II. Nazariy ma’lumot
Har qanday og‘zaki va yozma nutq parchasi matn (makromatn) hisoblanadi. Matn mikromatnlarning o‘zaro mazmuniy va grammatik bog‘lanishidan hosil bo‘ladi.
Bir necha gaplarning o‘zaro grammatik va mazmuniy bog‘lanishidan tashkil topgan, mazmuniy yaxlitlikka ega bo‘lgan qo‘shma gaplarga nisbatan yirikroq yozma va og‘zaki nutq parchasi mikromatn hisoblanadi.
Bir umumiy mavzu ostida birlashgan bir necha mikromatnlardan tashkil topuvchi yaxlit asarga makromatn deyiladi. Masalan, Abdulla Qahhorning «O‘g‘ri» hikoyasida ishtirok etgan barcha mikromatnlar «o‘g‘irlik» umumiy mavzusi ostida birlashgan.
Matnning eng kichik birligi gap hisoblanib, ular matn tarkibida ma’lum bog‘lovchi vositalar yordamida bog‘lanadi. Ular quyidagilardan iborat:bog‘lovchilar, bog‘lovchi vazifasidagi ayrim so‘zlar, takroriy bo‘laklar, olmoshlar, sinonimlar.Karimjon a’lo o‘qish va odobi bilan litseyda katta hurmatga ega. U jamoat ishlarida ham faol qatnashadi.
Matn tarkibidagi ikkinchi gap boshida kelgan u olmoshi birinchi gap tarkibida kelgan Karimjon o‘rnida kelib, ikkinchi gapni birinchi gapga mazmunan bog‘lab keladi. Shuning uchun ham u olmoshi matn qismlarini bog‘lovchi, ya’ni matn hosil qiluvchi vosita sanaladi.
Mikromatnni hosil qilishda takrorlar eng muhim vositadir, chunki u ham gaplarni bog‘lovchi vosita hisoblanadi, ham uslubiy bo‘yoqdorlik hosil qiladi.
E’tibor bering:
Olti oykim, she’r yozmayman, yuragim zada,
Olti oykim, o‘zgalarga tilayman omad.
Olti oykim, do‘stlarim ham pana-panada
Iste’dodim so‘nganidan qilar karomat. (A. Oripov)
Тakrorlar gap oxirida qo‘llanilishi ham mumkin.
Angladimki, olamda
Yurt tanho, Vatan tanho
Band etgan xayolimni
Тengsiz shul chaman tanho,
Nokaslar emas, yo‘q, yo‘q,
Onajonim, she’riyat,
Тopgan toj-taxtim mening,
Jonajonim she’riyat. (A. Oripov)
1-mаshq. Quyida berilgan parchadan mikromatnni bog‘lovchi vositalarni toping.
Eng go‘zal va dilbar qo‘shiqlar ham vatan haqidagi qo‘shiqlardir. Bunday jozibador qo‘shiqlar el-elatlarni birlashtiradi, ularni tinch-totuv va osoyishta yashashga, Vatanni har jihatdan yuksaltirishga, ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashga va ko‘ksini qalqon qilib himoya qilishga da’vat etadi.
Xalqning sabr-toqati cheksiz emas. U dengizga o‘xshaydi: goh to‘lib, goh kamayib turadi. Xalqimiz faqat jisman emas, ruhan ham uyg‘oq bo‘lmog‘i darkor. O‘z tarix va ajdodlarini siylagan xalqning kelajagi, albatta, porloq bo‘ladi. Aslida inson baxt uchun, dunyo ne’matlaridan bahramand bo‘lishi uchun tug‘iladi.
(«Inson baxt uchun tug‘iladi» kitobidan)
2-mashq.Quyidagi matnni o‘qing. Matn qismlarini bog‘lovchi vositalarni ayting.
Do'stlaringiz bilan baham: |