2.1. Yevropa Ittifoqi tarmoqlar tarkibining tuzilmaviy elementlari va tashqi savdo hamkorligi yo‘nalishlari Zamonaviy jahon iqtisodiyotidagi asosiy xususiyatlar qatorida integratsion aloqalarning jadal rivojlanib borayotganligi hamda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida ushbu integratsion aloqalar yangicha ahamiyat kasb etayotganligini sanab o‘tishimiz mumkin. Ishlab chiqarishning baynalminallashuvi natijasida vujudga kelgan va rivojlanib borayotgan xalqaro iqtisodiy integratsiya sa’y-harakatlarida Yevropa Ittifoqi alohida o‘rin egallaydi.
Yevropa mamlakatlarida iqtisodiy integratsiyaning chuqurlashib borishi mazkur hududning iqtisodiy taraqqiyoti va tashqi iqtisodiy munosabatlarida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Iqtisodiy tahlillar hozirgi paytda Yevropa Ittifoqi jahondagi savdo va investitsiya oqimlarining eng yirik ishtirokchisi ekanligini ko‘rsatadi. Uning hissasiga jahon yalpi savdosining 35 %dan ortig‘i, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya oqimlarining esa 40 %ga yaqini to‘g‘ri keladi. Yuqori to‘lov qobiliyati bilan ajralib turuvchi Yevropa Ittifoqining tashqi iqtisodiy hamkorligidagi asosiy tendensiyalarni tahlil qilish O‘zbekiston kabi jahon iqtisodiyotida o‘z o‘rnini mustahkamlashga urinayotgan mamlakatlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Yevropa iqtisodiy integratsiyasidan ko‘zlangan maqsadlar yagona milliy bozorlarni yaratishdan mo‘ljallangan maqsadlar bilan bir xil ekanligini ta’kidlash mumkin. Har ikkala holatda ham asosiy e’tibor yagona ichki bozorni yaratish, yagona iqtisodiy muhitni joriy qilish hamda butun hudud bo‘ylab yagona iqtisodiy siyosatni shakllantirishga qaratiladi. Milliy bozorlar savdo va mehnat taqsimoti taraqqiyoti, shuningdek hukumatlarning strategik dasturlari asosida shakllanadi, natijada bir butun holdagi xalq xo‘jaliklari vujudga keladi. Yevropa iqtisodiy integratsiyasi esa, millatlar va davlatlarning turli ko‘rinishdagi, ba’zi hollarda bir-biriga teskari bo‘lgan manfaatlarini hisobga olgan holda, buning ustiga yagona davlat instituti yo‘qligi sharoitida shakllana boshladi. Iqtisodiy integratsiya tushunchasining nazariy asoslari iqtisodiy bilimlarda XX asrning2-yarmiga kelib paydo bo‘ldi. Ungacha esa, iqtisodiy integratsiya alohida iqtisodiy voqelik emas, balki xalqaro savdoning bir ko‘rinishi sifatida qabul qilinar edi.
Yevropa Ittifoqi misolida ham erkin savdo hududi bosqichidan boshlab, qisqa muddatda bojxona ittifoqi bosqichiga o‘tilgan. Shu sababli, Yevropa Ittifoqi iqtisodiy integratsiyasining nazariy va empirik asoslari aynan mana shu bosqichning tahlilidan boshlanadi.
Yevropa integratsiyasining iqtisodiy nazariyalari orasida Bella
Balassaning ilmiy ishlari alohida o‘rin tutadi. B. Balassa13 o‘z nazariyasida iqtisodiy integratsiyaning dinamik samaralarini tizimlashtirishga harakat qilgan. B. Balassa sanab o‘tgan dinamik samaralardan ikkitasini alohida ko‘rsatib o‘tish maqsadga muvofiq:
- masshtab iqtisodiyotlari shakllanishi va ular ko‘lamining kengayishi natijasida iqtisodiy samaradorlikning oshishi. Buning asosiy sababi integratsiya natijasida bozorlarning kengayishidir.
- qutblashish samarasi. Mazkur samara savdo va ishlab chiqarishdagi ustunliklarning guruhga a’zo mamlakatlar yoki hududlardan birida yoki bir nechtasida to‘planishi oqibatida vujudga keladi.
YeI integratsiyasi asosini tashkil qiluvchi quyidagi tuzilmaviy elementlarni ajratish mumkin: bojxona ittifoqi, yagona ichki bozor, iqtisodiy va monetar birlik.
Yagona ichki bozor YeI integratsiyasining asosi bo‘lib, tovarlar, xizmatlar, kapital va ish kuchi to‘liq erkin harakat qila oladigan iqtisodiy hududdir. Yagona ichki bozor ham musbat, ham manfiy integratsiya tamoyillariga tayanadi. Ya’ni, “to‘rt erkinlik” oldidagi barcha iqtisodiy, bojxona, texnik, jismoniy to‘siqlarning olib tashlanishi bilan birga tegishli institutsional islohotlar olib borilishi ham zarurdir.