Narkoz uchun ishlatiluvchi yengil suyuqliklar kimyoviy tarkibi.
Dietil efir - narkoz uchun ishlatiladigan efir ya`ni dietil efirning xloroformga qaraganda yaxshi tomonlari bo`lgani uchun o`z vaqtida keng miqyosda ishlatilgan. Chunonchi, efirning narkotik ta`sir doirasi keng, xlor saqlovchi moddalarga qarama-qarshi ularoq, miokardni katexolaminlarga (adrenalin) bo`lgan sezuvchanligini oshirmaydi va narkozni boshqarish oson va xavfsizroqdir.
Narkotik ta`sir doirasi deb, narkoz moddaning narkoz chaqiradigan busag`a dozasidan zaxarlanish belgisini beruvchi dozasigacha bo`lgan masofa tushuniladi. Shuning bilan birga efirda quyidagi kamchiliklar mavjud: yengil uchuvchan, nafas yo`li silliq pardalarini qitiqlab, bronxlar sekretsiyasini oshiradi, narkozning qo`zg`alish (15-20 daqiqa) va uyg`onish (20-40 daqiqa) davrlari uzoq. Efirdan foydalanishda ushbu kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko`riladi. Chunonchi, bronx sekretsiyasini kamaytirish uchun atropin yoki metatsin, qo`zg`alish davrini qisqartirish yoki yo`qotish maqsadida oldin qo`zg`alish davri bermaydigan narkoz moddasini (azot (I)-oksid, tiopental-natriy va hk) ishlatib, keyin efirga o`tiladi (kombinatsiyalangan, qo`shma narkoz). Nafas yo`llari va o`pkaning o`tkir kechadigan kasalliklarida, qon bosimi ko`tarilishi, yurak-qon tomir va buyrakning og`ir kasalliklarida, qandli diabetda, bosh miya ichki bosimining yuqori bo`lishida efir tavsiya etilmaydi.
Efirning yuqorida keltirilgan kamchiliklarini hisobga olib, uni narkoz moddasi sifatida ishlatish kamaygan. Narkoz uchun ishlatiladigan efir (Aether pro narcosi). 100 ml – 150 ml hajmli to`q jigar rangli shisha idishlarda chiqariladi. Tuzilish formulasi:
(6)
Ftorotan (galotan, flyuotan) - narkotik faolligi yuqori, yengil uchuvchan, yonmaydigan, kislorod va azot (I)-oksid bilan qo`shilganda portlamaydigan modda, bo’lib uni ilk bor 1956 yilda Kauepioz ochgan. Bundan tashqari, ftorotan bronx yo`llarini qitiqlamaydi, xirurgik narkoz davri tez (3-5 daqiqa) boshlanadi, qo`zg`alish davri qisqa va yuzaki, uyg`onish tez yuzaga chiqadi (3-5 daqiqa), qo`zg`alish deyarli kuzatilmaydi. Kamchiliklari bradikardiya chaqirishi, miokardning adrenalin va noradrenalinga sezuvchanligini oshirishi (ular yurak fibrillyatsisi, aritmiyalarni berishi mumkin) hisoblanadi. Uning kamchiliklarini bartaraf etish uchun atropin, promedol yuboriladi. Ftorotan azot (I)-oksid va boshqa narkoz moddalari bilan birga ishlatilishi mumkin.
Ftorotanni adrenalinning qondagi miqdori oshishi bilan kechadigan kasalliklarda (feoxromotsitoma, giperterioz) ishlatib bo`lmaydi. Aritmiya, gipotoniya va jigarning organik kasalliklarida extiyotlik bilan qo`llanadi. Homiladorlikning 1-trimestrida, tug`ish davrida ishlatilmaydi. (Ftorotan O`zbekistonning asosiy dori vositalari ro’yxatiga kiritilgan). Ftorotan (Phtorothanum). 50ml dan to`q jigar rangli shisha idishlarda chiqariladi. IYuPAK nomenklaturasi bo`yicha nomlanishi: 2 – brom – 2 – xlor – 1,1,1, - triftor etan. Tuzilish formulasi:
(7)
Metoksifluran – narkotik faolligi bo`yicha efir va ftorotandan kuchliroq, yengil uchuvchan suyuqlik. Narkoz sekin boshlanadi, qo`zg`alish yaxshigina namoyon bo`ladi, uyg`onish narkoz berish to`xtatilgach 15-60 daqiqadan keyin boshlanadi. Bularni hisobga olib, metoksifluran yakka holda ishlatilmay ko`pincha ingalyatsion (azot (I)-oksid) va noingalyatsion (tiopental-natriy va hk) narkoz moddalari hamda miorelaksantlar (ditilin) bilan birga qo`llanadi. Preparat ftorotanga nisbatan miokardning katexolaminlarga (adrenalin, noradrenalin) sezuvchanligini kamroq oshiradi. Metoksifluranni bachadon qisqarishiga deyarli ta`sir etmasligini va kuchli og`riq qoldirish xossasini hisobga olgan holda akusherlik amaliyotida ishlatiladi. IYuPAK nomenklaturasi bo`yicha nomlanishi: 2,2 – dixlor – 1,1 – diftor 1 – mezometan. Tuzilish formulasi:
(8)
Do'stlaringiz bilan baham: |