X a n d a l a r
Qasam ichmayman
Said o‘rtog‘i Hasandan o‘qituvchisiga shikoyat qilibdi:
- Hasan juda ko‘p qasam ichadi va yolg‘on gapiradi.
Shundan so‘ng o‘qituvchi Hasandan so‘rabdi:
Hasan sen ko‘p qasam ichasanmi?
O‘lay agar men qasam ichmayman.
Telefon
Kasalxonaga ikki qulog‘i kuygan yigitni olib kelishibdi.
Doktor undan so‘rabdi:
-Nima bo‘ldi?
- Dazmol qilayotgandim telefon jiringlab qoldi.
- Unda ikkinchi qulog‘ingga nima qildi?
- Unisi tez yordam chaqirayotganimda ro‘y berdi.
Qiziquvchan o‘g‘ri
Ikki o‘g‘ri Londondagi mashhur banklardan birini o‘marishibdi. Ishni bitirgach, uyga kelib suhbatlasha boshlabdilar.
- Kel, bir sanaylik: qancha pulga ega bo‘ldik ekan?
-Namuncha qiziquvchan odamsan, ertangi gazetalarni o‘qi, qanchaligini katta qilib yozishadi.
Bilib oling.Dialogik matnda majoziy ifodalardan foydalanish
Dialogik nutqlarni ko‘zdan kechirish natijasi shundan dalolat beradiki, ular asosan og‘zaki nutq odatlarini o‘zida namoyon etadi. Adabiy matnlarda esa dialog obraz yaratish, tiplar xarakterini namoyish etishning kuchli vositalariga aylanishi mumkin. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhod va Xisrav, Uyg‘un va Izzat Sultonning “Alisher Navoiy” dramasidagi Navoiy va Boyqaro dialoglarini eslaylik. Ularda turli badiiy tasviriy vositalar qahramonlar xarakterini ochishga xizmat qiladi.
Dialogik nutqlarda qahramonlar o‘z maqsad va ichki kechimalarini tinglovchilarga yetkazish uchun turli imo-ishoralardan ham foydalanadi. Bu uning xarakteri va kechinmalarining kuchli yoki kuchsizligigni ifodalaydi.
Masalan, “Mahallada duv-duv gap” filmida Posho xola(Maryam Yoqubova), Azimjonning onasi(Lutfixonim Sarimsaqova), “Kelinlar qo‘zg‘oloni” komediyasida Farmonbibi(Zaynab Sadriyeva) Sotti(To‘ti Yusupova) obrazlari imo-ishoralarga boydir. Bunda qahramonlar o‘z fikri va maqsadini suhbatdoshiga yetkazish uchun turli qo‘l harakatlari, qosh-qovoq o‘yini, lab holati kabilardan foydalanadi. Bu o‘z navbatida gapning ta’sirchnligini ham ta’minlovchi elementlardandir.
Dialoglarda turli majoziy ifodalardan ham keng foydalaniladi. Masalan, biror kishining mehnatkashligini ifodalash uchun “chumoli” deyiladi, yoki nafsi o‘pqon kishilarga nisbatan “bo‘ri”, ayyor kishilar–“tulki”, dangasalar –“kapalak”, o‘g‘ri yoki elga qo‘shilmaydigan kishilar –“boyo‘g‘li”, kuchi ko‘p ammo biroz kalta o‘ylovchi odamlarga nisbatan esa “ayiq” kabi majoliy ifodalar qo‘llaniladi. Abdulla Qahhorning “Bemor”, “O‘g‘ri” hikoyalarida, Said Ahmadning “Qoplon” hikoyalarida majoiy ifodalardan juda ustalik bilan foydalanilgan.
Bundan tashqari, dialoglarda turli ma’no ko‘chishlari ham ishlatiladiki ularning ba’zilariga to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Metafora, metonimiya, sinekdoxa, vazifadoshlik shular jumlasidandir.
Metafora so‘zi yunoncha so‘z bo‘lib, “ko‘chirma” ma’nosini bildiradi. Nisbiy o‘xshashlikka ega bo‘lgan ikki narsadan birini ikkinchisining nomi bilan atash. hodisasidir. Masalan: yoqa: to‘nning yoqasi—daryoning yoqasi, ko‘ylakning etagi—tog’ning etagi, odamning boshi—yo‘lning boshi.
Metonimiya ham yunoncha so‘z bo‘lib, “qayta nomlash” degan ma’noni anglatadi. Narsa va hodisalarning o‘zaro bog’liqligi asosida bir predmet nomi bilan ikkinchisini atash. Masalan: Bir kosa suv ichdim—bir kosani simirdim. Navoiyning bir gazalini yodladim – Navoiyni yodladim.
Sinekdoxa ham yunoncha so‘z bo‘lib, butunni qism, qismni butun orqali ifodalashni bildiradi. Masalan, Sabzi to‘g‘rayotib barmog’imni kesib oldim – Sabzi to‘g‘rayotib qo‘limni kesib oldim. Derazadan bir juft ko‘z qarardi. Kuzga borib o‘g‘limning boshini ikkita qildim.
Vazifadoshlik muayyan narsaning vazifasini ikkinchi bir narsa bajarishi natijasida avvalgisining nomi bilan keyingilarini ifodalashdir. Masalan, “siyoh” so‘zi ilgari yozuvda “qora rangli suyuqlik”, keyinchalik yozishda ishlatiladigan boshqa ranglar ham shu nom bilan atala boshlanadi. Yoy–kamonning o‘qi, tez otilishi sabab o‘q nomini olgan. Keyinchalik miltiqning o‘qi, zambarakning o‘qi, raketaning o‘qi yuzaga kelgan.
1-mаshq. Gaplarni ko‘chiring. Ko‘chma ma’noli so‘zlarning ma’nolarini farqlab ko‘rsating. Bu so‘zlarning badiiy nutqda qanday maqsadda qo‘llanganligini tushuntiring.
1. Gunohi ne edi bu tilla boshning, Gunohi ne edi porloq quyoshning (I. Sulton). 2. Yanvarning o‘n besh-larida butun qishloq to‘g‘on qurishga otlandi (O.). Eshikka kiring, aka, choy-poy ichib keting (S. A.). Chorva desam, deguday. Tuyog‘imiz ko‘paysa ko‘paydiki, kamaygani yo‘q (Sh.). 5. Insoniyat dushmani mal’unga qiron solib, Qilichim tili bilan so‘zimni ayta oldim (G‘.G‘.). 6. Lekin san’atimiz hozir o‘smirlik chog‘idayoq qudratli qanot paydo qilayotipti (A. Q.). 7. Ikki ko‘zi har nav mollar bilan to‘la xurjunni yelkaga tashlab, inqillab kirdi (O.).
▲2-tоpshiriq.She’riy parchalardagi so‘zlarda uchragan ma’no ko‘chish hodisalarini aniqlang va tavsiflang.
1. Lermontovni tashlamadim hech,
So‘ngra qo‘lga oldim Hofizni.
Pushkin menga ko‘rsatdi har kech,
Yig‘lab turgan bir cherkas qizni.
H.Olimjon
2. Boyqaro irg‘ishlab istak otida,
Jahonga boqqanda misli bola sher —
Hirot darvozasin bir qanotida,
She’riy lashkarini tizgan Alisher.
A.Oripov
2-mаshq. Quyidagi savollarga yozma turda javob bering.
Dialogda qaysi til vositalaridan ko‘proq foydalaniladi?
So‘roq olmoshlari ko‘p bo‘lgan dialogik nutqqa misol keltiring.
Dialogik nutqning ta’sirchanligi qaysi vositalar bilan ta’minlanadi?
Dialogda imo-ishoralarning qo‘llanishini so‘zlang.
3-mashq.Xohlagan bir mutolaa qilgan asarlaringizdan birining tarbiyaviy ahamiyati haqida daftarga qayd eting.
▲3-tоpshiriq.Sevib o‘qigan asarlaringizni Klaster asosida jadvalga joylang.
Do'stlaringiz bilan baham: |