I. Og‘zaki nutq:
▲1- tоpshiriq.Matnni o‘qing, undagi savol-javob shaklidagi gaplarni ajratib ko‘rsating. Bu savol-javoblarda bildirilgan fikr mazmunini izohlang.
Madumar aka yangi damlangan choynakdan choy quyib, o‘rtog‘iga uzatdi, odam kam bo‘lgani uchun o‘zi ham yoniga o‘tirdi.
– Hech gap eshitmadingmi? — so‘radi jiddiy ohang-da Sarsonboy ota.
– Eshitsam, senga shu zahotiyoq odam yuborardim, eshitmadim...
Oraga jimlik cho‘kdi. Madumar aka o‘zini noqulay sezib, ichkisi kelmasa ham xo‘rillatib bir-ikki choy ho‘pladi.
–Zebi qalay? Yuribdimi?
– Tuzuk, — dedi Sarsonboy ota derazaga bir qarab qo‘yib. — Bugun zo‘rg‘a yubordi. Bu yoqqa kelishimni bilib, yarim kechada otni dalaga haydabdi.
– So‘kmadingmi? — xavotirlanib so‘radi Madumar aka.
–Yo‘q, u sho‘rlikka ham qiyin. Endi so‘kmayman.
–So‘kma. Bechoraning sendan boshqa kimi bor?
– So‘kmayman... Lekin... — Sarsonboy ota birdan qiqir-qiqir kulib yubordi.
– Ha? — hayron bo‘ldi Madumar aka.
– So‘kmayman-u, lekin otni haydab nima qiladi? Piyoda bo‘lsa ham kelishimni biladi-ku? Buning ustiga to‘riq yo‘talimni eshitsa, oldimga yugurib keladi. Shuni biladi, nima qiladi haydab?
– Ha, endi achinadi-da, — dedi Madumar aka ham kulishga harakat qilib.
— Men achinmaymanmi? Men ham achinaman unga. Yolg‘izlik yomon. Buni o‘zing ham bilasan. Lekin nachora? Qiyomat qarz bu. Qarz bilan go‘rga kirmoqchimasman. Tushunishi kerak-da. Innakeyin...
O‘. Umarbekov
II. Nazariy ma’lumot
Dialogik nutq ham insonning muloqot shakli hisoblanadi. Inson nutqi sifatida dialogik nutq ham amalda bo‘lgan muomala etikasi va tamoyillariga bo‘ysunadi. Ikki kishi o‘rtasidagi har qanday suhbatni dialog sifatida e’tirof etish mumkin. Ammo bu nutqning o‘ziga xos xususiyatlari ana shu ikki kishi o‘rtasida yuzaga kelgan suhbat jarayonida ochiladi. Suhbatning maqsadi va mavzusi, suhbatdoshlarning o‘zaro munosabati, yoshi, jinsi, dunyoqarashi, bilimi, jamiyatda tutgan o‘rni, mavqei dialogik nutqning mazmunini belgilaydi. Shundan kelib chiqib, undagi tildan foydalanish xususiyatlarini ham aniqlaydi. Dialogik nutqda odatda tilning so‘zlashuv uslubining xusuisyatlaridan ko‘plab foydalaniladi. Masalan, majoziy ifodalar, iboralar, hikmatli so`zlar, maqollar, matallar, metafora, metonimiya, sinekdoxa, vazifadoshlik, kinoya, piching, kesatiq, ohang, sodda gap, so‘z-gap, so‘roq olmoshlari, to‘liqsiz gap, undov, taqlid, sheva, ijtimoiy tarmoq leksikasi va boshqalar.
Misol uchun, yozuvchi Tohir Malikning “Shaytanat” qissasidan olingan quyidagi parchalarni olib ko‘raylik:
«Giyohvand yigitlardan birining pastki labi osilgan, ko‘zlari chaqchaygan, ikkinchisining qarashlari sovuq, o‘ng yuzida uzun tirtiq bor edi.
– Bilagingni ko‘rsat, – dedi Zohid tirtiqqa.
U “shu ham ishmi deganday” erinibgina kurtkasini yechib, ko‘ylagining yengini shimardi. Labi osilgan yigitning ham bilagida igna izlari bor edi. Ularning giyohvandligiga Zohidda shubha qolmadi.
– Kukunni qayerdan olardilaring?–deb so‘radi Zohid.
– Bratanga aytganmiza, qayoqdan oganuvzani,–dedi labi osilgan yigit.
– Menga ham ayt.
– Lola ko‘chasida o‘n yettinchi uyda turadigan Sharif aka degan kishi.
– Ikkoving birga borganmisan?
– Bir xil paytda men borardim, bir xil paytda u borardi, bir xil paytda ikkalavuza borardik.»
Nutq parchasida til birliklaridan foydalanishga e’tibor bersak, suhbat asosan savol-javoblardan iborat. Ya’ni gaplarning ma’lum qismini so‘roq gaplar tashkil etadi. Ular tuzilishiga ko‘ra sodda va to‘liqsiz gaplardan iborat. To‘liqsiz bo‘lishiga sabab, undagi ma’no avvalgi gapdan yoki umuman suhbat mazmunidan anglashilyapti. Shuning uchun ega yoki boshqa bo‘laklar bo‘lmasa ham gap tushunarli bo‘lyapti. Ayrim gaplarda uzulishlar ro‘y bergan.(–Lola ko‘chasida o‘n yettinchi uyda turadigan Sharif aka degan kishi.) va uzilishlar ham aniq bir maqsadni ko‘zda tutadi. Gapdagi mazmundan yigitlar Sharifni tanimasligi sezilib turibdi. “Brattan”, “soqqa” kabi til birliklari bu toifa odamlarga xos. Yigitlar Toshkent shevasi vakillari ekanligiga ishoradir. Shuningdek, suhbatdan savol beruvchi va tobelarning munosabati yaxshi emasligi ham bilinib turibdi.
Demak, ushbu dialogda to‘liqsiz gap (Bilagingni ko‘rsat), so‘roq gap (Kukunni qayerdan olardilaring?), shevaga xos birliklardan (Bratanga, oganuvzani), sodda gaplardan foydalanilgan. Uslubiy jihatdan so‘zlashuv uslibiga xos. Chunki unda til birliklaridan erkin foydalanish va grammatik talablarga amal qilmaslik ko‘rinadi(Lola ko‘chasida o‘n yettinchi uyda turadigan Sharif aka degan kishi) .
“Jalil biroz kutib qolgani uchunmi, tumtayganroq ko‘rinishda kirib keldi. Asadbek unu o‘rnidan turib kutib oldi.
– Kiravermay, o‘tirdingmi? – dedi Asadbek.—Bunaqa odating yo‘g’idiku?
–Hurmating bor, oshnam. Biz bekorchi odam bo‘lsak,–u shunday deb qo‘ltig’iga qistirib olgan eski gazitga o‘rog’lik narsani uzatdi.–To‘yga kelolmadim. Yaxshi o‘tkazib oldingmi?
–To‘yga kelmaganingga gina qilib o‘tiruvdim, tinchlikmi o‘zi, nimaga kelma-
ding?
– Sen meni to‘yga aytdingmi? – Jalil ovozini bir parda ko‘tardi.
– Birinchi bo‘lib senga, senga xabar bergandirman.
– Katta bo‘lsang o‘zingga, bu birinchidan, boyvachcha bo‘lsang ham o‘zingga, bu ikkinchidan, xo‘pmi! Laychalaringni yuborib to‘yga ayttirdingmi? O‘zingning oyog’ing yetmadimi?
– Endi oshna, to‘ychilik, shoshib qolarkansan.
– O‘zingga o‘xshagan boyvachchalarni aytishga shoshmagandirsan?
– Xo‘p, tavba qildim, men ahmoqman, – Asadbek ham ovozini ko‘tardi, – o‘zim bormabman. (241-242 betlar)
“Shaytanat”dan olingan ikkinchi parchada suhbatdoshlarning xarakteri, kayfiyati, o‘zaro munosabati reallashadi. Aslida aytgani-aytgan, degani-degan, boshqalarga nihoyatda qattiqqo‘l Asadbekning xarakteridagi boshqa qirralar, ya’ni bolalikdan do‘sti Jalilga yon bosishi dialog davomida ochiladi. Bu dialogda so‘z tanlash, gap qurilish, suhbatdoshlarning dunyoqarashi yuqoridagi nutqdan bir muncha farq qiladi.
▲2-tоpshiriq.Berilgan xandalarni diqqat bilan o‘qing. Ulardagi dialogik matnda qanday so‘zlardan foydalanganligini aniqlang .
Do'stlaringiz bilan baham: |