YeIda yagona bozorni yaratish bo‘yicha quyida keltirilgan yo‘nalishlarda shakllandi.
- Tovar harakatini to‘liq erkinlashtirish uchun bojxona to‘siqlarining olib tashlanishi. YeI ichida tovarlarning erkin harakat qilishi, ya’ni bojxona ittifoqining mavjudligi YeI iqtisodiyoti uchun yirik iqtisodiy samaralarga olib keldi. Buning asosiy sabablari qatorida bir nechta omillarni sanab o‘tish mumkin.
Birinchidan, Yevropa bojxona ittifoqiga a’zo mamlakatlar bir-biri bilan raqobatchi iqtisodiyotlardir. Buning natijasida ixtisoslashuv va raqobat muhiti kuchaydi.
Ikkinchidan, YeIga a’zo mamlakatlarning jahon savdosidagi o‘rni va hissasi katta ekanligi“savdo yaratuvchi” samarani oshirdi.
Uchinchidan, YeIga a’zolik natijasida ilgari o‘zaro savdoda mavjud bo‘lgan tariflarning olib tashlanishi ichki savdo ko‘lamlarini kengaytirdi.
To‘rtinchidan, mamlakatlarning bir-biriga geografik jihatdan yaqin joylashganligi transport xarajatlarini kamaytirdi.
Beshinchidan, bozorlarning birlashtirilishi iqtisodiyot masshtablarining kengayishiga hamda ishlab chiqarish xarajatlarining kamayishiga sabab bo‘ldi.
- Xizmatlar erkin harakatining ta’minlanishi. Mazkur yo‘nalish musbat va manfiy integratsiya vositalarining aralashmasi ko‘rinishida olib borildi. Avvalambor, yagona bozor hududi bo‘ylab xizmatlarning erkin harakat qilishini ta’minlovchi liberallashtirish qarorlari qabul qilindi. Milliy nazorat tizimlarining o‘zaro tan olinishi ta’minlandi.
- Ittifoqqa a’zo mamlakatlar fuqarolariga boshqa a’zo mamlakatlarda yashash va ishlash huquqining berilishi. YeI taraqqiyotining ilk bosqichlarida chetdan ish kuchini jalb qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan migratsiya siyosati olib borildi. Imzolangan kelishuvlar asosida, YeIga a’zo mamlakatlar fuqarolari boshqa a’zo mamlakatlarda o‘sha mamlakat fuqarolari bilan bir xil haq-huquqlarga ega holda ishlash va yashash imkoniyatiga egadirlar.
- Kapital harakati va to‘lovlar oqimining erkinlashtirilishi. YeI
shakllana boshlagan ilk bosqichlarda kapital harakati erkinligi oldida
jiddiy to‘siqlar mavjud edi. Mamlakatlar kapital harakati borasida o‘z qonun-qoidalarini qo‘llash huquqiga ega ekanligidan tashqari, boshqa a’zo mamlakat kapital bozoriga kirish o‘sha mamlakat hukumatining ruxsatiga bog‘liq edi.
Yevropa Ittifoqi tashqi savdo siyosati Umumiy Savdo Siyosati(USS) deb ham ataladi. USSning bosh tamoyillari Yevropa Ittifoqi Bitimining133-moddasida bildirib o‘tilgan bo‘lib, ushbu siyosat YeI tashqi iqtisodiy munosabatlarining barchasini qamrab olmasligini qayd qilish zarur. Umumiy savdo siyosati yuritishdan maqsad YeIning tashqi savdosini tartibga solish, takomillashtirish hamda rag‘batlantirishdan iboratdir.