2.1-rasm. YeI Umumiy savdo siyosati tarkibi14 YeI umumiy savdo siyosatining asosiy tamoyillari har doim ham turli
bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. Rasmiy ma’lumotlarda YeI
proteksionistik savdo siyosati tarafdori emasligi hamda xalqaro savdoni maksimal ravishda erkinlashtirishga moyil ekanligi ta’kidlanadi. Ushbu yondashuvning asosida bir qancha fikrlarni keltirish mumkin.
Avvalambor, jahondagi eng yirik eksportchi sifatida YeI o‘z tovarlarining jahon bozorlaridagi harakatini rag‘batlantirishni istaydi. Ushbu vazifani amalga oshirish ikki tomonlama manfaat qoidasiga tayangan holda ichki bozorlarni xorijlik ishlab chiqaruvchilarga ochib berishni talab qiladi.
Ikkinchidan, YeI o‘z bozorlaridagi raqobatning kuchayishidan faqat
yutishi mumkin. Chunki kuchli raqobat muhiti ilm-fan va texnologiya taraqqiyoti, ishlab chiqarish samaradorligi va raqobatbardoshlikning oshishiga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biridir. Uchinchidan, erkin savdo tizimi xorij to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilishning zaruriy shartidir.
Haqiqatan ham YeI xalqaro savdoni liberallashtirish tarafdori bo‘lish bilan bir qatorda, o‘zining yoki a’zo-mamlakatlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida xalqaro qonun-qoidalar chegarasida turli savdo to‘siqlaridan samarali foydalana oladigan iqtisodiy sub’ektdir. Ba’zi a’zo-mamlakatlar (B. Britaniya, Germaniya, Belgiya kabi) an’anaviy tarzda erkin savdo tarafdori bo‘lib kelishgan bo‘lsa, ba’zilari(Fransiya, Italiya, Ispaniya kabi) proteksionizmni yoqlashadi. Shvesiya, Finlyandiya, Avstriya esa sanoat tovarlari savdosini to‘liq erkinlashtirish, ammo qishloq xo‘jaligi tovarlari savdosini himoya qilish siyosatini qo‘llab-quvvatlashadi. Bunday vaziyatlarda manfaatlarning o‘zaro to‘qnashuvi muammosi a’zo-mamlakatlarning bir-birlari uchun imtiyozlar berishga kelishishlari yo‘li bilan hal qilinadi.
YeI umumiy savdo siyosati ikki tomonlama va ko‘p tomonlama savdo shartnomalari asosida olib boriladi. Yevropa Iqtisodiy Hududi doirasida YeES’H mamlakatlari bilan tuzilgan savdo shartnomalariga ko‘ra, ushbu mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlar YeI bozorlariga bojxona to‘lovlarisiz kiritiladi. YeIga a’zolikka nomzod mamlakatlar bilan tuziladigan savdo shartnomalariga “Yevropa shartnomalari” deyiladi.
YeI iqtisodiyotining tarmoq tarkibida xizmatlar ulushi 6 3 - 6 5 % ni, sanoat 25-30% ni, qishloq xo‘jaligi 2-5% ni tashkil etadi. Yevropa sanoat jihatdan yuqori darajada taraqqiy etgan mintaqa hisoblanib, YeIning hissasiga jahon sanoat mahsulotlarining 1/3 qismi to‘g‘ri keladi. YeIning xalqaro darajadagi tarmoq ixtisoslashuvi atom energetikasi, neft-gaz majmuasi, avtomobilsozlik, aviakosmos, elektrotexnika, elektronika, yuqori texnologiyali mashinasozlik (stanoksozlik, kompyuterlar va elektronika mahsulotlarini ishlab chiqarish), kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati, biotexnolgiyalar, yangi konstruksiyali materiallar ishlab chikarish tarmoqlari bilan bog‘liq. Shu bilan birga oxirgi o‘n yillikda qora metallurgiya, tekstil sanoati kabi an’anaviy sanoat tarmoklarida eskirish va inqiroz holatlari kuzatilmoqda.
O‘rta Yer dengizi hududidagi mamlakatlar bilan tuzilgan savdo
shartnomalari asosida ushbu mamlakatlar (12 ta) YeI bilan savdoni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladigan moliyaviy va texnik yordamlar olish bilan bir qatorda, sanoat mahsulotlari eksportida bojxona imtiyozlaridan foydalanadilar.
Tashqi savdoni tartibga solish borasida YeI tomonidan jahon
amaliyotida keng tarqalgan vositalardan foydalaniladi. A’zo-mamlakatlar hududiga har qanday uchinchi mamlakat hududidan kirib kelayotgan import tovarlari uchun YeI umumiy tashqi tarifi amal qiladi. Bojxona boji to‘lash bir martalik jarayon bo‘lib, tovarning YeI hududidagi keyingi harakati mobaynida hech qanday boj talab qilinmaydi. Hozirgi kunda umumiy tashqi tarif9500 ga yaqin tovar pozitsiyalari uchun belgilab qo‘yilgan.
Rim Bitimining 115-moddasi bilan a’zo-mamlakatlar uchun o‘z hududlariga uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan tovarlarga miqdoriy cheklovlar belgilash huquqi saqlab qolingan edi. Bunday cheklovlar hatto tovarlar YeIHga a’zo boshqa mamlakatdan o‘tib kelayotgan hollarda ham ishlatilishi mumkin bo‘lib, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad milliy iqtisodiyotlardagi“nozik” tarmoqlarni himoya qilish edi. Masalan, Fransiya va Italiya shunday cheklovlar qo‘yish orqali o‘z avtomobilsozlik sanoatlarini Daniya hududi orqali keladigan yapon avtomobillaridan himoya qila oldilar. Daniya o‘z avtomobilsozligiga ega bo‘lmaganligi sababli, o‘z iqtisodiyotini uchinchi mamlakatlardan qilinadigan importni cheklashi uchun asos yo‘q edi. Yagona ichki bozor yaratilishi bilan milliy miqyosda miqdoriy cheklovlarni qo‘llash imkoniyati qolmadi. 1994 yilda yetti turdagi tovar kategoriyasi bo‘yicha YeH uchun umumiy bo‘lgan kvotalar belgilandi.
Antidemping va kompensatsion to‘lovlar belgilash orqali YeI ishlab chiqaruvchilariga zarar yetkazuvchi import tovarlarining narxi ko‘tarilib, ushbu tovarlar YeI bozorlarida o‘z raqobatbardoshligini yo‘qotadi. Bunday chora ko‘rish talabi turli tarmoqlarda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uyushmalari yoki biron-bir yirik kompaniya tomonidan Yevropa Komissiyasiga yuboriladi. Komissiya tomonidan olib boriladigan tekshiruvlar bir necha yilga cho‘zilishi mumkin bo‘lib, ushbu davr mobaynida vaqtinchalik to‘lovlar joriy qilinishi mumkin. Talablarning o‘rta hisobda15 %i ijobiy hal qilinadi. Xorijiy eksportchilar ko‘p hollarda tegishli narx majburiyatlarini o‘z bo‘yinlariga olish orqali antidemping va kompensatsion to‘lovlar to‘lashdan ozod qilinadi. Joriy qilinadigan antidemping va kompensatsion to‘lovlar 3-5 yil muddat bo‘yicha amal qilishi belgilanadi. YeIning uchinchi mamlakatlar bilan tuzadigan savdo shartnomalarida himoya kelishuvlariga tegishli moddalar ham doimiy ravishda ifodalanadi.
Bunday kelishuvlar biron-bir tovarning importi YeI ishlab chiqaruvchilariga zarar yetkazgan yoki zarar yetkazishi taxmin qilingan hollarda ushbu tovar importiga vaqtinchalik cheklov qo‘yishga imkoniyat beradi. Cheklovlar ularning qo‘yilishiga ehtiyoj tug‘dirgan tahdid mavjud bo‘lib turgan muddat bo‘yicha amal qiladi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar asosida Yevropa Ittifoqi tashqi savdo
munosabatlaridagi asosiy yo‘nalishlar borasida bir qator xulosalarni
bildirib o‘tish mumkin. Birinchidan, YeIga a’zo mamlakatlar o‘rtasida savdo munosabatlarning erkinlashtirilishi o‘z vaqtida iqtisodiy integratsiya samaradorligini oshiruvchi asosiy omil sifatida xizmat qildi. Ikkinchidan, YeI jahon iqtisodiyotidagi asosiy integratsion guruh bo‘lish bilan birga, undagi kengayish jarayoni natijasida YeI jahondagi yuksak to‘lov qobiliyatli eng katta bozorlardan biriga aylandi. Bu o‘z navbatida mazkur hududga eksportning o‘sishi uchun qulay imkoniyatlar yaratadi. Jahon va YeI iqtisodiyotidagi tendensiyalar hamda YeI tashqi savdo va investitsion hamkorligi asosiy yo‘nalishlarining tahlili mazkur Ittifoqda strategik ahamiyatga ega bo‘lgan energetik xavfsizlik hamda to‘qimachilik mahsulotlari sektorlariga eksportni oshirish uchun qulay imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi. Uchinchidan, YeI bilan boshqa mamlakat yoki integratsion guruhlar o‘rtasidagi savdo munosabatlarida YeI manfaatlarining himoya qilinishi shartnoma tuzgan tomonlarning iqtisodiy qudratlariga bog‘liqdir. To‘rtinchidan, YeIdagi tashqi savdo siyosat ko‘rsatkichlari, ularning dinamikasi va istiqboli, shuningdek ro‘y berayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sabab bo‘lgan o‘zgarishlarning tahlili asosida YeI bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarda raqobatbardosh tarmoq yoki mahsulot guruhlarini aniqlash imkoni mavjud. Hozirgi kunda YeI eksportida mashinasozlik, transport vositalari hamda kimyoviy mahsulotlar asosiy o‘rinni egallaydi. Importda esa energetika mahsulotlari va mashinasozlik katta hissaga ega. Bu yerda diqqat qaratilishi zaruriy bo‘lgan ikki xusus YeI importida energetika mahsulotlari va to‘qimachilik mahsulotlari tutgan o‘rindir.
Yevropa Ittifoqi transmilliy korporatsiyalar(TMK) tomonidan amalga oshiriladigan to‘g‘ri xorijiy investitsiya(TXI) oqimlarining eng faol ishtirokchisidir. Iqtisodiyotning baynalminallashuvi tegishli asosiy ko‘rsatkichlaridan biri jalb qilingan TXI hajmining YaIMga nisbatidir.
YeIdagi TXI oqimlari uch yo‘nalishda harakat qiladi. Shu jumladan:
- YeI ichi TXI, ya’ni a’zo-mamlakatlarning biridagi iqtisodiy
sub’ekt tomonidan boshqa a’zo-mamlakatga investitsiya kiritilishi;
- Tashqaridan YeIga TXI, ya’ni YeIga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar
iqtisodiy sub’ektlarining YeIga investitsiya kiritishi;
- YeIdan tashqariga TXI, yaxni YeIga a’zo-mamlakatlar iqtisodiy
sub’ektlarining YeIdan tashqaridagi iqtisodiyotlarga investitsiya kiritishi.
Yevropa iqtisodiy integratsiyasining xalqaro korporatsiyalar investitsiya strategiyasiga ko‘rsatadigan ta’sirini to‘liq baholash qiyin masaladir. Yevropa iqtisodiy integratsiyasining xuquqiy asoslari, xususan kichik va o‘rta biznesga tegishli qonunchilik o‘zining juda murakkabligi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, qonunchilikning asosiy qismi farmasevtika, avtomobilsozlik, elektronika kabi savdo to‘siqlari keng miqyosda amal qiladigan tarmoqlarga tegishlidir. Shuning bilan birga, korporatsiyalarninginvestitsiya strategiyalariga ularning o‘z korporativ maqsadlari ham ta’sir ko‘rsatadi.
Umumiy savdo siyosati vositalarining oqilona qo‘llanishi natijasida
YeIda haqiqiy umumiy bozor muhiti vujudga keldi hamda YeI kompaniyalari
uchun raqobat ustunliklaridan foydalanish imkoniyatlari paydo bo‘ldi.
Iqtisodiy kuch-qudrati kuchayib borgan sayin, YeI o‘z savdo hamkorlari
uchun u yoki bu turdagi savdo shartnomalarini taklif qilish yo qilmaslik orqali “hamkor tanlash”, hatto diskriminatsiya qilish imkoniyatlariga ega bo‘ldi.
Hozirgi kunda YeI eksportida mashinasozlik, transport vositalari
hamda kimyoviy mahsulotlar asosiy o‘rinni egallaydi. Importda esa
energetika mahsulotlari va mashinasozlik katta hissaga ega. Neft va gaz mahsulotlari importi jami energetika mahsulotlari importida90 %ga yaqin hissaga ega. Ushbu omillar hamda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi natijasida vujudga kelgan vaziyat YeI bilan savdo munosabatlarida puxta o‘ylangan savdo siyosati ishlab chiqilishini talab qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotida hamda tashqi iqtisodiy munosabatlarida Yevropa Ittifoqining o‘rni juda muhimdir. Xuddi shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyoti ham YeI uchun o‘ziga xos strategik ahamiyatga ega bo‘lgan, investitsion faoliyat nuqtai nazaridan jozibador iqtisodiyot hisoblanadi. YeIning Markaziy Osiyoga, xususan O‘zbekistonga nisbatan olib borayotgan siyosatida o‘zaro savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish asosiy o‘rinni egallaydi.
O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy rivojlanishida Yevropa Ittifoqining o‘rnini baholash hamda istiqbollashda uch yo‘nalishda tahlil
olib borish tavsiya qilinadi. Bular o‘zaro savdo-iqtisodiy, investitsion hamda texnik hamkorlik yo‘nalishlarining tahlilidir. Texnik hamkorlik mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, uning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini jadallashtirish jihatidan muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli YeI tomonidan O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan texnik yordam ko‘lamlari hamda ularning natijalarini tahlil qilish maqsadga muvofiqdir.
YeI bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish strategiyasi TASIS(TACIS – Technical Assistance to CIS Countries, MDH
mamlakatlariga texnik yordam ko‘rsatish) dasturi doirasida olib borildi. TASIS dasturiga 1991 yilda asos solingan bo‘lib, faoliyatning ilk yillarida faqat texnik yordam ko‘rsatish tadbirlari bilan cheklangan edi. Ushbu dastur doirasidagi hamkorlikning kengayib borishi hamda YeI tomonidan TASISga parallel ravishda olib borilgan boshqa keng ko‘lamli hamkorlik dasturlari YeI bilan O‘zbekiston o‘rtasida Sherikchilik va Hamkorlik Bitimining(ShHB) imzolanishiga yo‘l ochdi. TASIS dasturidan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri YeIdagi nou-xauva tajribaning hamkor mamlakatlarda, xususan O‘zbekistonda ham joriy qilishdir.
TASIS tadbirlarini rejalashtirish va dasturlash quyidagi usullarda olib borildi:
- Strategik dasturlar 5-7 yil muddatga tuzilib, ular uzoq muddatli hamkorlik maqsadlarini, strategik ustivorliklarni qamrab oldi.
- Indikativ dasturlar ko‘p hollarda3 yilgacha bo‘lgan muddatga
strategik dasturlar asosida tuziladi hamda iqtisodiyot sohalaridagi aniq reja va maqsadlardan tashkil topadi.
- Yillik yoki ikki yillik harakat dasturlari indikativ dasturlarda
belgilangan maqsadlarga erishish uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlar hamda ular uchun mo‘ljallangan budjet mablag‘larini belgilaydi.
Belgilangan maqsadlarga TASISning quyidagi hamkorlik yo‘nalishlari orqali erishish mo‘ljallandi:
- Mintaqaviy hamkorlik dasturi Markaziy Osiyo mintaqasidagi
mamlakatlar o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilikni o‘rnatish hamda YeI uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sohalardagi hamkorlikni samarali ravishda rivojlantirishga qaratildi. Ushbu sohalar qatorida transport va energetika tarmoqlari, Kioto mexanizmi doirasida tabiiy boyliklardan ratsional foydalanish, atrof-muhit muhofazasi kabilarni sanab o‘tish mumkin.
- Mintaqaviy qo‘llab-quvvatlash dasturi barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash masalalariga qaratildi. Ushbu dastur asosida
O‘zbekistonning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda savdo va
investitsiyalarni rag‘batlantirish, Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik jarayonlari, bojxona tizimining yaxshilanishi, statistika yuritilishini takomillashtirish, oliy va o‘rta-maxsus ta’limni rivojlantirish kabi masalalarda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash amalga oshirildi.
- Kambag‘allikni tugatish mexanizmlari qo‘llanishidan asosiy maqsad
qishloq aholisining turmush darajasini oshirish, yashash va mehnat qilish sharoitlarini yaxshilash qilib belgilandi. O‘zbekistonda mazkur mexanizmdan zaruriyat tug‘ilgan holatlarda, xususan anklavlarda(chekka hududlarda) foydalanib kelindi.
YeIning iqtisodiy-investitsion imkoniyatlari hisobga olingan keng ko‘lamli kompleks dasturlarning amalga oshirilishi maqsadga muvofiq, YeI iqtisodiy-investitsion imkoniyatlaridan foydalangan holda YeI va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.