3.2 MUVOZANAT, BURILISHLAR, SAKRASHLAR
O’rtada (tayanchsiz) bajariladigan murakkabroq mashqlarga muvozanatni saqlash, burilish va sakrashlar kiradi. Zamonaviy gimnastikada bunday harakatlarning turlari nihoyatda ko’p, sport turning muntazam rivojlanib, murakkablashib borishi esayangi elementlarning ishlab chiqilishiga turtki bo’ladi. Shunisi ma’lumki, mazkur harakatlarni qandaydir belgilariga ko’ra tasniflashga har qanday urinish hech qachon bekamu ko’st bo’la olmaydi. (Lisitskaya, 1976, Biryuk, Ovchinnikova, 1990). Mavjud tasniflarga qarab, ularni yangi yaratilgan harakatlari hisobiga birmuncha to’ldirish va yangilashga urinishlar amalga oshiriladi.
3.2.1 MUVOZANAT
Ikki oyoqda muvozanat saqlashni bajarish oson, bu hech qanday maxsus tayyorgarlikni talab qilmaydi.
Saqlab turiladigan muvozanat (statik) tananing bir holatida bajariladi, dinamik muvozanatda esa bosh, oyoq, qo’llar, butun tananing holatlari almashinadi (vaziyatlar).
Bir oyoqdagi muvozanatlar ancha murakkab. Ularning murakkabligi gavdaning holati (old, orqa, yonlama muvozanat), erkin oyoqning holati (rostlangan, bukilgan, bir yoki ikkala qo’l bilan ushlab olingan), tayanch oyoqning holati (butun kaftda, oyoq uchida, rostlangan, bukilgan oyoqda) bilan belgilanadi.
Past va aralash holatlardagi muvozanatlar rang-barang: eng soda holatlardan (bir tizzada turish), ham muvozanat faoliyatining, ham mushaklar kuchining rivojlanish darajasi yuqori bo’lishini talab etadigan murakkab holatlargacha (yonbosh bilan bir qo’lga tayanish, oyoq tomonda) mumkin. Erkin mashqlarda bu muvozanatlardan bog’lovchi, o’tuvchi va bezak harakatlar sifatida foydalaniladi. (3.1-rasm).
Muvozanatlarga o’rgatish – ham psixomotor, ham jismoniy sifatlarning rivojlanishi bilan bog’liq bo’lgan uzoq muddatli va murakkab jarayon. Muvozanatlarni bajarishga qo’yiladigan umumiy talablar qo’yidagilardir:
gimnastikachi qiz tanasining umumiy og’irlik markazi (UOM) proeksiyasi tayanch maydoni chegaralarida joylashishi kerak. Tayanch maydoni qanchalik kichik, UOM tayanch sathidan qanchalik yuqori bo’lsa, muvozanat shuncha murakkabroq bo’ladi. Qiyoslash uchun misol: bir oyoqda yarim cho’nqaygan holdagi muvozanat va bir oyoq barmoqlarining yarmiga ko’tarilgan holdagi muvozanat;
gimnastikachi qizning tanasi UOM proeksiyasidan og’ib ketgan har bir holatga javoban oyoq kafti, umuman oyoqlar, bel va qo’l mushaklarining faol ishlashi hisobiga amalga oshiriladigan tiklovchi harakatlar bo’lishi lozim;
qo’llar, bel va boshning holati muvozanatni saqlashda katta ahamiyatga ega. Bo’shashtirilgan, shalviragan bel va elka kamari muvozanatni yo’qotish sabablaridan biri;
muvozanatlarni sifatli bajarish uchun gimnastikachining faqat barqarorlik hissigina emas, bo’g’imlaridagi harakatchanlik ham, gavda va oyoq mushaklari kuchi ham yaxshi rivojlangan bo’lishi shart;
muvozanatlarni bajarish samaradorligi vaziyatni saqlab turish barqarorligi va uning estetikligiga bog’liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |