdi – ochti, otdan – ottan, otni – otti, bizni – bizzi, ketdi – ketti kabi.
Bilingvizm. Ikki tillilik.
Bo’g’in. Bir havo zarbi bilan aytiladigan tovush va tovushlar majmui. Bo’g’in qanday tovush bilan bitganligiga ko’ra ikki xil bo’ladi:
1) ochiq bo’g’in – unli tovush bilan bitgan bo’g’in: o-i-la, to-la, lo-la kabi;
2) yopiq bo’g’in – undosh tovush bilan bitgan bo’g’in: tong, kun-duz, to’p-lam kabi.
Bobo til. Ma’lum tillar oilasining kelib chiqishi va shakllanish uchun manba, asos bo’lgan til. Masalan, turkiy tillar oilasi uchun qadimgi turkiy til bobo tildir.
Degeminasiya. So’zdagi cho’ziq undoshlarning cho’ziqlikni yoqotishi. Bu termini o’zbek tilshunosligida dastlab A. Nurmonov qo’llagan. Masalan, chillaki > chilaki, kichikkina > kichikina kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |