Abu Nasr al Forobiy (870-950) “Namunali ta’lim” risolasida ta’lim oluvchilar o’zlashtirishi lozim bo’lgan materialni yaxshi yo’sinda bayon qilish masalasiga alohida to’xtalib, o’qitishning ikkita turini, yangi printsipini tavsiya etgan: ularning biri bevosita sezgi, ikkinchisi aql bilan bog’liqdir. U o’zining fikrini shunday talqin etadi: “Narsalar bizdan, hislarimizdan tashqarida turib, bizning sezgi a’zolarimizga ta’sir etadi, ta’sir etadigan narsalar cheksizdir. Inson o’zining aqlini, xayolini ishga soladi va shular vositasida bilmagan narsalarini bilib oladi, ularga asoslanib bilish manbai bo’lgan olam va uning mohiyati haqida chuqurroq, atrofliroq bilim va ma’lumotga ega bo’ladi” U fikrini davom ettirib: “... avval bilim zarur bo’lgan ilm o’rganiladi, bu – olam asoslari haqidagi ilmdir. Jismlar tuzilishini, shaklini, osmon haqidagi bilimlarni o’rganish lozim. Undan so’ng umuman, jonli tabiat o’simlik va hayvonlar haqidagi ilm o’rganiladi.
Kishi bilim va tajriba orttirmasdan oldin juda ko’p narsalarni nazarga ilmaydi, bilim egallab, tajriba hosil qilgach, haligi narsalarga qarashini o’zgartiradi, avval behuda deb hisoblovchi narsalarning zaruratligini his etadi, ilgari e’tiborini tortmagan narsa endi aksincha uni hayratga soladi”.
Abu Rayhon Beruniy(973-1048) o’quv jarayonida pedagog quyidagi didaktika printsiplariga qat’iy amal qilishi lozimligini ta’kidlaydi:
– ta’lim oluvchini zeriktirmasligi;
– bilim berishda turlilikka asoslanishi;
– uzviylikka, tizimlilikka, izchillikka va mantiqiylikka rioya qilishi;
– yangi mavzularni qiziqarli, asosan, ko’rgazmali bayon etishi va h.k.
Abu Ali ibn Sino(980-1037) didaktikaning printsiplariga, xususan, ko’rsatmali o’qitishga zo’r qiziqish bilan qarab, inson dastlabki o’quv mashg’ulotlarida buyumning tashqi hossasini o’rgansa, o’sha buyumni va uning tasvirini ko’rib chiqsa, o’zi mustaqil holda bilimlarni o’zlashtira oladi, deb hisoblaydi. Olim inson haqiqatan mavjud narsalarni yoki ularning tasvirini idrok etish tufayli unda ob’ektiv voqelikni to’g’ri aks ettiradigan tasavvur shakllanishini ta’kidlaydi.
Shuningdek, ibn Sinoning ilmiy bilimlarni egallash usullari va yo’llari, ta’lim oluvchilarni sinf-dars shaklida o’qitish haqidagi didaktik printsiplari muhim ahamiyatga egadir:
– ta’lim oluvchini bilim berishda birdaniga kitobga band qilib qo’ymaslik;
– o’qitishda jamoa (sinf) bo’lib o’qitishga e’tibor berish;
– bilim berishda ilm o’rganuvchilarning qiziqishi va qobiliyatini hisobga olish;
– o’qitishni jismoniy mashqlar bilan qo’shib olib borish va h.k.7 Shubhasiz, keyinchalik yuqorida nomlari qayd etilgan va zikr etilmagan boshqa ko’pgina Sharq qomusiy olimlarning ishlab chiqqan didaktika qonun-qoidalari va (printsip) tamoyillari chex olimi Yan Amos Komenskiy (1592-1670)tomonidan “Buyuk didaktika” asarining yaratilishiga asos bo’lib, pedagogika tarixida “Didaktikaning otasi, asoschisi” nomiga sazovor bo’ladi.
Avval ham aytganymizdek, yakin vaktlargacha pedagogikadagi qonun, qonuniyat va tamoyil degan tushunchalar sinonim sifatida ishlatilib, yoki bularning bitgasiga yo qonun, yo qonuniyat, yo printsipga ustunlik berilib kelingan.
Ammo, ko’p yillik tajribalar va bu sohadagi izlanishlar shuni ko’rsatdiki qonuniyat turg’un bo’lib, ular asosida yaratilgan.
Yaratilgan qonun va tamoyillar o’zgarib ham turishlari mumkin ekan. Ba’zi eski tamoyillar, masalan, tabiatga mos ravishda rivojlantirish tamoyili yo’q bo’lib ketib, o’rniga yangi tamoyillar kiritilgan.
Tamoyillar to’g’risida didaktikada shunday koida o’rnashib qolganki, tamoyillar tarixiy vaziyatdan kelib chiqib konkret jamiyatning ehtiyojlarini ifoda etar ekan. Ijtimoiy taraqqiyot va ilm-fanni rivojlanishi hamda ta’lim-tarbiya jarayonida yangi qonuniyatlarni aniqlanishi, shuningdek, ilg’or psdagogik tajribalar natijasida pedagogik tamoyillar tizimi boyib boraverar ekan.
O’zbekiston Respublikasining “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”da mamlakatimizda uzluksiz ta’limni tashkil etish va rivojlantirish yangi qonuniyatlar va pedagogik printsip (tamoyil)lari to’liq o’z ifodasini topgan. Bu pedagogik ta’lim tamoyillari quyidagilardan iborat:
iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori darajada bilim olishlari uchun shart-sharoit yaratish8kabilardir.
Ma’lumki, o’quv jarayonining muvaffaqiyatli va samarali natijasi ta’lim jarayonining qonun-qoidalari, ya’ni ta’limga qo’yilgan didaktik talablar va tamoyillarga qay darajada amal qilishlariga bog’liqdir. Chunki ta’lim tamoyillari o’quv jarayoniga qo’yiladigan ijtimoiy talablar, ta’limni tashkil etish va boshqarishda rivoya qiladigan qonun-qoidalar sifatida amal qiladi.
Pedagogik amaliyotlarda ba’zan “o’qitish printsiplari” atamasi ham ishlatiladi. Lekin ta’lim tamoyillari (printsitslari) ta’lim jarayonining ikkala sub’ekti o’qituvchi va o’quvchi-talabaga ham dahldor. Shuning uchun taniqli didaktik olimlar O.Roziqov, A.Zunnunov, U.Mahkamov ularni ta’lim printsiplari deb atagan ma’qul deb ta’kidlaydilar. Chunki ta’limni tashkil etish, boshqarish va nazorat qilishda o’qituvchi va o’quvchi-talaba faoliyatiga qo’yiladigan talablar, qoidalar, ta’lim printsiplari deb ataladi. Printsiplar umumdidaktik kategoriya bo’lib, ular ta’limning barcha turlari, darajalari, sub’ektlari, o’quv-tarbiya jarayonining hamma komponentlariga daxldor umumiy qoidalardir. Printsiplar va ta’lim qonuniyatlari uzviylikda mavjuddir. Qonuniyatlar printsiplarning ayrim tomonlarini yoritadi. Printsip umummilliy xususiyatiga ega bo’lib, ta’limda barcha o’quv fanlarini o’qitish bosqichlarida qo’llanadi.9 O’qitish bilish faoliyatining ajralmas qismi sifatida, insonning tevarak – atrofdagi dunyoni bilishining umumiy qonunlari asosida sodir bo’ladi. Shuning uchun o’qitish tamoyillari ta’lim jarayonining eng muhim masalalarini nazariy va amaliy jihatdan to’g’ri hal qilishning asosiy negizi hisoblanadi.
Demak, ta’lim tamoyillari pedagogning faoliyatini va talabalar tomonidan ilmiy bilimlarning o’zlashtirilishi tegishli ko’nikma va malakalar xosil qilishning asosiy qonun va yo’l-yo’riqlarini o’z ichiga oladi. Shu bilan bir vaqtda ta’lim tamoyillari har ikkala faoliyatning, ya’ni pedagog va talaba tomonidan o’z oldiga qo’yilgan vazifalarni muvvafaqiyatli amalga oshirish imkoniyatini beradigan bir qancha talablarni ham umumlashtirib beradi. Shunga ko’ra ta’lim qoidalari o’qitishning eng muhim masalalarini nazariy va amaliy jihatdan to’g’ri xal qilishning asosiy negizi hisoblanadi. Umuman, ta’lim tamoyillari deb umuminsoniy tarbiyaning maqsad va vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan o’qish va o’qitish jarayonlariningyo’nalishi talabalar tomonidan ilmiy bilimlarning o’zlashtirilishi, bilim va malaka hosil qilishning asosiy qonun va qoidalarining yig’indisiga aytiladi.
Ta’lim tamoyillari ta’lim muassasalari oldida turgan ulkan vazifalar asosida belgilanadi. Ular o’zaro bir-biri bilan mustahkam bog’liq holda bir sistemani tashkil etadi. Har bir darsda didaktik tamoyillarning bir nechtasi ishtirok etishi mumkin. Ular ta’lim oldida turgan asosiy maqsadlarni hal etishga o’z hissasini qo’shadi. Hozirgi jarayonda o’quvchi-talabalarga mustahkam bilim berish, ularni erkin, mustaqil fikrlay oladigan barkamol inson qilib tarbiyalashda, ta’lim tamoyillarining mohiyatini chuqur anglash va hayotga tatbiq etish muhim muammolardan biridir.