Y
Yig’imlar – qonun aktlariga muvofiq belgilangan tartibda va shartlarda to’lovchilar tomonidan tegishli darajadagi byudjetlarga yoki byudjetdan tashqari fondlarga o’tkaziladigan majburiy badallar. Ularning tarkibiga savdo-sotiq qilish huquqi uchun yig’im, shu jumladan, ayrim turdagi mahsulotlarni sotish huquqini beruvchi litsenziya yig’imlari, yuridik shaxslarni, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi jismoniy shaxslarni ro’yxatga olganlik uchun yig’im, avtotransport to’xtash joyidan foydalanganlik uchun yig’im, obodonchilik ishlari uchun yig’im va boshqalar kiradi.
Yo’l fondini shakllantiruvchi soliqlar – yoqilg’i-moylovchi materiallarni sotishdan olinadigan soliq, avtomobilь yo’laridan foydalanuvchilardan olinadigan soliq, transport vositalarining egalaridan olinadigan soliq va transport vositalarini sotib olganlik uchun to’lanadigan soliqdan iborat.
K
Kafolat fondi – davlat qarzi bo’yicha to’lovlarni o’z vaqtida amalga oshirishga hamda davlat tomonidan ichki va xorijdan mablag’ jalb qilish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi majburiyatlaridan kelib chiquvchi to’lovlarni amalga oshirish uchun mablag’larni jamlashga shart-sharoit yaratish maqsadida respublika byudjeti tarkibida tuziladigan fond.
Korxonalarning davlat reestri – soliq to’lovchilarni soliq inspektsiyasida hisobga olish uchun qo’llaniladi va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarni identifikatsiyalashtirishni ta’minlaydi.
Ko’chmas mulk - yer bilan mustahkam bog’liq bo’lgan yer maydonlari, alohidalashtirilgan suv ob’ektlari, o’rmonlar, ko’p yillik o’simliklar, binolar, inshootlardan iborat. Ularning ko’chirilishi shu narsalarning mo’ljallanganligiga zarar yetkazadi. Ko’chmas mulkning tarkibiga davlat qaydidan o’tgan havo va dengiz kemalari, kosmik ob’ektlar ham kiradi. Ko’chmas mulkning asosiy belgisi sifatida yer hisobga olinadi. Qonun bo’yicha ko’chmas mulkning tarkibiga boshqa mulklar, masalan, korxona yoki xonadonlar ham kiritilishi mumkin.
Korxona mulki – asosiy fondlar, nomoddiy aktivlar va ishlab chiqarish zahiralarining yig’indisidan iborat. Uning tarkibiga: materiallar, tayyor mahsulot, kelgusi davr xarajatlari, hisobot davrida (kunida) mahsulot tannarxi tarkibiga kiritilmagan, lekin amalga oshirilgan ishlab chiqarish xarajatlari, qoldiq mahsulotlarning muomala xarajatlari va ortib jo’natilgan mahsulotlar, bajarilgan ishlar, ko’rsatilgan xizmatlar va boshqalar kiradi. Soliqqa tortish bazasi (asosi) hisoblanayotgan paytda asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, kam baholi va tez eskiradigan predmetlarning qiymatidan eskirish summasi chiqarib tashlanadi.
Kvota – 1) tegishli bitim doirasida milliy yoki xalqaro birlashma ishtirokchilarining ishlab chiqarish yoki sotishda ishtirok etish hissasi; 2) xalqaro iqtisodiy yoki moliya-valyutaviy tashkilotning ustav fondi yoki kapitalida mamlakatning badali; 3) soliqqa tortish birligidan olinadigan soliqning stavkasi (absolyut ifodada yoki hissa ko’rinishida); 4) nimaningdir qismi, hissasi, normasi (me’yori), miqdoriy cheklanishlar.
Korporatsiyalarning daromadidan olinadigan soliq – daromad solig’i va foyda solig’ining (ayrim mamlakatlarda) o’rniga barcha kompaniyalarning foydasidan qat’iy foizda olinadigan soliq. Barcha korporativ organ va nokorporativ assotsiatsiyalarga nisbatan qo’llaniladi. Taqsimlanadigan dividentlar summalaridan ham soliq olishni taqoza etadi.
Kasb solig’i (kasbiy soliq) – mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatining barcha turlaridan har yili olinadigan to’g’ri (bevosita) soliqlardan biri. Masalan, Frantsiyada kasb solig’i (kasbiy soliq)ning stavkasini hisoblashda baza sifatida ko’chmas mulk ijarasining qiymati, ishlab chiqarishda foydalanilayotgan barcha asbob-uskunalarning qiymati (sub’ektning o’z mulkimi yoki ijaraga olganmi, bundan qat’iy nazar), ish haqi fondining qiymati va boshqalar xizmat qiladi. Kasb solig’i (kasbiy soliq)ning summasi asos raqamlari va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan belgilanadigan koeffitsient asosida hisoblanadi. Bunda uning summasi korxonada yangidan yaratilgan mahsulotning ma’lum bir foizidan (masalan, 5%) oshmasligi lozim.
Kvotativ soliqlar – daromad yoki mulk qiymatining puldagi ifodasiga nisbatan foizlarda o’rnatiladigan soliqlar.
Kontingentlashtirilgan soliqlar – umumiy summasi oldindan o’rnatiladigan va so’ng ma’muriy birliklardan tortib to alohida soliq to’lovchilar o’rtasida taqsimlanadigan soliqlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |