EGALI VA EGASIZ GAP
Gaplar egali va egasiz bo‘lishi mumkin. Egasi mavjud gaplar egali gaplar (masalan, Biz bugun Samarqandga jo‘naymiz), egasi mavjud bo‘lmagan gaplar esa egasiz gaplardir (masalan, Bugun Samarqandga jo‘naymiz.)
Egasiz gaplarning quyidagi turlari mavjud:
Shaxsi (egasi) ma’lum gapda ega kesimning shaxs-son shakllaridan ma’lum bo‘lib turadi. Qachongacha qorning o‘ylab o‘tadirsan? Qachongacha ko‘kdan chalpak kutadirsan? (I.Mirzo)
Shaxsi (egasi) umumlashgan gapda gapning umumiy mazmuni barcha shaxslarga aloqador bo‘ladi: Hurmat qilsang, hurmat ko‘rasan. (Maqol) Boshingga qilich kelsa ham, to‘g‘ri gapir. (Maqol) Maqol va matallar, hikmatli so‘zlar, odat tusiga kirgan rasm-rusumlarni bayon etuvchi gaplarda
ega, asosan, umumlashgan bo‘ladi. Bugungi ishni ertaga qo‘yma.
Shaxsi (egasi) noma’lum gapda kesim fe’l bilan ifodalanadi va ish-harakatni bajarishga imkoniyat, zaruriyat, shart, tilak, istak kabi ma’nolarni ifodalab keladi. Bunday gaplar kesimining eng muhim belgisi – uning tarkibida egalik qo‘shimchasining yo‘qligi. Bu gaplar shaxssiz emas, harakatni mantiqan kimdir bajaradi, lekin uni gapda ifodalab bo‘lmaydi. Yig‘ilishda ta’lim
samaradorligini oshirish haqida gapirildi. Do‘stning aybini yuziga aytish kerak. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Bu mavzuni o‘qish shart emas. Endi qattiq o‘qishga to‘g‘ri keladi.
Atov gap va so‘z gaplar ham shaxsi noma’lum gaplardir.
Atov gap – so‘zlovchi ko‘z o‘ngida biror voqea-hodisani, narsa-buyum yoki davrni gavdalantirishga, xotira yoki xayolida ular bilan aloqador voqea-hodisani tiklashga xizmat qiluvchi vosita. Atov gap bitta so‘zdan iborat bo‘lishi ham, aniqlovchi bilan kengayib kelishi ham mumkin: 1. Bahor. 2. Erta bahor.
TOPSHIRIQ-2. Gaplarni o‘qing. Ko‘z o‘ngingizda nimalar gavdalanganligini bayon qiling.
1. – Eh yoshlik, yoshlik! Suvday o‘tib ketadi-ya! – Qarilik ham! («Hikmatli latifalar va nishonga urilgan so‘zlar»)
2. Harakat qilmoq! Harakat qilmoq! Biz shuning uchun mavjudmiz. (I.Fixte)
3. Sayl. Hammayoq odamlarga to‘lib, g‘ala-g‘ovur, o‘yin-kulgi boshlanib ketdi. (Mirmuhsin)
4. Tun. Hammaga qo‘rquv solib turuvchi Ixtiyoriddin qal’asi. Baland va xo‘mraygan sovuq bu binoda chiroq yo‘q, faqat darvozalari, qalin devorlari ustida mash’ala ko‘tarib yurgan posbonlargina bor. (Mirmuhsin)
5. Cheksiz dasht, yassi tepaliklar... Me’morning mag‘rib tomonda, tepaliklar ustida yarqirab turgan yarim oy o‘rog‘iga ko‘zi tushdi. (Mirmuhsin)
6. Shavvol, ya’ni saraton avjga mingan, havoning nihoyatda qizigan bir kuni. Tallimarjondan chiqqan uch arava Dasht karvonsaroyida andak to‘xtadi. (Mirmuhsin).
Do'stlaringiz bilan baham: |