88
qoplanmagan, och rangga ega bo‘lgan qismi rangpar shar esa asosan miyelin
pardali tolalarga boy. Oxirgi yillarda rangpar shar va uning tarmoq qismiga,
taalluqli bo‘lgan ma’lumotlarga o‘zgartirishlar kiritilgan. Sobiq sovet olimlari
Y.Y.Liberzon (1987) va L.A.Kukuev (1955) yasmiqsimon o‘zakning tashqi qismi–
putamen filo va ontogenez davrida oldingi miyadan (telencephalon) tashkil
topganligini, rangpar shar (globus pallidus) esa oraliq miyadan rivojlanganligini
aniqlashgan. Shunday qilib dumli o‘zakning boshi va yasmiqsimon o‘zaklar
ekstrapiramida tizimining asosini tashkil etadi.
Filo va ontogenez jihatidan dumli o‘zakning boshi va qobiq targ‘il tana yoki
striar tizim (striatum), po‘stloq osti o‘zaklarining qolgan
qismi va rangpar shar esa
pallidar tizim (pallidum) nomi bilan yuritiladi.
Filogenetik va tsitoarxitektonik tekshirishlar natijasida rangpar shar
ekstrapiramida tizimining qadimgi qismi ekanligi aniqlangan. Targ‘il tanani
rivojlanishi bosh miya yarim sharlarining taraqqiyoti bilan bog‘liq.
Bosh miya yarim sharlari va proyeksion yo‘llarining taraqqiy etishi va
markaziy nerv tizimining pastki qismlari bilan bog‘lanishida jiddiy o‘zgarishlarga
olib keladi, natijada u ichki kapsula yordamida dumli o‘zak va qobiqqa bo‘linadi.
3. Bodomsimon tana (corpus amygdaloideum) bosh miya chakka
bo‘lagining pastki gippokamp pushtasining oldingi qismining orasida joylashgan.
4. To‘siq – (ixota) (claustrum) yasmiqsimon o‘zakning tashqi tomonida
joylashgan bo‘lib, u kulrangga ega bo‘lgan yupqa plastinkadan iborat,
yasmiqsimon o‘zakdan tashqi kapsula ajratib turadi.
Po‘stloq osti tugunlarining gistologik tuzilishi.
1. Targ‘il tananing qobig‘i ko‘p miqdordagi mayda va ba’zan
uchrab
turuvchi yirik hujayralardan iborat, ular multipolyar, uchburchak shaklga ega,
sitoplazmasi tigroid moddadan xolis. Qobiqda miyelin pardali tolalar juda kam,
asosan mustaqil, tutam-tutam holida bo‘lgan miyelinsiz tolalar uchraydi.
Dumli o‘zakning boshi va qobiqni gistologik tuzilishi bir xil bo‘lganligi
uchun ularni striatum tarkibiga kiritilgan.
O.Fotx (O.Vogt, 1920) fikriga binoan targ‘il tananing ba’zi qavatlari
o‘zining makroskopik va gistologik o‘zgarishi bilan bosh miya po‘stlog‘ining
analogik qavatlarining tuzilishiga o‘xshaydi.
Bilshovskiy (1920) tekshirishlarining natijasi bo‘yicha targ‘il tanada
ikki xil
ganglioz hujayralarni uchratish mumkin. Ko‘pchilikni mayda yirik o‘zaklik Goldji
hujayralari tashkil etadi, ularga efferent tolalar kiradi. Ularning aksonlari esa yirik
hujayralar tomon yo‘naladi. Bu yirik hujayralar uzun aksonlik I va II tipdagi Goldji
hujayralariga kiradi.
Targ‘il tanada uchrovchi kam miqdordagi miyelinli tolalar qisman bosh
miya po‘stlog‘i hujayralariga tegishli bo‘lib striatumga kollateral tolalar berib,
chuqurroqda joylashgan boshqa po‘stloq osti markazlari tomon yo‘naladi.
Ularning
ma’lum bir qismi targ‘il tanadan boshlanib, rangpar shar va boshqa markazlar bilan
o‘zaro bog‘lash vazifasini bajaradi.
Ko‘p miqdordagi zich joylashgan miyelin pardasi bo‘lmagan tolalar balki
simpatik nerv tizimiga taalluqli bo‘lsa kerak degan fikrlar bor.
89
2. Rangpar shar-pallidum, striar tizimdan o‘zida ko‘p miqdorda miyelin
pardali tolalar borligi va unda hujayralarning nisbatan kamligi bilan farq qiladi.
Pallidumning hujayralari yirik, ular akson va dendritlarga ega.
Hujayra
tanasi va uning dendritlari juda qalin, ilmoqsimon simpatik tolalar bilan qoplangan.
Ilmoqsimon tolalarning oxiri–qalinlashgan qismini tashkil etib juda ko‘p
miqdordagi impulslarni rangpar sharning hujayralariga yetkazib berish natijasida
ular nihoyatda ko‘p miqdorli impulslarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Pallidumning hujayralari yirik, uchburchak, duksimon shakliga ega bo‘lib,
dendritlarga va tigroid moddaga juda boy.
Po‘stloq osti o‘zaklarining kimyoviy tizimi. Pallidum bilan striatumning
orasida juda katta farq bor.
Pallidar tizimda yetarli miqdorda ohak yoki soxta ohak borligi (Spatz, 1922),
striatumda esa uning yo‘qligi aniqlangan. Undan tashqari pallidumda lipoidlar
parchalanishiga xos bo‘lgan spirtda erimaydigan moy va moysimon moddalar bor.
Pallidum va unga yaqin turuvchi qora moddada ko‘p miqdorda «miya tomiri» va
oqsil almashuviga xos mahsus pigment borligi aniqlangan.
Qora modda hujayralarida biogen amin dopamin
sintez qilinadi va u
nigrostriar yo‘llar orqali dumli o‘zakka boradi. Tormozlanishni kamaytirish
mediatori vazifasini bajaradi. Qora moddaning zararlanishi dopamin sintezini
kamayishi, uni striar tizimga kam miqdorda borishi natijasida parkinsonlik
sindromi kelib chiqishga sabab bo‘ladi.
Ekstrapiramida tizimini normal faoliyatida asetilxolin va gistamin hamda
dopamin va serotonin muvozanati ta’minlanishi kerak. Muvozanatning buzilishi
natijasida asetilxolin miqdorining oshib ketishi akinetik–rigidlik, dopamin miqdori
oshishi giperkinetik sindromni keltirib chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: