1-mavzu: “Soliqlar va soliqqa tortish” fanining predmeti va uni o‘rganish usullari
1. «Soliqlar va soliqqa tortish» fanini o‘qitishning maqsadi va predmeti
«Soliqlar va soliqqa tortish» fani soliqlarning iqtisodiy mohiyati, ahamiyati, funksiyalari, soliqlarni hisoblash va byudjetga undirish mexanizmini o‘rganishdagi asosiy fan hisoblanadi. Fanning predmetiga to‘xtalishdan oldin «Soliq» kategoriyasiga qisqacha to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, «Soliq» kategoriyasi — bu muhim iqtisodiy jarayon bo‘lib, uning paydo bo‘lishi va amal qilishi kishilik jamiyatining mavjudligi bilan chambarchas bog‘liqdir. Soliqlar har bir davlat faoliyatining moddiy jihatlarini ta'minlaydi. Jahon iqtisodiyoti taraqqiyotida soliqlar iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning muhim vositasi hisoblanadi.
Amaliyotda va umuman iqtisodiy fanda soliqlarning mohiyatiga nisbatan turlicha qarashlar mavjud. Shu sababli ushbu kategoriyadan har bir davlat tomonidan o‘ziga xos tarzda foydalaniladi.
Davlat asta sekin rivojlanib borishi bilan, uning funksiyalari ham muvofiq ravishda kengayib boradi. Bu esa soliqlarga nisbatan qo‘yiladigan talabning kuchayishiga olib keladi. Shu sababli soliq tizimi tobora murakkab va ko‘p qirrali bo‘lib boradi. Kishilik jamiyati rivojlanishi tarixi shuni ko‘rsatadiki, davlat ma'muriy boshqaruv bilan shug‘ullangan hollarda uning ehtiyojlari ma'lum darajada saqlanib qoladi, davlatning iqtisodiyotni boshqarish majburiyati paydo bo‘lsa, uning xarajatlari va aholidan olinadigan tushumlari ko‘payadi. Bunday holatda soliqlarning shakllari pang-baranglashib boradi.
Hozirgi kunda har bir fanni o‘rganishda uni talabalarga to‘liq yetkazish, talabalarni fikrlashga undash va jalb etish, shu orqali yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadi yotadi. Fanni o‘rganishda hozirgi davrning ilg‘or uslublaridan va o‘qitishning ilg‘or pedagogik texnologiyalaridan keng foydalaniladi.
«Soliqlar va soliqqa tortish» fanining predmeti – bu soliq to‘lovchilarning soliqlar va ularga tenglashtirilgan to‘lovlarning iqtisodiy mohiyati, davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishdagi ahamiyati, soliq tizimi va siyosati, soliq turlarlari bo‘yicha belgilangan imiyozlar tizimi, soliqlarni hisoblash mexanizmining amaldagi holatini o‘rganishdan iborat. Jumladan, soliq to‘lovchilar va uni o‘zlashtiruvchi, davlat byudjeti, majburiy to‘lovlar, moliyaviy munosabatlar kabi elementlarning o‘zaro iqtisodiy munosabatlarga kirishish jarayonlarining uslubiy jihatlari, qirralari keng ko‘lamda o‘rganiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |