Tergov harakati ishtirokchilari.
Tergov harakatlari o‗tkazishda fuqarolar va
mansabdor shaxslar: curishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud, gumon qilinuvchi,
ayblanuvchi, himoyachi, jabrlanuvchi, vakillar, qonuniy vakillar, guvohlar,
ekspert, mutaxassis, xolislar va boshqalar ishtirok etadilar. Ushbu
ishtirokchilarning barchasi ko‗pqirrali, murakkab faoliyatni amalga oshiradilar.
Tergov harakatlari o‗tkazish chog‗ida protsessual faoliyatda har bir ishtirokchining
«ulushi» uning protsessual maqomi bilan o‗lchanadi. Tergov harakatlarini
o‗tkazish chog‗ida ishtirokchilarning huquqiy maqomi: a) ishtirokchining
isbotlashdagi o‗rni; b) tergovchi tomonidan daliliy ma‘lumotlarni olish protsessida
amalga oshiradigan funksiyasi; v) tergov harakatiga jalb qilinishining majburiy
yoki majburiy emasligi bilan belgilanadi.
Ish uchun ahamiyatli barcha holatlarni aniqlash majburiyatiga ega bo‗lgan isbot
qilish sub‘etlari tergovchi, tergov qilishda qonuniy asoslarga ko‗ra ishtirok
etadigan boshqa shaxslar, ya‘ni surishtiruvchi, surishtiruv organining boshlig‗i,
tergov bo‗limining boshlig‗i, prokurorlar hisoblanadi. Hokimiyat faoliyatini
amalga oshira turib ushbu shaxslar tergov harakatining borishiga rahbarlik qiladilar
va huquqni qo‗llash faoliyatini amalga oshiradilar. Tergovchi yoki uning vazifasini
amalga oshiruvchi shaxs tergov harakatini o‗tkazish to‗g‗risida qaror qabul qiladi,
boshqa ishtirokchilar bilan huquqiy munosabatga kirishadi, ularning huquqlarini va
majburiyatlarga amal qilishlarini ta‘minlaydi, ishtirokchilarning xatti-harakatlarini
tegishli maqsadga yo‗naltiradi, tergov harakatlari o‗z vaqtida, qonuniy va samarali
o‗tkazishning butun mas‘uliyatini o‗z bo‗yniga oladi.
Tergov harakatlarining qolgan barcha ishtirokchilari huquqiy maqomiga ko‗ra :
1) jinoyat protsessida shaxsiy va vakillik manfaatlariga ega bo‗lgan va isbotlash
sub‘ekti sifatida ishtirok etadigan shaxslar;
2) isbotlash sub‘ekti bo‗la olmaydigan shaxslar guruhlariga bo‗lish mumkin.
Bunday tasniflash tergov harakatlarida gumon qilinuvchining, ayblanuvchining,
jabrlanuvchi va ularning qonuniy vakillarining, himoyachining, jabrlanuvchi
vakilining (agar ishtirok etayotgan bo‗lsa, fuqaroviy da‘vogar va fuqaroviy
javobgarning) muhim holatni egallaganligini qayd etadi. Mazkur shaxslar tergov
harakatlariga jalb qilinganligidan yoki tergov harakatida ishtiroki boshqacha
mazmun kasb etishidan qat‘i nazar tergovchi o‗zining qarshisida keng huquqlarga
ega bo‗lgan isbot qilishning sub‘ekti turganligini yoddan chiqarmasligi kerak. Har
qanday tergov harakati o‗tkazilganda ushbu shaxslarning huquqiy holati, so‗roq
qilish, ko‗zdan kechirish va boshqa tergov harakatlari to‗g‗risidagi normalar
doirasidagi tartib bilan belgilanadi. Agarda ayblanuvchi, gumon qilinuvchi va
jabrlanuvchilar so‗roq qilinganda tergovchi ko‗rsatuv berish mazkur shaxslarning
huquqlari, jabrlanuvchi uchun esa majburiyat ekanligini nazarda tutishi kerak.
Bundan shu narsa kelib chiqadiki, tergovchi huquqlarni amalga oshishini
ta‘minlashi shart. Sanab o‗tilgan shaxslar esa o‗zlari zarur hisoblaganlarini ma‘lum
qilishlari – ko‗rsatuv berib, tergovchi ularni so‗roq qilishni talab qilishlari mumkin.
Har qanday tergov harakatida ayblanuvchi, gumon qilinuvchi va jabrlanuvchi,
uning vakili (agar ishtirok etayotgan bo‗lsa) isbot qilish sub‘ekti sifatida
maqomidan kelib chiqadigan huquqlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega
bo‗lishlari kerak. Bu fikr ashyoviy dalillarni, turar joy va binolarni ko‗zdan
kechirish to‗g‗risidagi normalarda aniq shaklda bayon qilingan: ayblanuvchi,
sudlanuvchi, himoyachi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da‘vogar, fuqaroviy
javobgar va ularning vakillari surishtiruvchining, tergovchining va sudning
e‘tiborini, ularning fikricha ish holatini aniqlashga yordam berishi mumkin bo‗lgan
barcha holatlarga qaratish huquqiga egadirlar. Tabiiyki, bunda ular narsa va
hujjatlarni olish va ishga qo‗shish, ahamiyatli holatlarni bayonnomada qayd qilish
to‗g‗risida iltimoslar qilishlari mumkin. Isbot qilish sub‘ektlarining huquqlari ular
tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi bois yuqorida sanab o‗tilgan shaxslar
dastlabki tergovda juda faol faoliyatni amalga oshiradilar. Ularning barchasi,
jumladan, dastlabki tergovda ishtirok etayotgan himoyachi va jabrlanuvchining
vakili tergovning istalgan vaqtida narsa va hujjatlarni taqdim qilishlari mumkin.
Ayblanuvchi (gumon qilinuvchi) va jabrlanuvchidan farqli ravishda himoyachi
isbot qilishda o‗z manfaatlarini emas, balki gumon qilinuvchining va
ayblanuvchining manfaatlarini himoya qiladi. Uning faoliyat maqsadi-
ayblanuvchini oqlaydigan va uning aybini engillashtiradigan, gumon qilinuvchi
tomonidan jinoyat sodir qilinganlik to‗g‗risidagi taxminlarni inkor qiladigan
holatlarni aniqlash bo‗lib, tergov harakatida ishtirok etish shaklini ham belgilaydi.
Qonunda ayblanuvchi va gumon qilinuvchi ishtirok etadigan tergov harakatlarida
himoyachining ishtirok etishga haqli ekanligi belgilangan. Ushbu shaxslarni so‗roq
qilishdan oldin himoyachi o‗zining ular bilan yakka holda uchrashish huquqidan
foydalanib, himoya qilish taktikasini muhokama qilib oladi. Ayblanuvchi va
gumon qilinuvchi shaxslarni suroq qilinishiga qatnashib, himoyachi tergovchi
ruxsati bilan savollar bilan murojaat qiladi, bayonnomaga kerakli qo‗shimcha va
o‗zgartirishlarni kiritishini so‗raydi, bayonnomada aks ettirilgan ma‘lumotlarning
to‗laligi va to‗g‗riligini tasdiqlaydi. Bizning fikrimizcha, tergovchi himoyachining
iltimosnomasiga ko‗ra himoya ostidagi shaxs qatnashmagan boshqa tergov
harakatlarni amalga oshirishda ham himoyachi ishtirok etishiga yo‗l qo‗yishi
kerak: jabrlanuvchining guvohni, ekspertni so‗roq qilishda. Bunday fikrning kelib
chiqishi himoyachining tergov tugaganidan so‗ng qo‗shimcha tergov harakatlarini
o‗tkazish va ularda ishtirok etish hamda ular tasdiqlangan hollarda tergov
harakatlarini o‗tkazishda faol ishtirok etib, guvoh, jabrlanuvchi, ekspert va
mutaxassisga savol berish huquqiga asoslangan.
Ko‗zdan kechirish, guvohlantirish, yuzlashtirish, tanib olish uchun ko‗rsatish,
ko‗rsatuvlarni hodisa sodir bo‗lgan joyda tekshirish kabi tergov harakatlarida
ishtirok etgan himoyachi uning nuqtai nazariga ahamiyatli bo‗lgan xolatlarga
tergovchining e‘tiborini qaratadi, ularni to‗liq bayonnomada aks ettirilishini
nazorat qiladi, mutaxassisga savollar beradi, hujjatlar va ashyoviy dalillarni ishga
biriktirib qo‗yilishini iltimos qiladi. Boshqacha qilib aytganda, himoyachi ayrimlar
aytganidek, tergovchi, xolis va mutaxassislarning xatti-harakatlarini kuzatishi bilan
cheklanmasdan, o‗rganish va tanishib chiqishni faol amalga oshirishi mumkin.
Ekspertiza tayinlanganda himoyachi o‗z himoyasi ostidagi shaxsning barcha
huquqlaridan foydalanishi mumkin. Xususan, u ayblanuvchi nomidan, ekspertga
rad bildirish, ekspertga qo‗shimcha savollar berish, tergovchining ruxsati bilan
ekspertiza o‗tkazilishida ishtirok etish, xulosa bilan tanishib chiqish, xulosa
yuzasidan o‗zining e‘tirozlarini bildirish kabi huquqlariga ega. Agar himoyachi o‗z
himoyasi ostidagi shaxs bilan birgalikda ishda ishtirok etadigan bo‗lsa, u himoyasi
ostidagi shaxsning protsessual huquqlari amalga oshirilishi ustidan ham kuzatib
turishi kerak; kerakli iltimosnomalar orqali himoyachi, yuzaga chiqqan xatolarni
bartaraf etilishiga qaratilgan barcha choralarni amalga oshirishi lozim.
Guvoh, jabrlanuvchi va ekspertlarning so‗roq qilinishida himoyachi ishtirok etib,
ayblanuvchi yoki gumon qilinuvchi shaxslarning aybini rad etuvchi yoki
javobgarligini engillashtiruvchi ma‘lumotlarni savollar berish orqali aniqlashga
harakat qiladi.
Dalillarni to‗plash – bu nafaqat biror bir aniq ma‘lumotlarni aniqlash, balki ularni
to‗g‗ri protsessual tartibda rasmiylashtirish, xususan, hujjat va narsalarni ish
materiallariga biriktirilishini unutmasligimiz lozim. Bunday qaror qabul qilish
faqat isbot qilish sub‘ektlari – ya‘ni surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudga
tegishli.
Tergov harakatlarida jabrlanuvchi va uning vakilining ishtiroki to‗g‗risidagi
masala diqqatga sazavordir. O‗zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida
belgilangan fuqarolarning qonun va sud oldida, shuningdek taraflarning tengligi
jinoyat protsessida xususan, dalillar to‗plashda jabrlanuvchi rolini qaytadan
belgilashni taqozo etadi. SHu bilan bog‗liq ravishda ko‗plab tadqiqotchilarning
e‘tiborlari bir – biriga qarshi funksiyalarni amalga oshiruvchi ishtirokchilar tashkil
topadigan taraflar (bir tarafda ayblanuvchi va uning himoyachisi, ikkinchi tarafda
jabrlanuvchi va uning vakili) o‗rtasidagi notenglik va uni bartaraf qilishga
qaratilmoqda.
Jabrlanuvchi va uning vakili sudda mustaqil taraf sifatida ishtirok etsalar-da,
dastlabki tergovda ularning notengligi saqlanib qolgan.
Xuddi shuningdek, O‗zbekiston Respublikasining amaldagi Jinoyat–protsessual
kodeksi jabrlanuvchining tergov harakatida ishtirok etish huquqini bermaydi.
Qonun tergovchining jabrlanuvchini ko‗zdan kechirish va tergov eksprimentida
ishtirok etishga jalb qilish huquqini nazarda tutadi. Lekin mantiqan uning
ishtirokisiz o‗tkazilishi mumkin bo‗lmagan boshqa tergov harakatlarida ham
ishtirok etadi. Masalan, so‗roqda so‗roq qilinuvchi sifatida, tanib olish uchun
ko‗rsatishda tanib oluvchi, ba‘zida tanib olinuvchi sifatida, yuzlashtirishda esa
yuzlashtirilayotgan shaxslarning biri sifatida, ko‗rsatuvlarni hodisa sodir bo‗lgan
joyda tekshirish tergov harakatlarida ishtirok etishi mumkin. Uning tintuv va olib
qo‗yish tergov harakatlariga jalb qilinishi ham istisno holat emas. Xuddi shu
holatlarda jabrlanuvchi vakilining ishtirok etishi vakillikni bergan shaxsning
qonuniy manfaatlarini himoya qilishning kafolati bo‗lar edi. Jabrlanuvchi va uning
vakiliga ular uchun muhim hisoblangan tergov harakatlariga ishtirok etishga ruxsat
berish to‗g‗risida iltimos qilish huquqi berilganda maqsadga muvofiq bo‗lar edi.
Bizningcha, jabrlanuvchini va vakilini o‗z tashabbusi yoki ularning iltimosiga
ko‗ra nafaqat ko‗zdan kechirish va tergov eksprimentiga, balki boshqa tergov
harakatlariga ham jalb qilgan tergovchilarning ishlari to‗g‗ridir. Ekspertiza
tayinlash va o‗tkazishda ayblanuvchining va jabrlanuvchining huquqlaridagi
tengsizlik yuridik adabiyotlarda qattiq tanqidga olinadi. Agar ayblanuvchi ekspert
tanlashga, ekspert oldiga qo‗yilgan savollar mazmuniga; ta‘sir ko‗rsatish,
ekspertiza o‗tkazilayotganda ishtirok etish, ekspert xulosasi bilan tanishish
huquqlariga ega ekan, jabrlanuvchi, ekspertning xulosasiga befarq bo‗lmasa-da
yoki ekspert xulosasi uning manfaatlarga ham ta‘sir etsa-da yuqoridagi huquqlarga
ega emas. Ayblanuvchi va jabrlanuvchi huquqlaridagi muvozanatsizlikni yo‗qotish
to‗g‗risida yuqorida bayon qilinganlar jabrlanuvchiga ekspertiza tayinlashni talab
qilish huquqining berilishi kerakligiga urg‗u beradi.
Tergov harakatining qolgan ishtirokchilari – guvohlar, eks-pertlar, tarjimonlar,
xolislar va boshqa bir qancha ishtirokchilar zimmalariga yuklatilgan
majburiyatlarni bajarish uchun jalb qilinadilar. SHu majburiyatlarga yarasha
huquqlarga ega bo‗lsalar-da, ular shaxsiy manfaatlarga ega bo‗lmaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |