6-mavzu: STATISTIK KO`RSATKICHLAR
Reja:
1. Statistik ko`rsatkichlarning mohiyati va ahamiyati.
2. Mutlaq miqdorlar va ularning turlari.
3. Nisbiy miqdorlar to`g’risida tushuncha.
4. Nisbiy miqdorlarning turlari va ularni hisoblash tartibi.
Tayanch iboralar:
Statistik ko`rsatkich, individual va jamlama ko`rsatkich, birlamchi va hosilaviy ko`rsatkichlar, mutlaq ko`rsatkich, nisbiy ko`rsatkichlar, o`rtacha ko`rsatkichlar, dinamika va reja topshiriqli nisbiy ko`rsatkichlari, natural, mehnat va qiymat ko`rsatkichlari.
5.1. Statistik ko`rsatkichlarning mohiyati va ahamiyati.
Statistik kuzatish, svodkalash va guruhlash amalga oshirilgandan so`ng o`rganilayotgan hodisa va jarayonlarning hajmini, miqdorini, darajasini ta`riflovchi qator ko`rsatkichlarga ega bo`lamiz. Bunday ko`rsatkichlar boshlang’ich hisob ma`lumotlari asosida umumlashtirilgan va qayta ishlangan miqdorlar bo`lib, ular:
mutlaq;
nisbiy;
o`rtacha ko`rinishda bo`lishi mumkin.
Statistik kuzatish natijasida dastlab mutlaq sonlar olinadi, so`ngra shu sonlar asosida nisbiy va o`rtacha miqdorlar hisoblab chiqiladi.
Mutlaq miqdorlar kuzatilayotgan miqdor birliklarini qo`shish yoki ayirish yo`li bilan aniqlanadi. Birinchi holda mutlaq miqdorlar «bir», «ikki», «uch», «to`rt» va hokazo tartibda sanaladi va aniqlanadi. Masalan, guruhda talabalar, jamoa xo`jaligida jamoa a`zolari; zavodda ishlab chiqarilgan mashina, stanoklar soni bevosita sanash yo`li bilan aniqlanadi. Bunday miqdorlar son ko`rsatkichlari deb yuritiladi. Ular butun sonlar ko`rinishida bo`ladi.
Ikkinchi holda mutlaq miqdorlar bevosita o`lchash yordamida aniqlanadi. Masalan, jamoa xo`jaligida etishtirilgan sabzavot va poliz mahsulotlarining miqdori, fabrikada ishlab chiqarilgan matoning hajmi, ko`mir shaxtasida qazib chiqarilgan ko`mir miqdori kabilar o`lchash yordamida hisoblanadi. Bunday usulda olingan miqdorlar hajm ko`rsatkichlari deb yuritiladi. Ular butun yoki irratsional (butun bo`lmagan) sonlar bo`lishi mumkin.
Borliqni, ijtimoiy hayotni mutlaq va nisbiy miqdorlarsiz tasavvur qilish mumkin emas. CHunki qanday bir voqea xususida so`z yuritmaylik, unda albatta sifat va miqdor o`lchovi mezon rolini o`ynaydi. Masalan, 2002 yildan respublikamizda 180 mingdan ortiq korxona mustaqil ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanib kelmoqda. Jismoniy shaxs sifatida yakka tartibda faoliyat ko`rsatayotgan korxonalarning soni 300 mingdan, dehqon xo`jaliklarining soni esa 3 milliondan oshdi. Har uchali miqdor hammutlaq miqdordir. 2002 yilda 1995 yilga nisbatan viloyatda don mahsulotlarini etishtirish 115,4 foizga o`sgan, paxta va sabzavot etishtirish esa tegishli ravishda 85,0 va 81,1 foizgacha kamaygan. Bunday miqdorlar statistikada nisbiy miqdorlar deb yuritiladi.
Agar so`z aholi turmush tarzi yoki turmush darajasi to`g’risida boradigan bo`lsa, u holda eng avvalo aholining real daromadi darajasi va uning o`zgarish yo`nalishi nazarda tutiladi. Quyidagilar, ya`ni:
aholining umumiy soni, shu jumladan erkaklar va ayollarning soni, yoshi, ularning qanchasi shaharda va qanchasi qishloqda yashayotganligi;
qanchasi sanoatda, qishloq xo`jaligida, qurilishda, transport, savdo va boshqa sohalarda ishlayotganligi;
qanchasi muhandis, agronom, shifokor, o`qituvchi, iqtisodchi, ilmiy xodim ekanligi;
qanchasi ishchi, jamoa a`zosi, xizmatchi va ularning malakasi, ma`lumot darajasi;
mamlakatda necha kishi o`qimoqda va boshqalar to`g’risidagi qator mutlaq va nisbiy miqdorlar xalq xo`jaligi istiqbolini belgilash uchun asos qilib olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |