RAVISH SO'Z TURKUMIGA OID MULOHAZALAR
MUNDARIJA:
KIRISH. Tilshunoslikda ravishning ajratilishi va sharhlanish tamoyillari
II. ASOSIY QISM:
Sodda ravish
Qo‘shma ravish va uning turlari
Juft ravish
XULOSA
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
KIRISH. Tilshunoslikda ravishning ajratilishi va sharhlanish tamoyillari
Mavzuning dolzarbligi. XX asrning 80-yillaridan boshlab o‘zbek tilshunosligida so‘z turkumlari tasnifiga dialektik mantiq nuqtai nazaridan qarash (hodisaga substansial yondashuv), uni xilma-xil sifat va belgi-xususiyatlar majmui sifatida belgilash va talqin etish ommalashib, so‘z serqirra hodisa sifatida qarala boshlandi. Bu esa so‘zlarni turkumga ajratishning mantiqiy lisoniy mezonlarini aniqlash, so‘z turkumlari munosabatidagi o‘ziga xosliklarni kuzatish imkonini berish bilan birga so‘zlarni muayyan belgilari asosida izchil tasniflash, istalgan so‘zni ma’lum turlarga ziddiyatsiz ajratishda qulaylik yaratdi.
O‘tgan asrning 90-yillari oxirlarigacha o‘zbek tilshunosligida tabiati o‘ta ziddiyatli talqin etilgan turkum ravish bo‘ldi, desak mubolaga bo‘lmaydi. Manbalarda ravish o‘zgarmas mustaqil ma’noli so‘z deb ko‘rsatilsa-da, ko‘plab o‘zgaruvchan so‘zlarning bu guruh tarkibida uchrashi mazkur turkum chegarasini kengaytirib yubordi. Ravishda o‘ziga xos murakkabligi uning morfem tarkibi, so‘z o‘zgarish, so‘z yasalish va semantik-funksional jabhalarida kuzatiladi. Leksik qatlamdagi har qanday holat-xususiyat, o‘rin-makon, payt, miqdor ma’noli so‘zlarga ravish deb qarash mazkur turkumni sun’iy ravishda murakkab grammatik kategoriya darajasiga chiqarib qo‘yishimizga sabab bo‘ldi. Qolaversa, ko‘pgina tadqiqotlarda ravishlarni "guruhlashda sof semantik, aniqrog’i, tarjima usulidan foydalanish ham bu guruhning o‘zgarmaslik mezoniga soya solib keldi.
Tilshunosligimizda mazkur turkumga aloqador o‘zgarmas so‘z va o‘zgarmas pozitsiya (mavqe), ravishga analogiya ta’siri, qo‘shimchalarning pleonastik, okkazional qo‘llanish, ravishning tuzilish turlari sodda (sodda tub, sodda tublashgan, soddalashgan, ixtisoslashgan), qo‘shma (leksemalashgan ravishlar), juft, takroriy ravishlar va so‘z (ravish)ning morfem tarkibida bo‘ladigan o‘zgarishlar bilan bog’liq tekshirilishi kerak bo‘lgan muammolar anchagina.
Ravishning semantik-funksional imkoniyatlari, boshqa turkum so‘zlari bilan munosabati natijasi o‘laroq bu guruhning kengayib turishi, xususan, ravishlarning boshqa turkum (ot, sifat)ga o‘tish hodisasi fanimizda hozirgacha tadqiq obyekti bo‘lgan emas.
Ravishni boshqa so‘z turkumlaridan farqlovchi belgi qanaqa? Ravishning morfologik o‘zgarish hamda yasalishga munosabati qay darajada? Ravishning so‘z turkumlari tizimidagi mavqei, yondosh turkumlarning ravishga hamda ravishning bu turkumlarga ta’siri qanday?
Turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilida ravish va u bilan bog’liq ilmiy-nazariy masalalar, xususan, ravishlarning tuzilishi va tarkibi V.V.Radlov, N.A.Baskakov, G.I.Ramsted, N.K.Dmitriev, V.Kotvich kabi olimlarning ishlarida tadqiq etilgan. Bu tadqiqotlar natijasi E.V.Sevortyanning ikki jildli monografiyasida, A. N. Kononovning o‘zbek va turk tili bo‘yicha fundamental grammatikalarida, A.M.Shcherbak ishlarida umumlashtirilgan1.
O‘tgan asrning 50-yillarida o‘zbek tilshunosligida ravish bo‘yicha o‘z davri uchun mukammal tadqiqot ustoz tilshunos S.Fuzailov tomonidan amalga oshirildi. Keyingi davr o‘zbek tili grammatikasiga oid barcha asarlarda ravish mavzusini yoritishda S.Fuzailov tadqiqoti asos qilib olindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |